Kontent qismiga oʻtish

Qutb shayx masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qutb shayx masjidi — Qarshi masjidi. Masjid Dodxoh guzarining shimolida boʻlgan. Vaqf hujjati saqlanib qolgan[1]. Amir Shohmurod davriga tegashli boʻlib, asl nusxasi saqlanib qolgan. Amir Shohmurod va qozi kalon muhri bilan tasdiqlangan. Nastaliqda yozilgan, tili forsiy. Hujjatda taʼkidlanishicha: "Hijriy 1214-yil muharram oyining soʻnggi oʻn kunligida Tangrining xos bandalaridan biri yuksak fikrlar sohibi Nazar Muhammadboyning farzandi arjumandi hazrat diyonat ogoh, Soʻfi Ashur Muhammad oʻzining soliqlardan ozod boʻlgan barcha xurri xolis mulk va yerlarini Nasaf shahrining qadim qal’asi ichida joylashgan Kutb shayx mavzesidagi masjid uchun shar’iy tarzda vaqf qiladi". Masjidning atrofida Ollohyor qorovulbegining toʻngich oʻgʻli Muhammad Bekmurodbiy dodxoh yerlari va masjidning janubida uning uyi va uylar boʻlgan. Voqif Zulfiqor Qoʻrgʻonchasi mavzeida bahosi Amir Doniyolbiy davrida zarb etilgan bir misqollik 20 ashrafi qizil tillo tangaga teng uch bulakdan iborat yerlari va Xoʻrda Qoʻrgʻonchasi mavzesida biru nimchorak tanob yerini vaqf qiladi. Ushbu vaqf mulklariga Xonkeldiboy oʻgʻli Qorjov soʻfi mutavalli etib tayinlanadi. U vafot etsa, qozi guzar ahli bilan maslaxatlashib, guzardan munosib kishini tayinlaydi. Vaqf hosili avvalo, masjid binosi ehtiyojiga sarflanadi. Ortgani oʻn qismga boʻlinadi. Mutavalli uning beshdan bir boʻlagini oladi. Qolgan 8 qismdan imomga 4 va muazzinga 2 hissa ulush beriladi. Muazzin farroshlik ham qiladi. Oxirgi 2 hissa masjid chirogʻi va toʻshaklariga ishlatiladi. Masjid inqilobdan keyin tekislanib ketgan[2].


  1. Jumanazar A. K. Nasaf. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007 — 204-bet. 
  2. Ravshanov P. Qarshi tarixi. Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2006 — 639-bet.