Kontent qismiga oʻtish

Punta Arenas

Koordinatalari: 53°9′45″S 70°54′29″W / 53.16250°S 70.90806°W / -53.16250; -70.90806
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Punta-Arenas
Shahar
Skyline of Punta-Arenas
Punta-Arenas
Gerb
53°9′45″S 70°54′29″W / 53.16250°S 70.90806°W / -53.16250; -70.90806
Mamlakat Chili
{{{mintaqa_turi}}} Magellanes va Antarctica Chilena
{{{tuman_turi}}} Magallanes
Ma'muriyati Munitsipalitet
Hukumat
 • Alkald Claudio Radonich
Asos solingan 1848-yil 18-dekabr
Maydon 17,846.3 km2 (6,890.5 kv mi)
Markazi balandligi 34 m
Aholisi
 (2012)
127,454
Zichligi 7.1 kishi/km2
Etnoxoronim Puntarenalik
Vaqt mintaqasi UTC−3
Telefon kodi 56 + 61
Punta-Arenas xaritada
Punta-Arenas
Punta-Arenas

Punta-Arenas – Chilining eng janubiy viloyati, Magellanes va Antarctica Chilena viloyati (ispancha: Región de Magallanes y de la Antártica Chilena) poytaxti. 1927-yilda nomi Magellanes sifatida oʻzgartirilgan, lekin 1936-yilda qayta Punta-Arenas holatiga keltirilgan. Punta-Arenas 46-janubiy paralleldan janubdagi eng yirik shahar hamda Chili va Amerika qitʼasidagi eng aholisi koʻp janubiy shahar hisoblanadi. Shahar shuningdek Lotin Amerikasidagi 100,000 istiqomatchilariga ega boʻlgan eng sovuq qirgʻoqboʻyi shahardir. Punta-Arenas dunyodagi eng janubiy port shaharlardan va besh Antarktida darvozalaridan biridir (Keyptaun, Janubiy Afrika Respublikasi; Kraystcherch, Yangi Zelandiya; Xobart, Avstraliya; Punta-Arenas, Chili; Ushuaya, Argentina).

1977-yildan buyon Punta-Arenas Chilining ikki erkin portlaridan biri boʻlib kelmoqda (yana biri mamlakat shimolidagi Iquique porti). Magellan boʻgʻozidan shimoldagi Brunsvik yarimorolida joylashgan Punta-Arenas shahriga dastlab Chili hukumati tomonidan 1848-yilda boʻgʻoz ustidan hokimiyat daʼvo qilish maqsadida jinoyatchilar koloniyasi koʻrinishida asos solingan. XIX asrning ikkinchi yarmida Janubiy va Shimoliy Amerika gʻarbiy qirgʻoqlari orasida dengiz qatnovlari va savdo hajmi oʻsishi bilan shahar aholi soni va maqomi ham oshib bordi. 1880-yillar va 1900-yillar boshidagi oltin konlari ochilishi va chorvachilik xoʻjaligining rivojlanishi yevropalik, asosan Xorvatiya va Rossiyalik immigrantlar oqimiga va shahar aholisi sonining oshishiga sabab boʻldi. Chili va Argentinada 10,000 kvadrat kilometr hududni nazorat qilgan eng yirik qoʻychivonlik kompaniyasi ham Punta-Arenas shahrida joylashgan va kompaniya egalari shu shaharda istiqomat qilgan.

Asos solinganidan buyon Punta-Arenas Chili hukumatining Janubiy Amerikadagi daʼvolarini himoya qilishda foydalanilgan. Aynan shu omil Chili va Argentina orasidagi 1881-yilgi Chegara boʻyicha kelishuvda Magellan boʻgʻozining Chili hududi sifatida tan olinishiga sabab boʻldi. XX va XXI asrlarda Punta-Arenas shahri Antarktida yarimoroliga uyushtiriluvchi safarlar uchun logistik taʼminot nuqtasi sifatida xizmat qildi va bu shahar ahamiyatining yanada oʻsishiga sabab boʻldi. San Juan daryosi shaharni suv bilan taʼminlaydi.

