Samad Vurgʻun
Samad Vurgʻun | |
---|---|
Tavalludi | 21-mart 1906 |
Vafoti | 27-may 1956 |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi, Ozarbayjon Demokratik Respublikasi va SSSR |
Samad Vurgʻun (taxallusi; asl ism-sharifi Samad Yusuf oʻgʻli Vekilov; 21-mart 1906-yil, Yuhari Salaxli qishlogʻi — 27-may 1956-yil Boku) — ozarbayjon shoiri, dramaturg va jamoat arbobi. Ozarbayjon xalq shoiri (1955), Ozarbayjonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1943). Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi akademik (1945). Ijodi 1924-yildan boshlangan. Samad Vurgʻun ijodining dastlabki davrida ozarbayjon sheʼriyatiga kirib kelayotgan formalizm koʻrinishlariga qarshi kurashgan. „Shoirning qasami“ (1930), „Fonar“ (1932) sheʼriy toʻplamlari, „26“ (1935), „Basti“ (1937), „Toliston“ (1938) va „Mugʻan“ (1940) dostonlarida 30-yillardagi mehnat va kurash romantikasi oʻz ifodasini topgan. Samad Vurgʻunning shu davrdagi ijodida „Voqif“ sheʼriy dramasi (1937) alohida ahamiyatga ega boʻlib, unda 18-asrda yashagan ozarbayjon shoiri Voqifning mashaqqatli hayoti va ijodiy faoliyati katta mahorat bilan tasvirlangan. „Farhod va Shirin“ dramasi (1941) Nizomiyning „Xusrav va Shirin“ dostoni asosida yozilgan. U „Xanlar“ (1939) sheʼriy dramasi, „Ona soʻzi“ (1941), „Oygun“ (1951), „Negr soʻzlaydi“ (1948) dostonlari hamda „Yondirilgan kitoblar“ (1947) sheʼriy turkumi muallifi. Insonparvarlik, vatanparvarlik va baynalmilallik Samad Vurgʻun ijodining gʻoyaviy asoslarini tashkil etadi. Samad Vurgʻun ozarbayjon sheʼriyatida zamonaviy til va uslubning shakllanishiga katta hissa qoʻshgan. Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Sh. Rustavelli, Aleksandr Pushkin, Taras Shevchenko, Maksim Gorkiy asarlarini ozarbayjon tiliga tarjima qilgan. Uning bir qancha sheʼr va dostonlari oʻzbek tilida nashr etilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Tanlangan asarlar, T., 1958.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |