Kontent qismiga oʻtish

Samosud

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Samosud, oʻzicha sudlash — huquqbuzarlik sodir etgan yoki huquqbuzarlik sodir etishda gumon qilingan shaxs haqida tegishli davlat organiga xabar qilmasdan, uni o‘zboshimchalik bilan qonunga xilof ravishda jazolash.

“O‘zicha sudlash” nima va nimasi bilan xavfli?

“O‘zicha sudlash” – bu huquqbuzarlik sodir etgan yoki huquqbuzarlik sodir etishda gumon qilingan shaxs haqida tegishli davlat organiga xabar qilmasdan, uni o‘zboshimchalik bilan qonunga xilof ravishda jazolashdir.

“O‘zicha sudlash” degan illatning yaqqol misoli sifatida, yaqinda, Toshkentning Qo‘yliq bozorida birovning avtomobilini ochayotgan shaxslarni, Samarqand viloyatida fermer xo‘jaligi mol-mulkini o‘g‘irlashda gumon qilingan shaxslarni, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filialida bemorning o‘limida gumon qilingan shifokorlarning o‘zboshimchalik bilan jazolanganini ko‘rsatish mumkin.

O‘zicha sudlash jamiyat uchun katta xavf tug‘diradigan holat. Nimasi bilan deysizmi? Asosiy xavflarni sanab o‘tamiz, demak:

- birinchidan, “o‘zicha sudlash” oqibatida jazolangan shaxs aslida aybsiz bo‘lishi yoki aybdor-u, lekin jazo adolatli bo‘lmasligi, ya'ni arzimagan qilmish uchun juda jiddiy jazo berib yuborilishi mumkin. Chunki, o‘zicha sudlash ko‘pincha to‘satdan aniqlangan holatlar bo‘yicha va holat sodir bo‘lgan joyning o‘zida, ko‘pchilikning his-hayajonini jilovlash imkoni mavjud bo‘lmagan sharoitlarda sodir etiladi. “O‘zicha sudlash” paytida jazolayotgan shaxslar jazo adolatli bo‘lishi kerakligini o‘ylab o‘tirmaydi, odatda kuchi yetganicha jazolab yuboraveradi;

- ikinchidan, “o‘zicha sudlash”ni amalga oshirayotganlarning o‘zlarini sog‘ligi va hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Agar ushlangan shaxs rostdan ham jinoyati bo‘lsa va o‘zi bilan pichoq yoki biror sovuq qurol olgan bo‘lsa, jazolamoqchi bo‘lganlarning sog‘ligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin;

- uchinchidan, o‘zicha sudlash bu shunchaki tartibsizlik va madaniyatsizlik bo‘lib, o‘zini hurmat qilgan har qanday davlatda Hukumat bunday holatlarga qarshi keskin kurashadi. Chunki, har qanday tartibsizlik mamlakatni rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, obro‘siga salbiy ta'sir ko‘rsatadi va vaqtida to‘xtatilmasa xaos, ya'ni boshboshdoqlikka olib kelishi hech gap emas.