Ferdinand Magellan nomiga oʻrnatilgan yodgorlik, Punta-Arenas

Brunsvik yarimorolida joylashgan Punta-Arenas Patagoniyadagi eng yirik shaharlardandir. 2012-yilda aholi soni – 127,454 kishi. Shahar Antarktida qirgʻoqlaridan tahminan 1,419 kilometr (882 milya) va Argentinaning Tierra Del Fuego viloyati poytaxti Ushuaiadan 635 kilometr (395 milya) masofada joylashgan.

Magallanes viloyati Chili Patagoniyasining bir qismidir. Magallanes – Magellanning ispancha nomi va viloyat Ispaniya imperiyasi xizmatidagi portugal sayohatchisi Ferdinand Magellan nomi bilan nomlangan. Ispaniya xizmatida dunyo boʻylab sayohati davomida Magellan 1520-yilda bugungi Punta-Arenas shahari yaqinidan oʻtgan. Ilk ingliz dengiz sayohati bilan bogʻliq hujjatlarda hudud „Sandy Point“ (inglizcha „Qumloq nuqta“) nomi bilan ataladi.

Shaharning oʻzi Brunsvik yarimorolining shimoli-sharqiy qismida joylashgan. Yarimorolning Guayrabo, Rio-Amarilyo va Punta-San-Xuan manzilgohlari joylashgan sharqiy sohillarini hisobga olmaganda, Brunsvik yarimorolida aholi istiqomat qilmaydi. Punta-Arenas munitsipaliteti Brunsvik yarimorolining barcha qismini, jumladan Isla Grande de Tierra del Fuego orolidan gʻarbdagi va Kokbern hamda Magdalena kanallaridan shimoldagi barcha orollarni oʻz ichiga oladi.

Ushbu orollarning eng yiriklari:

  • Santa-Ines oroli
  • Desolasyon oroli
  • Doson oroli
  • Arasena oroli
  • Klorens oroli
  • Karlos oroli
  • Uikxem oroli

Doson orolini istisno qilganda (2002-yilda aholi soni – 301 kishi) orollarda asosan odam yashamaydi. Klorens orolida 5 kishi yashagan.

Punta-Arenasda qish (2014-yil iyul).

Uzoq janubda joylashgani sababli Punta-Arenasda subpolyar dengiz iqlimi hukm suradi (Köppen iqlim tasnifi Cfc). Punta-Arenasda mavsumiy harorat shaharning okeanga yaqinligi tufayli ancha moʻtadil: oʻrtacha past harorat iyul oyida −1 °C (30 °F), oʻrtacha baland harorat esa yanvar oyida 14 °C (57 °F). Hudud moʻtadil harorati bilan tanilgan boʻlib, mavsumlarda harorat biroz oʻzgaradi. Yomgʻir mavsumi aprel va may oylarida boʻlib, Chili qishi (iyundan sentyabrgacha) batamom qorli mavsumda oʻtadi. Patagoniyaning boshqa qismlaridagi kabi yillik yogʻin darajasi ancha past (380 mm), chunki And togʻlari yomgʻirni toʻsib turadi. Oʻrtacha harorat 1 °C (34 °F) dan pastga tushmaydi. Shahar kuchli shamollar bilan tanilgan boʻlib, shamollar ayniqsa yozda kuchayadi. Piyoda yoʻlovchilarga dengiz tomonga esayotgan shamollarga qarshi turishga koʻmaklashish uchun shahar maʼmuriyati shahar markazidagi binolar orasiga arqonlar oʻtkazib chiqishgan.

1986-yildan buyon Punta-Arenas ozon qatlamining yemirilishidan bevosita aziyat chekkan birinchi yirik aholi soniga ega shahar boʻlib kelmoqda. Shahar aholisi ultrabinafsha nurlanishining zararli darajalaridan aziyat chekishi eʼtirof etilgan.[1][2]

Punta Arenas iqlimi
Koʻrsatkich Yan Fev Mart Apr May Iyun Iyul Avg Sen Okt Noy Dek Yil
Mutlaq maksimal, °C 25,0 28,7 26,0 22,5 16,0 16,0 12,0 14,0 19,0 23,5 24,9 27,0 28,7
Oʻrtacha maksimal, °C 16,3 16,1 15,4 12,1 8,8 5,5 4,9 7,0 10,2 12,9 14,2 15,2 11,6
Oʻrtacha harorat, °C 10,7 10,3 8,9 6,6 4,2 1,9 1,7 2,7 4,6 6,4 8,3 9,7 6,3
Oʻrtacha minimal, °C 5,9 5,4 3,9 2,2 0,1 −1,5 −1,5 −1 0,0 0,6 3,5 4,8 1,9
Mutlaq minimal, °C −1 −2,4 −4 −8,4 −10,6 −18,7 −14,2 −12 −9,6 −4,8 −3 −1 −18,7
Yogʻingarchilik meʼyori, mm 38,1 31,5 42,9 45,1 36,9 31,3 30,9 29,5 24,5 24,6 23,1 31,8 390,2
Manba: Dirección Meteorológica de Chile
Casa España – 1917-yilda Ispaniyaning Socorros Mutuos jamiyati tomonidan asos solingan.

Ispanlar Magellan boʻgʻozi boʻylab ikki manzilgohga asos solishga urinishgan. Birinchi manzilgoh Nombre de Jesús („Iso nomi ila“) deb nomlanib, unga 1584-yilda asos solingan. Noqulay ob-havo sharoitlari, shahar istiqomatchilari suv va ozuqa topishda duch kelgan qiyinchiliklar hamda boshqa ispan portlaridan ajratib turuvchi oʻta olis masofa tufayli manzilgoh barbod boʻlgan. Ikkinchi manzilgoh Ciudad del Rey don Felipe („Qirol Felipe shahri“) deb nomlanib, Punta-Arenasdan 80 kilometr janubda joylashgan. Bu shahar keyinchalik Puerto del Hambre (ispancha „Ochlik porti“) nomi bilan tanilgan. Ispaniya ushbu shaharlarga Magellan boʻgʻozi ustidan nazorat oʻrnatish hamda oʻz kemalarini ingliz qaroqchilaridan himoya qilish maqsadida asos solgan. Ingliz kapyori, Thomas Cavendish oʻzining dunyo boʻylab dengiz orqali sayohati davomida 1587-yilda Puerto del Hambre manzilgohining tirik qolgan eng soʻnggi vakilini qutqaradi.[3][4]

Jinoyatchilar koloniyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1843-yilda Chili hukumati Magellan boʻgʻozi qirgʻoqlarida fort va muqim aholi manzilgohi qurish maqsadida hududga ekspeditsiya yuboradi. Xuddi shu maqsadda Goleta Ancud nomli shxuna quriladi va foydalanishga topshiriladi. Chili dengiz kuchlaridan John Williams Wilson qoʻmondonligi ostida shxunada 21 kishi (kapitan, oʻn sakkiz ekipaj aʼzolari va ikki ayol) yuklari bilan buyruqni bajarish uchun yoʻlga chiqadi. Manzilgohga asos solinishi sanasi —1843-yil 21-sentyabr.[5]

Fort kichik qoyali yarimorolda yaxshi oʻrnashgan boʻlsada, hududda muqim aholi manzilgohini taʼminlash imkoni yoʻq edi. Shu sabab, harbiy gubernator José de los Santos Mardones 1848-yilda manzilgohni bugungi joyga – Las Minas daryosi boʻyiga koʻchirishga qaror qiladi va uni Punta-Arenas (Qumloq nuqta) deb nomlaydi.

XIX asrda Chili hukumati Punta-Arenasdan jinoyatchilar koloniyasi hamda „muammoli“ xulq-atvorga ega harbiylar jazo muddati oʻtovchi harbiy post sifatida foydalangan. Immigrantlar ham shu yerga joʻnatilgan. 1851-yil dekabrida leytenant Cambiaso boshchiligida mahbuslar qoʻzgʻoloni sodir boʻladi. Oqibatda gubernator Muñoz Gamero va rohib oʻldiriladi, cherkov va kasalxona vayron qilinadi.[6] Qoʻzgʻolon Britaniya kemasi HMS Virago qoʻmondoni William Stewart tomonidan bostiriladi. Unga bu ishda ikki Chili kemasi: Indefatigable va Meteoro koʻmaklashadi.[7][8]

Eski Mashinaxona 1890-yilda xorvatlar tomonidan qurib, bitkazilgan, Christopher Colubmus koʻchasi.

