Qarshi qamali
Qarshi qamali (1512-yil) — safaviylar qoʻshini va Bobur lashkarlari tomonidan shaharni qamal qilinishi. Safaviylar qoʻshiniga shoh Ismoil I vaziri amir Najmi Soniy qoʻmondonlik qilgan. Bobur shayboniylarga qarshi turishga ojizlik qilgach, Ismoil I dan koʻmak soʻragan va bu qoʻshin (60 ming kishi) bilan yurtiga qaytgan (1512-yil sentyabr-oktyabr). Qarshi hokimi Shayxim mirzo (Ubaydullaxonning togʻasi) shaharni qattiq himoya qilgan. Bundan gʻazablangan shia lashkarboshisi Najmi Soniy shahar qoʻlga olinsa qatli om etishga qaror qiladi. Tarixchilarning yozishicha, Bobur va hatto qizilboshlilar amirlari ham shahar ichida hazrat Ali avlodiga mansub sayyidlar borligini aytib Najmi Soniydan qatli om oʻtkazmaslikni iltimos qilishlariga qaramasdan Qarshi egallangach, 15 ming kishi qilichdan oʻtkazilgan (shoir Binoiy ham shu qirgʻinda halok boʻlgan). Movarounnahr aholisi bundan gʻazablanib qizilboshlilar qoʻshiniga qarshi oyoqqa turgan. Gʻijduvon jangida (1512-yil 12-noyabr)gi magʻlubiyatdan soʻng qizilboshlilar qoʻshini Movarounnahrni tark etgan.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |