Kontent qismiga oʻtish

Rigveda

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Rigveda (sanskr.- madhiyalar vedasi) – Rigvedaning qadimiy hindlar madaniyatida, shuningdek, umumhind – yevropa madaniyatidagi oʻrnini tushunish uchun kitobning asli paydo boʻlish tarixiga nazar solish lozim. Oriy qabilalarining koʻchib kelishlari koʻp asrlarga choʻzilgan va juda keng miqyosni qamrab olgan uzoq jarayon boʻlgan. Rigvedada bu qabilalarning Hindistonga koʻchib kelishlaridan oldingi harakatlari haqida aniq esdaliklar uchramaydi. Ammo oriylar bu yerda birinchi paydo boʻlganlarida ularda faqatgina jang aravalari emas, balki xudolarga aytilgan, ularning jangovar ruhini qoʻllab-quvvatlagan, ularning dushman ustidan gʻalaba qilishlari, shon-shuhrat, boylik, erkak avlod qoldirish, taraqqiy etish uchun boʻlgan intilishlarini aks ettirgan madhiyalar ham bor edi. Bu madhiyalar ruhoniy oilalarida ogizdan-ogʻizga, avloddan avlodga uzatildi. Rigvedada zardushtiylikning muqaddas kitobi Avesto bilan juda hamoxang afsona va marosimlar bor. Baʼzi noaniq afsonaviy shaxslar bu ikki manbani bir-biri bilan qiyoslash yordamida ayon boʻladi. Rigveda yagona asar, toʻplam sifatida Hindiston hududida, asosan, Panjobda, Hind daryosi havzasida mujassam boʻldi. Hindiston tarixi boʻyicha qadimiy sana hisoblanmish mil. av. VI asr buddizmning paydo boʻlishi bilan bogʻliq. Vedalar esa undan ancha avval qayd etilgan. Shunday qilib, Rigveda Shimoliy Hindistonda mil.av. ikkinchi – birinchi mingyilliklarda yuz bergan voqealar haqida maʼlumot beruvchi yagona manba boʻlib qolmoqda. Bu yodgorlik juda noyob boʻlganligi sababli u faqat oʻzini-oʻzi sharxlaydi. Veda-"muqaddas bilim", R. – „madhiyalar vedasi“ maʼnolarini beradi. Veda oʻsha davrda yashagan insonning oʻzi va uni oʻrab turgan olam: xudolar, jin-shaytonlar, fazo, marosimlar, ijtimoiy tuzum, milliy qadriyatlar va boshqalar haqidagi bilimining barchasini oʻz ichiga oladi. Rigveda xudolarga aytilgan madhiyalarning toʻplami, yaʼni diniy yodgorlik boʻlib, uning mualliflari, rishi kuylovchilarning asosiy vazifalari xudolarni oriylar tomoniga ogʻdirish boʻlgan. Ular madhiyalarni kuylab xudolarni maqtaganlar, ularning qahramonlik va sharaflarini ulugʻlaganlar, ularni qurbonlik keltirish marosimlariga taklif etganlar va shundan soʻng ularni oriylarni qoʻllab-quvvatlash hamda hayot farogʻatlarini ato etishlarini soʻraganlar. Xudolarga taʼsir etishning eng asosiy yoʻli – ularga madhiya aytish boʻlgan. Rigveda qadimgi yunon dostonlari „Iliada“ va „Odisseya“ning birgalikdagi umumiy hajmiga teng keladi[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 330.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.