Kontent qismiga oʻtish

Regbi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Regbi

Regbi (Angliyaning Regbi shaharchasi nomidan) — sport oʻyini. Ikki jamoa (har biri 15 kishidan) uzunligi 27—29 sm boʻlgan tuxumsimon shakldagi toʻp bilan Nsimon darvozali maxsus maydonchada (kattaligi 95—100x65—68 m) oʻynaydi. Oʻyin (40 daqiqadan 2 taym davom etadi)dan maqsad — toʻpni bir-biriga qoʻlda (orqaga) yoki oyoqda (xohlagan yoʻnalishda) oshirib, uni raqib maydonidagi darvoza chizigʻi orqasiga tushirish yoki darvozaga kiritishdan iborat. Raqibni ushlab yoki yelka bilan turtib yiqitib, unga xalaqit berish mumkin. Oʻyin qoidasi buzilganda „olishuv“ — toʻp talashish belgilanadi. Koʻp ochko toʻplagan jamoa (toʻpni yerga tegizish — 4 ochko, toʻpni darvozaga kiritish — 3 yoki 2 ochko) yutgan hisoblanadi. Bu oʻyin Qad. Xitoy va Qadimgi Rimda tarqalgan. Zamonaviy regbi oʻyini 1823-yilda Angliyada paydo boʻldi. 1888-yilda regbi boʻyicha xalqaro musobaqa oʻtkazildi. 1900, 1908, 1920, 1924-yilda regbi Olimpiada oʻyinlari dasturiga kiritildi. Regbi Xalqaro havaskorlar federatsiyasi FLRA (1934-yil tuzilgan) ga 40 dan ortiq mamlakat aʼzo. 1960-yildan FLRA Kubogi (norasmiy jahon chempionati) oʻtkaziladi.

Regbi sporti Oʻzbekistonda 1969-yil „Lokomotiv“ jamiyati huzurida vujudga keldi. 1970—1971-yillarda Toshkent politexnika institutida regbichilar jamoasi tashkil qilindi. 1982—1991-yillarda regbi boʻyicha Jonibekov kubogi musobaqalari oʻtkazildi. Oʻzbekiston terma jamoasi xalqaro musobaqalar (1988, Buyuk Britaniya, 1989, Janubiy Koreya) da ishtirok etdi. Oʻzbekiston regbi federatsiyasi (2001-yil qayta tuzilgan) Osiyo federatsiyasi — ARFUning aʼzosi. Mamlakatimizda regbi boʻyicha 50 ga yaqin sport ustasi, 200 ga yaqin sport ustaligiga nomzod bor[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil