Radioizotop diagnostika
Radioizotop diagnostika - radioaktiv izotoplar va nishonlangan birikmalar yordamida kasallikni aniqlash. Radioizotop diagnostikaning asosiy usuli radioaktiv indikatsiya, yaʼni organizmga yuborilgan radioaktiv moddalarni kuzatib borishdir.
Koʻpgina kimyoviy elementlarning radioaktiv izotoplari oʻzidan ionlovchi nurlar chikarib turadi; izotop organizmga yuborilganidan keyin uning taratadigan nurlarini maxsus apparatlar yordamida juda aniqlik bilan qayd qilish mumkin. Zamonaviy radiologik apparatlar radioaktiv birikmalar juda kam miqdorda, yaʼni tekshirilayotgan kishining organizmi uchun amalda hech bir ziyonsiz indikator miqdorda olinganda ham ularni aniqlash va oʻrganishga imkon beradi. Vrach radioaktiv moddalarning bemor organizmida qanday taqsimlanishi, bir joydan ikkinchi joyga oʻtishi va organizmdan chiqib ketishiga qarab, tegishli elementlarning organizmdagi biokimyoviy va fiziologik jarayonlarda qay tariqa ishtirok etishi toʻgʻrisida fikr yuritadi.
Radioizotop diagnostikaning lab. radiometriyasi, klinik radiometriya, klinik radiografiya va skanirlash usullari koʻp qoʻllanadi. Lab. radiometriyasida kon, siydik va axlatning maʼlum qismini tekshirib, nishonlangan birikmaning boryoʻqligi aniqlanadi. Bu usul qon plazmasi hajmi va undagi qizil tanachalar sonini aniqlashda qoʻllanadi. Klinik radiometriya aʼzo va toʻqimalarda toʻplangan nishonlangan birikmalarni bemordagi nurlanishni tashqi tomondan oʻlchash yoʻli bilan aniqlashga asoslangan. Bu usul bilan qalqonsimon bez funksiyasi aniqlanadi. Klinik radiografiya usulida nishonlangan birikmaning turli aʼzolarga oʻtish tezligini aniqlash orqali aʼzolarning fiziologik faolligi tekshiriladi. Klinik radiografiyada maxsus radiodiagnostik apparatdan foydalaniladi, radiometrik oʻlchov natijalari lenta qogʻozga egri chiziqlar koʻrinishida yozilib boradi.
Skanirlash Radioizotop diagnostikaning keng tarqalgan usuli; aʼzo va toʻqimalar (jigar, buyrak, oʻpka, qalqonsimon bez, orqa miya va bosh miya, suyaklar, limfa sistemasi)ning maʼlum radioaktiv preparatlarni toʻplab borishiga va buning natijasini skanir deb ataladigan maxsus apparat yordamida qayd qilishiga asoslangan. Skanirda nurlar impulslarini qabul qilib oladigan datchik boʻladi. Bu datchik bemor tanasining tekshirilayotgan joyi ustidan avtomatik ravishda yurib borib, nur impuls larini oʻziga qabul qiladi va ularni elektr signallarga aylantirib beradigan moslamaga oʻtkazadi, shu moslamadan chiqadigan elektr signallari ularni qayd qilib boradigan qurilmaga tushadi. Elektr impulsi taʼsirida, xuddi yozuv mashinasidagidek, registrator qora lenta ustidan qogʻozga urib, unga shtrixlar, nuqtalar yoki raqamlar koʻrinishidagi belgilarni tushiradi. Datchik badanning tekshirilayotgan joyi ustidan oʻtib borayotganida radioaktiv izotopning aʼzoda qanchalik toʻplanganiga qarab belgilar har xil zichlikda tushadi. Organning radioaktiv preparatni koʻproq yutib olgan qismlaridan skanogrammaga belgilar ancha zich, kalin boʻlib tushadi. Preparat oʻtmagan yoki ozroq oʻtgan joylardan esa belgilar tushmaydi yoki ancha siyrak boʻladi.
Radioizotoplar bilan ichki organlarni skanirlash tekshirilayotgan organning organizmda kanday joy olgani, uning shakli va kattakichikligini, shuningdek, unda patologik oʻzgarishlar boryoʻqligini aniqlashga imkon beradi.
Bemorlarni radioizotoplar yordamida tekshirish usullarining asosiy afzalligi shuki, bunda bemor ogʻriq sezmaydi va unga hech qanday ziyon yetmaydi, lekin olingan natijalar ancha aniq boʻlib chiqadi. Diagnozlash maqsadida foydalaniladigan nishonlangan preparatlar kishi organizmiga mutlaqo zararsizdir. Shuning uchun tekshirish paytida bemor normal rejimda boʻladi.
Narimon Murodxoʻjayev[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |