Sabat manzilgohi
Manzilgoh | Sirdaryo |
---|---|
Mintaqa | Oʻzbekiston |
Turi | Aholi manzilgohi |
Hudud | 45-50 gektar |
Tarix | |
Material | Paxsa |
Tashkil etilgan | Oʻrta asrlar |
Sabat manzilgohi – Sirdaryo viloyatidagi rivojlangan oʻrta asrlar davriga oid manzilgoh. Arab manbalarida tilga olinishicha, Sabat hududi bogʻ-rogʻlardan iborat boʻlgan va shahar hududidan katta ariq oqib oʻtgan. Oʻrta asrlarga oid bu shahar manzilgohida Chagʻoniyon, Zemma, Amuldagi kabi yopiq bozorlari boʻlgan. Bozor passaj tipidagi tomlar bilan yopilgan. Oʻrta asrlar davrini oʻrgangan tarixchi olim O. G. Bolshakov bergan maʼlumotlarga koʻra, Sabat bozorlarining tomi taxtalar va yogʻochlar yordamida berkitilgan[1].
Sabat yirik yoʻllar kesishgan joyda joylashgan. Bu yoʻllardan biri oʻsha davrning yirik shaharlaridan biri Bunjikatga olib borgan. Sabat Soʻgʻddan Xoʻjandga, Fargʻonaga va undan keyin Xitoyga olib boruvchi yirik savdo yoʻlining Zominga eng yaqin nuqtasi boʻlgan. Bundan tashqari, Sabatdan Xovos orqali Shoshga yoʻl bor edi. Bu yoʻldan Fargʻonadan Shoshga boradigan karvonlar ham foydalangan[2]. Akademik olim A.Muhammadjonov Sabat soʻzining maʼnosini „Uch karvon-saroy“ deb izohlaydi. Sabat shahriston, hukmdor saroyi ark va hunarmandlar mahallalaridan iborat boʻlgan.
Shahriston Sabatning janub tomonida joylashgan, maydoni 10 gektarga yaqin boʻlgan. Ark saroyining janubiy-gʻarbida hunarmandlar mahallalari bor. Bu yerda olib borilgan qazishma ishlari natijasida kulolchilik buyumlari va sopol idishlarni pishirish uchun kulolchilik xumdonlari topilgan.
Somoniylar davriga kelib, Sabat shahri oʻzining hozirgi oʻrnidan biroz shimoliy-gʻarbga siljigan. Bu yerda qad rostlagan yangi arkning maydoni 0.25 gektar, balandligi esa 7 metrga teng edi. Qazishma ishlari natijasida bu yerdan hashamatli bino topilgan. Sabatning boshqa shaharlardan ajralib turadigan xususiyati shundaki, unda tashqi mudofaa inshootlari mavjud emas[1].
Shahar oʻzining eng gullab yashnagan davrda 45-50 gektar maydonni egallagan. Ushbu yodgorlikdan yuqori sifatli naqshin va usti qizil idishlar majmuasi topilgan[1].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 To'ychiboyev B. O’lkа mоddiy mаdаniyati tаriхi. Guliston 2022 — 22-bet.
- ↑ „Сўғддан Шошга борадиган савдо–карвон йўлидаги шаҳарлар ва карвонсаройлар“. Qaraldi: 2023-yil 6-sentyabr.