Kontent qismiga oʻtish

Qulmurod Shodmonov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qulmurod Shodmonov
Tavalludi 1908-yil
Surxondaryo viloyati Sherobod tumani
Vafoti 1972-yil
Istiqomat joylari Surxondaryo, Buxoro, Toshkent
Fuqaroligi O‘zbekiston SSR
Kasbi olim, pedagog
Sohasi kimyo
Taʼlimi Samarqand pedagogika ademiyasi (hozirgi Samarqand davlat universiteti)
Ilmiy darajasi kimyo fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor
Mukofotlari „Ulug‘ Vatan urushi yillarida mehnatda namuna ko‘rsatgani uchun“ medali

Qulmurod Shodmonov (1908—1972) — pedagog, kimyo sohasidagi olim, kimyo fanlari doktori, professor.

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qulmurod Shodmonov 1908-yilda Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi G‘urjak qishlog‘ida cho‘pon oilasida tug‘ilgan[1]. U ota-onasidan yoshligida yetim qolgan. 1925-yilda Sherobod tumanidagi bolalar uyiga qabul qilingan. 1927—1928-yillarda Termiz va Farg‘ona shaharlaridagi pedagogika kurslarida tahsil oldi. Keyinchalik u Sherobod tuman Komsomol qo‘mitasining kotibi bo‘lib ishladi.

Ko‘p o‘tmay Qulmurod Shodmonov Samarqand pedagogika ademiyasi (hozirgi Samarqand davlat universiteti) huzuridagi agropedagogika fakultetiga o‘qishga kirib, uni tugatdi va aspiranturada qoldi. Aspirantlik davrida hozirgi Samarqand davlat universitetida o‘zbek tili va adabiyoti fakultetining dekani bo‘lib ishladi. U shu bilan birgalikda Samarqand davlat meditsina instituti (hozirgi Samarqand davlat tibbiyot universiteti)da ham dars berdi.

Qulmurod Shodmonov 1937-yilda hozirgi Samarqand davlat universitetining ilmiy kengashida „Etilen uglevodlarga galogenli vodorodlarning birikishi va ajralishi qonuniyatlari“ mavzusida dissertatsiya himoya qildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston SSR Maorif vazirligi Qulmurod Shodmonovni Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ga ishga yubordi. U bu yerda prorektor bo‘lib ishladi va kimyo kafedrasiga mudirlik qildi[2]. Qulmurod Shodmonov ko‘pgina mas’ul ishlarda faoliyat ko‘rsatdi.

1943—1944-yillarda Buxoro davlat pedagogika va o‘qituvchilar institutida boshlang‘ich partiya tashkiloti kotibi bo‘lib ishladi. 1940-yil Buxoro shahar Soveti deputatligiga saylandi. 1951—1961-yillarda Toshkent pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti) talabalariga dars berdi, kimyo kafedrasiga boshchilik qildi va ayni vaqtda O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning organik kimyo laboratoriyasida tadqiqot ishlarini olib bordi. 1965-yilda Qulmurod Shodmonovga professorlik unvoni berildi.

Qulmurod Shodmonov 1972-yilda uzoq davom etgan kasallikdan vafot etdi.

Qulmurod Shodmonov 60 dan ortiq ilmiy-pedagogik maqolalar va asarlar yozdi. „Galogenli vodorod kislotalarining o‘zaro bog‘lanish va izlanish qonuniyatlari“, „Vodorod xloridining etilenli uglevodlarga ta’siri haqida“, „Organik ximiyaning xalq xo‘jaligiga xizmati haqida“ ilmiy asarlari shular jumlasidan.

Qulmurod Shodmonov O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi tomonidan ikki marta Faxriy yorliq bilan va O‘zbekiston SSR Oliy Soveti farmoni bilan „Ulug‘ Vatan urushi yillarida mehnatda namuna ko‘rsatgani uchun“ medali bilan mukofotlangan.

  1. Турсунов С. Сурхондарё вилояти топонимлари. Тошкент: Алишер Навоий номидаги Ўзбекистон Миллий кутубхонаси нашриёти, 2008 — 130-bet. 
  2. Қодиров Б. Сурхондарё олимлари (библиографик маълумотлар). Тошкент: Меҳнат, 1990 — 33-bet.