Qora musulmonlar
Bu maqolada bir qancha muammolar mavjud. Iltimos, ularni tuzatib yordam qiling yoki shu muammolarni munozara sahifasida muhokama qiling.
|
Qora musulmonlar (inglizcha: „The Nation of Islam“ – Islom millati) – 1930-yil AQSHning Detroit shahrida asl ismi Uolles Don Fard tomonidan tuzilgan tashkilot.
Fard keyinchalik oʻz ismini Vali Fard Muhammad qilib oʻzgartirgan. Fard Osiyo va Afrikaning tahqirlangan qora tanli aholisiga haqiqiy, najotkor dinni olib kelganini daʼvo qiladi. Shuningdek, u qoratanlilarni AQSH qonunlariga boʻysunmaslik, armiyasida xizmat qilmaslik, umuman oʻzlarini bu davlat fuqarosi deb hisoblamaslikka chaqiradi. 1930-yili „qora musulmonlar“ning birinchi diniy tashkiloti – „Ibodatxona № 1“ Detroit shahrida tuziladi. 1934-yili Vali Fard Muhammad sirli ravishda gʻoyib boʻlgach tashkilotga uning oʻng qoʻli hisoblangan Alija Muhammad (asl ismi Robert Pul) (1897–1975-yillar) rahbarlik qila boshlaydi. Pul Chikago shahrida „Ibodatxona № 2“ni tashkil qiladi va keyinchalik mazkur joy tashkilotning shtab kvartirasiga aylanadi. Tashkilot izdoshlari uni hozirga qadar ham Muhtaram Alija Muhammad deb hurmat bilan eslaydilar.
1947-yili „Islom millati“ safiga Malkolm-X (iks) qoʻshiladi. Asl familiyasi Littl boʻlgan Malkolm, keyinchalik ommalashgan, „qullikdan qolgan familiya“ oʻrniga inglizcha „X“ (iks), yaʼni „sobiq“ maʼnosini bildiruvchi soʻzga almashtirish anʼanasini boshlab beradi. Tez orada u Alija Muhammadning eng yaqin izdoshiga aylanadi. Aynan uning saʼy-harakatlari bilan AQSHning gʻarbiy va sharqiy qirgʻoqlarida bir necha „ibodatxonalar“ tashkil etilgan hamda „Islom millati“ va „Muhammad gapirmoqda“ nomli jurnallar chop etila boshlagan. Mazkur xizmatlari evaziga u Garlemdagi (Nyu-York shahridagi qora tanlilar kvartali „Obodatxona № 7“ning bosh voizi va „Islom millati“ tashkilotining jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha vakili etib tayinlanadi. 1964-yili Saudiya Arabistoniga safar Malkolm-Xning dunyoqarashiga qattiq taʼsir oʻtkazadi. Natijada, shu yili u „qora musulmonlar“ safini tark etib sunniylikni qabul qiladi. 1965-yili 21-fevral kuni suiqasd natijasida vafot etadi. Uning oʻrniga Garlem ibodatxonasiga Luis Farraxan bosh voiz etib tayinlandi.
1975-yili Alija Muhammad vafot etgach uning oʻgʻli Uolles Din Muhammad (keyinchalik oʻziga arabcha „al-Varis“, yaʼni „Merosxoʻr“ nomini olgan) va Luis Farraxan oʻrtasida rahbarlik uchun kurash ketdi. Natijada „qora musulmonlar“ ikki guruhga boʻlinib ketdi.
Bir guruhga rahbarlik qilgan Uolles Din Muhammad tashkilotning aqidaviy asoslariga oʻzgartirishlar kiritib, uni sunniylikka yaqinlashtirishga va anʼanaviy islom tomonidan tan olinishga urindi. Bu narsa tashkilot nomiga ham taʼsir qilib Uolles Din tarafdorlari „Gʻarbdagi butundunyo islom uyushmasi“, „Amerika islom missiyasi“ va nihoyat „Amerika musulmonlari jamiyati“ nomini oldi. Jamiyat oʻzining „Musulmonning jurnali“ (Muslim Journal) nomli nashriga ega. 2003 yili Varis Din Muhammad „Amerika musulmonlari jamiyati“dagi faoliyatini tugatganini eʼlon qilib, shu yili „Masjid gʻamxoʻrligi“ (The Mosque cares) nomli jamgʻarma tashkil qiladi. 2008 yili u yurak xuruji oqibatida vafot etadi.
Uolles Din Muhammadning tashkilot rahbari etib saylanishi, mazkur lavozim oʻziga tegishiga umid bogʻlagan Luis Farraxanga ogʻir botadi. Natijada, 1978 yili oʻz tarafdorlari bilan alohida ajrab chiqadi. Farraxan boshchiligidagi guruh Alija Muhammad gʻoyalari va tashkilotning eski nomiga sodiq qoladi. 80-yillarda u Chikagoning Gayd Park tumanida joylashgan Alija Muhammadning uyini va Ibodatxona № 2 ni sotib oladi.
Bugungi kunga qadar Vali Fard Muhammad tomonidan asos solingan „Qora musulmonlar“ tashkilotining davomchisi Luis Farraxan boshchiligidagi guruh hisoblanadi. Ular dunyo boʻylab yuzdan ortiq diniy tashkilotlarga va oylik „Soʻnggi daʼvat“ (The Final Call) nomli nashrga ega.
2007 yili Farraxan sogʻligi yomonlashgani sababli tashkilot rahbarligini rasman topshiradi. Shunday boʻlsada, bugungi kunga qadar uning oʻrniga hech kim tayinlanmagan va barcha izdoshlar Farraxanni diniy rahnamo sifatida eʼtirof etadilar.
„Islom millati“ tashkiloti aqidaviy asoslarining shakllanishini shartli ravishda toʻrt bosqichga boʻlish mumkin.
Birinchi bosqich, Vali Fard Muhammadning ilk daʼvati davri boʻlib (1930—1934), unda tashkilot asoschisi Osiyo vaAfrika qora tanlilariga chin eʼtiqodni olib kelgani, qora tanlilar eng oliy toifali irq ekani, AQSH qonunlari, bayrogʻiga sodiqlik his qilmaslik, Amerika yoki Afrika qitʼasida qora tanlilarning alohida davlatini tuzish lozimligini uqtiradi.
Ikkinchi bosqich, Alija Muhammad davrini oʻz ichiga olib (1934—1975), u 1965 yili Vali Fard Muhammadning asli Xudo boʻlib inson tanasida qora tanli „chin bandalariga“ najot berish uchun kelgani, Alija Muhammad Xudo bilan shaxsan tanish ekani, Iblis bu oq tanli insonlar ekani va ular Yoqub ismli (baʼzi manbalarda Yahyo (John the Baptist) deb keltiriladi) yovuz sehrgar tomonidan yaratilgani, qayta tirilish faqat ruhiy boʻlishi, jannat bu dunyoda boʻlishi, Qora tanlilar va oq tanli shaytonlar oʻrtasida boʻladigan Armageddon jangi, qiyomatning AQSH hududida boshlanishi kabi bir qator aqidalarni ishlab chiqqan.
Uchinchi bosqich, Alija Muhammadning oʻgʻli Varis (Uolles) Din Muhammad rahbarligi davriga (1975—2003) toʻgʻri keladi. Bu davrda, Vali Fard Muhammadning Xudoligi, Alija Muhammadning paygambarligi inkor etiladi. Varis oq tanlilar – iblis, qora tanlilar – oliy irq ekanini bekor qilib „Amerika musulmonlari jamiyati“ning eshiklari oq tanlilar uchun ham ochiqligini eʼlon qiladi. Mazkur tashkilot islom olami tomonidan eʼtirof etila boshlaydi.
Toʻrtinchi bossich, Luis Farraxan tomonidan „Islom millati“ nomining tiklanishi va Alija Muhammad gʻoyalariga qaytish davri (1978-h.v.) sifatida namoyon boʻladi. Farraxan Varis (Uolles) Din Muhammadni buzgʻunchilikda ayblab 1978 yili alohida ajralib chiqadi. 1981 yili „Islom millati“ nomini qayta tiklaydi. Hozirgi vaqtda Farraxan izdoshlari 1965 yili Alija Muhammad tomonidan olgʻa surilgan quyidagi gʻoyalarni oʻz eʼtiqodlari deb belgilaganlar:
1. Nomi Alloh boʻlgan yakkayu yagona Xudoga ishonch;
2. Qur’oni karim va Xudo yuborgan barcha paygʻambarlarning kitoblariga ishonch;
3. Injilning haqiqiy muqaddas manba ekani, biroq yolgʻon yashiq aralashtirib yuborilgani sababli qayta tahlil qilinishi kerakligiga ishonch;
4. Allohning paygʻambarlari va ular insoniyatga olib kelgan muqaddas kitoblarga ishonch;
5. Qayta tirilishga ishonch. Bu tirilish jismoniy emas balki maʼnaviy boʻlishi, birinchi boʻlib qora tanlilar qayta tirilishiga ishonish;
6. Qiyomat kunining haqligi va bu kun Amerikada boshlanishiga ishonch;
7. Bugungi zamon qora tanlilar va oq tanlilar ajraladigan zamon ekani, qora tanlilar oʻzlariga oq tanli sobiq quldorlar tomonidan berilgan qullik familiyasidan voz kechib ozodkishi – Yer sayyorasining qora tanli aholisi familiyasini olishi zarurligiga ishonch;
8. Barchaning teng huquqli ekani va bir xil adolat qilinishi kerakligiga ishonch;
9. Integrasiya va birdamlik haqidagi gʻoyalar ikkiyuzlamachilik boʻlib 400 yil davomida ezilib kelgan qora tanlilarning birdaniga oq tanlilar bilan doʻst boʻlib qolishi, oq tanlilarga bundan buyon ham qullik qilishi mumkin emasligi va ajralib chiqib alohida davlat qurish vaqti kelganiga ishonch; Agar oq tanlilar rost soʻzlayotgan boʻlsalar, buni isbotlab berish uchun qora tanlilarga AQSH hududidan alohida yer ajratib berishlari kerakligiga ishonch;
10. Oʻzini taqvodor musulmon deb hisoblovchi jamoa aʼzosi birovlarning qonini toʻkishi mumkin emasligi, AQSH uchun urushlarda qatnashmasligi, faqatgina oʻz davlati qurilganidan soʻnggina shu davlat uchun jang qilishi mumkinligiga ishonch;
11. Qora tanli ayollar ham xuddi boshqa ayollar kabi hurmat va himoya qilinishi lozimligiga ishonch;
12. Alloh 1930 yili Vali Fard Muhammad jismida namoyon boʻlib, nasroniylarning „messiya“si va musulmonlarning „maxdiy“si boʻlganiga ishonch;
13. Allohning yakkayu yagona ekani, undan boshqa iloh yoʻqligi va u mukammal saltanat qurishiga ishonch; Qora tanlilarning qullikni boshdan kechirishi Bibliyada bashorat qilinganiga ishonch.
„Qora musulmonlar“ oʻzining iyerarxik tuzilmasi haqida maʼlumot bermaydi. Bunda sir saqlanishidan koʻra koʻproq aniq tizimga ega emaslik sabab boʻlishi mumkin.
