Saransk
Saransk - Rossiya Federatsiyasidagi shahar (1651-yildan), Mordva Respublikasi poytaxti (1990-yildan). Insar daryosi (Volga havzasi)ning chap sohilida. Temir yoʻl stansiyasi. Avtomobil yoʻllari tuguni. Aholisi 317,7 ming kishi (1998). S. 1641-yilda Rus davlatining jan.sharqqa kengayib borishida chegaradagi qalʼa sifatida vujudga kelgan. 1651-yildan uyezd shahri. 1670-yil S.T.Razin qoʻshinlarining tayanch punkti boʻlgan. 1774-yil shaharga Ye. I. Puganeye kirib kelgan. 1801-yildan Penza gubernyasining uyezd markazi. 1893-yil S. orqali temir yoʻl oʻtgan. S.da 1917-yil 5(18) dekabrda shoʻrolar hokimiyati oʻrnatilgan. 1928-yildan S. Mordva milliy okrugi, 1930-yildan Mordva muxtor viloyati markazi, 1934—90 yillarda Mordva Muxtor Respublikasi, 1990-yildan Mordva Respublikasi markazi. Mashinasozlik, metallsozlik (shu jumladan, elektrotexnika sanoati, priborsozlik, ekskavator, avtosamosval, televizor va boshqa ishlab chikarish), kimyofarmatsevtika va kimyo, yengil, oziq-ovqat, qurilish materiallari sanoatlari bor. 2 oliy oʻquv yurti (shu jumladan, Mordva universiteti), ilmiy tadqiqot institutlari, 3 teatr, suratlar galereyasi, oʻlkashunoslik, haykaltarosh S.D. Erzya muzeylari, telemarkaz mavjud. Meʼmoriy yodgorliklardan Ioann Bogoslov cherkovi (17-asr oxiri), gʻishtin palatalar (17-asr) saqlanib qolgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |