Kontent qismiga oʻtish

Qizbibi majmuasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qizbibi majmuasiJondor tumani (Buxoro viloyati)dagi meʼmoriy yodgorlik (16—18-asrlar). Buxoro shahridan 30 km gʻarbda joylashgan. Majmua "Bibi Maxsumai pok" nomiga sazovor boʻlgan Ogʻoyi BuzurgQizbibi nomli mashhur qizning nomi bilan bogʻliq. Qizbibi ziyoratiga, dardlariga shifo izlab, asosan, ayollar kelgan. Qizbibi majmuasi keng qamrovli vazifalarni oʻtagan, anchagina murakkab tuzilishga ega boʻlgan meʼmoriy majmua namunasidir.

Meʻmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Majmuaning umumiy tarhi toʻrtburchakka yaqin, umumiy maydoni 0,5 ga. Shimoliy va janubiy hovlilar atrofida joylashgan darvozaxona, hujralar, ayvonli masjidxonaqoh, maqbara, quduq, hammom hamda shimoldagi xoli turgan binolardan iborat; hovli sahni pishiq gʻishtlar bilan qoplangan. Majmuaga peshtoqgumbazli darvozaxona (tarhi 4,3x4,4 m) orqali kiriladi; darvozaxona old tomonining ikki yoniga simmetrik yordamchi xonalar (2,1x1,8 m) qurilgan; darvozaxona yoʻlak (0,8x3,1 m) orqali gʻarbiy tomondagi xonalar bilan bogʻlangan: ularning biri maqbara, ikkinchisi chillaxona vazifasini oʻtagan; darvozaxonadan keng hovli (19x17 m)ga oʻtiladi.

Hovlining shimoliy tarafida kichikroq, darvozaxonaning chap yonida yirikroq hujralar joylashgan. Gʻarbiy tomondagi hujralar oʻrtasida keng supa, hammom, quduq mavjud. Hovlida majmuaning bosh mahobatli binosi — masjidxonaqoh (8,2x8,2 m) qad koʻtargan, u peshtoqgumbazli boʻlib, uning bosh peshtogʻi hovlining sharq tarafidagi Qizbibi maqbarasiga qaragan. Tashqi tarafidan masjidxonaqohning 3 ta burchaklariga guldastalar ishlangan; mehrob tomondagi 2 oʻtish ravogʻi uni hammom bilan bogʻlagan. Xonaqohning jan. da 9 ustunli ayvon (10,7x 11,6 m) joylashgan.

Majmuaning shimolidagi hovli (33x9 m) sahni masjid sahni bilan barobar. Masjid bilan maqbara oʻrtasidagi hovli (23x9 m) shimoliy hovlidan 60 sm past. Hovlining sharqiy tomoni (masjid roʻparasi)da qurilgan Qizbibi maqbarasi ikki xonadan iborat: shim. xona (4x2,8 m) balxiy gumbaz, sagʻanali xona (4,8x4,9 m) oddiy gumbaz bilan yopilgan, bezaksiz; faqat tashqi tarzining baʼzi joylari ganch suvoqqilingan; maqbaraning gʻarbiy tomoniga ayvon tutash.

Majmuadagi binolardan faqat masjid ayvonigina yogʻoch oʻymakorligi, yigʻma boʻlaklar orasiga qadalgan shishalar, tekis shiftdagi girih naqshlar bilan ziynatlangan. Majmuaning shimoliy sharqiy qismida darvozaxona bilan maqbara oraligʻiga keyinchalik oshxona, otxona va boshqalar yordamchi xonalar qurilgan (ular saqlanmagan). Majmuadan tashqarida, darvozaxonadan oldinroqda ham bir bino boʻlib, u chillaxona vazifasini oʻtagan. Unda ruhiy kasallikka chalinganlar davolangan. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra majmua (ayniqsa, chillaxona)ga faqat ayollar kirishi mumkin boʻlgan.