Tahlil natijasida shuni aytish mumkin-ki, jamoa tepasida xarizmatik, paygʻambarnamo tabiatga egaboʻlgan rahbar turadi. Har bir rahnamo nomiga hurmat maʼnosidagi muayyan iboralar qoʻshish anʼanasi mavjud. Masalan, Vali Fard Muhammadning ismi oldida doimo „Ustoz“, undankeyin kelgan rahbarlar (Alija Muhammad, Malkolm IKS, Luis Farraxan, Varis Din Muhammad) nomiga „Muhtaram“ soʻzi qoʻshilishi shart.
Oliy rahbar ayni damda maxsus xavfsizlik muassasalari boʻlmish „Islom mevalari“ va „Musulmon qizlari kurslari“ning bosh qoʻmondoni hisoblanadi. Bu ikki guruh 1933 yili Vali Fard Muhammad tomonidan, tashkilot ibodatxonalarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida tuzilgan. 1975 yili Varis Din Muhammad islohotlari davrida faoliyati tugatilgach, bir necha yildan soʻng Luis Farraxan tomonidan qayta tiklanadi. 1988-yildan boshlab „Islom mevalari“ xususiy qoʻriqlash xizmatiga aylantirilgan.
Ayni damda tashkilot iyerarxiyasida „Jamoatchilik bilan ishlash boʻlimi“ mavjud. Anʼanaga k)fa, bu lavozim Garlem ibodatxonasi (hozirda „Maryam“ masjidi) voizi tayinlanadi. Bundan tashqari har bir ibodatxonada rahbar (voiz) lavozimi mavjud.
Vali Fard Muhammad „Qora musulmonlar“ tashkilotini tashkil etgach iqtisodiy mustaqillikka erishishni asosiy vazifa sifatida belgilagan. Tashkilot aʼzolari asosan kichik biznes, xususan restoranlar, kafelar, pisseriyalar, nonvoyxonalar ochish bilan shugʻullanganlar.
Shuningdek, tashkilot tomonidan chiqarilgan jurnallar, rahbarlarning kitoblari sotuvidan tushgan mablagʻlar ham anchaginani tashkil etadi.
1988 yili „Islom mevalari“ bazasida tashkil etilgan maxsus xavfsiz lik agentligi ham katta d aromad manbai boʻlib. Maʼlumotlarga koʻra, 1990 yillarda agentlik Baltimor, Vashington, Chikago, Filadelfia va Los Anjelesdagi bir qator ob’yektlarni qoʻriqlash boʻyicha shartnomalar evaziga 20 million dollar foyda koʻrgan.
Uolles Don Fard va Alija Muhammadlar tashkilotning asosiy funksiyasi sifatida quyidagi uch vazifaning bajarilishini belgilaganlar:
1. Qora tanlilarning mustaqil millatini tashkil etish;
2. Qora rang va qora tanlilarning ulugʻligini qayta tiklash;
3. Iqtisodiy mustaqillikka erishish.
Tashkilot oʻzining AQSHga begona ekani, ezilgan, tahqirlangan ekanini taʼkidlash va oʻz huqularini talab qilib chiqishi bilan tanilgan.
Jumladan, 1995 yili Luis Farraxan oʻz izdoshlari bilan Vashington shahriga qarab „Millionlar marshi“ uyushtirgan. Shuningdek, Farraxan Isroil davlatiga qarshi antisemitistik qarashlari bilan tanilgan.
Varis Din Muhammad „Islom millati“ni „Amerika musulmonlari jamiyati“ga oʻzgartirgach sunniylikka yaqinlashish, musulmon olamiga integrasiyalashish maqsadida Chikago shahrida butundunyo ulamolarini chaqirish amaliyotini joriy qilgan.
Tashkilotning mashhur aʼzolari qatorida mashhur bokschi Muhammad Ali (1975 yili islomdagi sunniylik yoʻnalishini qabul qilgan), REP ijrochilari Mak Ren, Jey ti Bigga Figga, Snup Dogg, POP musiqa qiroli Maykl Jeksonlarni sanash mumkin[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 449-455.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |