Raffleziya arnoldi
Raffleziya arnoldi – [1]ikki urug’pallalilar sinfi, raffleziyadoshlar oilasi, raffleziya turkumiga mansub yagona o’simlik. Parazit o’simlik sifatida o’sadi. U Indoneziyaning uchta milliy gulidan biri hisoblanadi.
Ushbu o’simlikning tarqalish areali juda ham tor bo’lib, Sumatra va Kalimantan orollarining seryomg’ir o’rmonlarida o’sadi, ayrim manbalarga ko’ra Barneo orolida ham uchraydi. Raffleziya arnoldining tanasi asosan bitta yirik guldan tashkil topgan bo’lib, uning poyasi, ildizi va barglari mavjud emas. Gullarning diametri 60-100 sm gacha, vazni 8 kg gacha yetadi.
Ushbu endemik parazit o’simlik to’g’ri kelgan daraxtlarda ham parazitlik qilavermaydi. U asosan ko’p yomg’ir yog’adigan o’rmonlardagi tokdoshlar oilasiga mansub tetrastigma turkumiga mansub lianalarning tanasida parazitlik qiladi.
Gullari ikki jinsli, tojibarglari qizil-jigarrang tusda, yetarlicha og’ir va hasharotlarni jalb etish uchun o’ziga xos hid taratadi (chirayotgan go’sht hidi). Asosiy changlatuvchilari o’rmon pashshalari hisoblanadi. G’unchalari bir necha oy davomida rivojlanadi, gullash davri ham bir necha kundan iborat.
Mevalari zeravor meva ko’rinishida bo’lib, ichi mayda urug’larga mo’l, asosan fillar orqali, ayrim holatda esa chumolilar orqali tarqaladi. Fillar liana tanasida raffleziya mevasini ezib o’tib ketganda uning oyog’i ostiga meva ichidagi urug’lar chiqib sanchilib qoladi, fil qachonki tetrastigmalar poyasini ezib o’tib ketayotganda mana shu oyoqqa sanjilgan urug’lar xo’jayin poyasiga sanchilib o’zining parazitlik faoliyatini boshlaydi.
Ayni vaqtda o’rmonzorlarni o’zlashtirish natijasida raffleziya arnoldining areali borgan sari qisqarib bormoqda.
Qo’shimcha ma’lumot!
Bizning darsliklarimizda faqatgina raffleziya arnoldi haqida ma’lumot berilgani uchun uning boshqa oiladoshlari haqida bilmaymiz. Uning o’ziga o’xshagan parazitlik bilan hayot kechiruvchi 30 ga yaqin oiladoshlari bo’lib, ular ham janubi-sharqiy Osiyoda tarqalgan. Raffleziyadan ayrim belgilari bilan farqlanadi.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |
- ↑ „Eng katta gul“. Qaraldi: 2022-yil 22-iyul.