1867-yilda prezident José Joaquín Pérez chililiklar va horijliklarning Punta-Arenas atroflarida oʻrnashishlarini ragʻbatlantirish uchun uchun tekin yerlar tarqatadi. Chilining Magallanes viloyatida qoʻychivonlik fermerligi rivojlanishi bilan 1867-yildan boshlab Britaniyalik immigrantlar ham hududga kelib oʻrnasha boshladi. Britaniyaliklar immigratsiyasi 1906-yilga qadar davom etib, shu yili xorvat immigrantlari son jihatdan britaniyaliklardan oʻzib ketadi.[9]

1877-yilgi El motín de los artilleros („Artilleriyachilar isyoni“) deb nom qozongan isyon shaharning katta qismining vayron qilinishiga va qamoqxona bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqasi boʻlmagan koʻpchilik fuqarolarning oʻlimiga sabab boʻldi. Vaqt oʻtishi bilan shahar yana oʻzini tikladi. Qoʻychivonlikning rivojlanishi va hududda oltin konlarining kashf qilinishi, shuningdek yelkanli kemalarda savdo hajmining oshishi bilan shaharga yana immigrantlar kela boshladi va shahar oʻzini tiklashni boshladi.

Iqtisodiy oʻsish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1890-1940-yillar oraligʻida Magallanes viloyati muhim qoʻychivonlik mintaqasiga aylandi va bir kompaniya – Sociedad Explotadora de Tierra del Fuego (ispancha „Olovli yer oroli ekspluatatsiyasi jamiyati“) hududda 11,000 kvadrat kilometr yerga egalik qilgan. 1910-yilda Sociedad Explotadoraning Sociedad Ganadera bilan birlashishi natijasida kompaniya Chili va Argentina janubida 3 million gektar yerga va 2 million bosh qoʻyga egalik qila boshladi.[9] Kompaniya shtab-kvartirasi va kompaniya egalarining uylari ham Punta-Arenasda joylashgan. Punta-Arenas markazidagi sobiq Braun-Menéndez qasrida bugungi kunda Sarah Braun muzeyi ish olib boradi.

Garchi boʻronli ob-havoga ega boʻlsada, Punta-Arenas gavani Panama kanali qurilishidan oldin Chilidagi eng muhim gavan hisoblangan. Gavan Atlantika va Tinch okeanlari orasida qatnayotgan paroxodlar uchun koʻmir zaxiralash stansiyasi vazifasini bajargan. Bugungi kunda gavandna asosan turist kruzerlari va ilmiy ekspeditsiya kemalari foydalanadi.

Punta-Arenas, panorama.

Shahar odatda Antarktidaga uyushtiriluvchi safarlar uchun joʻnash nuqtasi sifatida xizmat qiladi. Bunday shaharlar qatoriga Ushuaya (Argentina) va Kraytcherch (Yangi Zelandiya) kabilarni ham qoʻshish mumkin.

  1. Abarca, Jaime F.; Casiccia, Claudio C. (2002). „Skin cancer and ultraviolet-B radiation under the Antarctic ozone hole: southern Chile, 1987–2000“. Photodermatology, Photoimmunology & Photomedicine. 18 (6)-jild. John Wiley & Sons. doi:10.1034/j.1600-0781.2002.02782.x. PMID 12535025.
  2. Sims, Calvin. „Punta Arenas Journal; A Hole in the Heavens (Chicken Little Below?)“. The New York Times (1995).
  3. Martinic, Mateo, (2000) Rey don Felipe: Tarixiy faktlar (ispancha). Productora Gráfica Andros Ltda, 100-bet.
  4. Moss, Chris. Patagonia: A cultural History. New York: Oxford University Press, 2008 — 299-bet. 
  5. Braun-Menéndez, Armando. Fuerte Bulnes: Colección Cruz del Sur. Biblioteca Francisco de Aguirre, 1968. 
  6. „Punta Arenas, History and Legends“. Interpatagonia.com.
  7. "History HMS Virago". Pdavis.nl.
  8. Brown, Charles H.. Insurrection at Magellan. Narrative of the Imprisonment and Escape of Capt. Chas. H. Brown," Chilian Convicts" (Second ed.). Boston: Geo. C. Rand, 1854. 
  9. 9,0 9,1 Edmundson, William. A History of the British Presence in Chile: From Bloody Mary to Charles Darwin and the Decline of British Influence. New York: Palgrave MacMillan, 2009 — 117-125-bet. ISBN 9780230114838.