Kontent qismiga oʻtish

Ramazon (qoʻshiq)

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ramazon – Ramazon munosabati bilan aytiladigan marosim qoʻshigʻi. Ramazon oyida kun botgandan soʻng bolalar koʻchama-koʻcha yurib, har bir xonadon eshigi oldida ramazon qoʻshigʻini aytishadi. Ramazon qoʻshiqlari xonadonga yaxshilik, rizq, farzand, baraka tilash, ramazonning muqaddas oyligini madh etishdan iborat. Ramazon aytish tugagach, xonadon egalari ramazon aytuvchilarga non, shirinlik, pul, kiyimlik va boshqa inʼomlar chiqarib berishadi[1].

Ramazon qoʻshiqlari oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining qadimiy shakllaridan biri boʻlib, ushbu qoʻshiqlarning yozib olinishi va tadqiq qilinishi XIX asr oxiri va XX asr boshlariga borib taqaladi. Avvalgi davrlarda roʻzaning har bir kunida turli mahallalarda ramazon qoʻshigʻi aytilgan. Uni 8-10 yoshli bolalar emas, balki uylanish yoshiga yetgan yigitlar ijro etgan. Ular alohida tayyorgarlik koʻrib, maxsus yoʻl-yoʻriqlarga amal qilgan va qoʻshiqni koʻchaning oʻrtasida aytishgan. Eshik tagida turib aytish odati esa keyinchalik shakllangan. Baʼzan bu holat mahallada katta bayram kayfiyatini hosil qilgan[2].

Ushbu qoʻshiqlar ramazon oyining uchinchi kunidan boshlab ijro etiladi. Ushbu urf-odat Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida keng tarqalgan boʻlib, xalq orasida turli nomlar bilan yuritiladi. Baʼzi joylarda u „rabiman“, „rayvon“, „ravan“, „rabibon“ kabi nomlar bilan ham ataladi. Ushbu qoʻshiqlarni aytuvchilar esa „ramazonchilar“ yoki „rayvanchilar“ deb nomlangan[3].

1898-yilda Nikolay Ostroumov tomonidan nashr etilgan risolada Toshkent va Turkiston shaharlarida bolalarning ramazon oyi sharafiga aytgan qoʻshiqlari qayd etilgan. 1910-yilda „Turkiston viloyatining gazeti“da jizzaxlik Mirzo Rajab Abdujabbor oʻgʻli tomonidan yozib olingan „Yo ramazon“ qoʻshigʻi chop etilgan. Xuddi shu yili N.Budzinskiyning „Srednyaya Aziya“ jurnalida toshkentlik bolalardan yozib olingan „Yo ramazon“ qoʻshigʻi eʼlon qilingan. 1974-yilda Muzayyana Alaviyaning „Oʻzbek xalq marosim qoʻshiqlari“ monografiyasida ham ramazon qoʻshiqlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Folklorshunoslar Hoshimjon Razzoqov, Toʻra Mirzayev, O.Sabirov va K.Imomovlarning „Oʻzbek xalq ogʻzaki poetik ijodi“ darsligining „Mavsum-marosim va urf-odat qoʻshiqlari“ faslida „Yo ramazon“ qoʻshiqlari keltirilgan. Shuningdek, 1992-yilda Habibulla Gʻafurning „Xalq oʻyinlari, qoʻshiqlar va anʼanalariga bir nazar“ asarida ham surxondaryolik bolalardan yozib olingan „Rabiman“ qoʻshiqlari qayd etilgan[4].

  1. „Ramazon (qoʻshiq)“ OʻzME. R-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Shohsanam Komilova. „«Ramazon aytib keldik eshigingizga…»“. Hurriyat gazetasi (2016). Qaraldi: 2025-yil 4-mart.
  3. „“Yo Ramazon” qo‘shig‘ining kelib chiqishi qanday?“. Daryo.uz (2016-yil 28-iyun). Qaraldi: 2025-yil 4-mart.
  4. Fayzullo Yahyoyev. „“Ramazon aytib keldik eshigingizga...” – bolalarning sevimli “Yo ramazon” qo‘shiqlari haqida nimalarni bilamiz?“. UZA (2022-yil 11-aprel). Qaraldi: 2025-yil 4-mart.