Pudrat shartnomasi asoslari
Oʻzbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab oʻz Harakatlar strategiyasiga asoslanib amalga oshirilyotgan iqtisodiy islohotlar davlat mulkini xususiylashtirish va xususiy tadbirkorlikka keng yoʻl ochdi. Buning natijasida koʻp tarmoqli iqtisodiyot shakllandi va faoliyat koʻrsatmoqda, bu ayniqsa bozor iqtisodiyoti sharoitida juda muhim boʻlib, unda turli tarmoq va sohalarga mansub boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlari shaklidagi yirik korxonalar bilan birga aholi tashabbusi bilan barpo etilgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, xususiy korxonlar toifasidagi kichik tadbirkorlik korxonalar xususan, pudrat shartnomasi asosidagi xoʻjalik subyektlari asosiy oʻrin tutadi. Bozor munosabatlari davrida pudratga oid munosabatlar davlat ixtiyoridan chiqib, faqat qonun va shatnomalar boʻyicha taraflarning oʻzaro kelishuvi bilan amalga oshadi. Fuqarolik qonunchiligida qurilish pudrat shartnomasini toʻla va oʻz muddatda bajarilishini taʼminlash pudrat toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar asosida tartibga solinadi. Lekin javobgarlikni belgilovchi qoʻshimcha holatlarni qurilish pudratining oʻziga xos xususiyatlari sifatida misol qilib keltirishimiz mumkin. Taraflardagi mulkiy javobgarlik shartnoma talablarini buzishda aybdor boʻlganga nisbatan penya, aybnoma, jarima kabi sanksiyalarni qoʻllash bilan jabrlanuvchining koʻrgan zararini qoplash imkonini beradi va ikkinchi tomonni oʻz majburiyatlarini real bajarishga majbur qiladi.
Pudrat shartnomasining tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Pudrat shartnomasining tarixi Rim huquqiga borib taqaladi, yanada aniqroq aytadigan boʻlsak, rim huquqi sivilistlari ham pudrat munosabatlarini, uning vujudga kelish asoslarini, munosabatni tartibga solish usul va vositalarini, nizolarni bartaraf etish masalalarini ilmiy va amaliy oʻrganishga harakat qilishgan hamda u davrda amalda boʻlgan turli normativ-hujjatlar orqali tartibga solishgan. Pudrat shartnomasi (locatio-conductio operis) Rim huquqida ashyolarni, ishlar va xizmatlarni ijaraga berish shartnomasi (locatio-conductio) ning bir turi sifatida qaralgan[1]. Pudrat munosabatlari turli davrlarda faqatgina aholining maishiy ehtiyojlarini qondirishning asosiy vositasi boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda pudrat munosabatlari alohida shartnoma turi sifatida huquqiy asoslari va nazariy jihatlari yaxshi rivojlangan. Professor O.S.Ioffe va Y.A.Suxanovlarning fiklariga qaraganda rim huquqida ijaraning uch koʻrinishi boʻlgan. Ular narsalarni, xizmatlarni va ishlarni ijaraga olish-berishdir. Qonunchilik tizimida narsalarni ijaraga olish yaxshi rivojlangan. Xizmat koʻrsatish va ishlar bajarish shartnomalarining oʻxshash tomonlari boʻlgani sababli, bir-biridan predmeti bilan farqlangan[2]. M.I.Braginskiy ham bu haqida fikr yuritib, turli xil ish va xizmatlarga ehtiyojni qondirishning asosiy usuli qullarning harakati shartnomalarning bunday birlashuviga asos boʻlgan. Agar ish bajarish uchun qul yollangan boʻlsa, ashyolarni ijaraga berish shartnomasi tuzilgan, agar ijrochi erkin rim fuqarosi boʻlsa, u holda pudrat yoki xizmatlar ijarasi shartnomasi tuzilgan. Lekin xizmatlar ijarasi va pudrat shartnomalari bir-biridan ajratilgan. Bular orasidagi farq pudrat shartnomasi boʻyicha har doim maʼlum iqtisodiy natijaga erishilgan, xizmatlar ijarasida esa bunday natija kelib chiqmasligi bilan belgilangan[3]. Maishiy taʼminlash, muayyan obyektni qurish va taʼmirlash, loyihalash va rejalashtirish, ilmiy-tekshirish, tajriba konstruktorlik, ashyolarni ishlab chiqarish, uning isteʼmol xususiyatlarining yaxshilanishi yoki oʻzgarishi yoki ijrochidan aniq ashyoviy yoki moddiy natijani olishga yoʻnalgan.
Pudrat shartnomasida taraflar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Fuqarolik kodeksining[4] 631-moddasidan kelib chiqib, pudrat shartnomasi deb pudratchi hisoblangan bir tarafning buyurtmachi (ikkinchi taraf) topshirigʻiga binoan maʼlum bir ishni bajarish va uning natijasini buyurtmachiga belgilangan muddatda topshirish majburiyatini, buyurtmachi esa ish natijasini qabul qilish va buning uchun haq toʻlash majburiyatini olish bilan bogʻliq shartnomaga aytiladi. Pudrat shartnomasida ikki taraf — pudratchi va buyurtmachi ishtirok etadi. Buyurtmachi sifatida har qanday jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etib, ular tegishli obyektning lozim darajada qurilishini, taʼmirlanishini, jihozlanishini taʼminlash uchun zarurat boʻlganda oʻzining barcha huquqlarini boshqa shaxslarga oʻtkazishlari ham mumkin.
Qurilish pudrati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aynan qurilish pudrati ham pudrat shartnomasining asosiy shartnomalaridan biri hisoblanadi. Fuqarolik kodeksining 666-moddasiga koʻra, qurilish pudrati shartnomasi boʻyicha pudratchi shartnomada belgilangan muddatda buyurtmachining topshirigʻi bilan muayyan obyektni qurish yoki boshqa qurilish ishini bajarish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa pudratchiga ishni bajarish uchun zarur sharoit yaratib berish, ishni qabul qilish va kelishilgan haqni toʻlash majburiyatini oladi. Koʻp holatlarda korxonalarni, turar-joylarni bino va inshootlarni qurish, qayta taʼmirlash va rekonstruksiya qilish, montaj ishlarini amalga oshirish maqsadida tuziladi. Qurilish pudrati shartnomasida shartnoma bahosi va uni bajarish muddati muhim ahamiyatga ega boʻlib, ularning koʻrsatilmasligi shartnomaning haqiqiy emasligiga olib keladi. Huquqiy belgilari pudrat shartnomasi bilan bir xil: ikki tomonlama, konsensual va haq baravariga.
Pudrat shartnomalari ichida qurilish pudrati huquqiy tartibga solish manbalariga boyligi bilan ajralib turadi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Uy-joy kodeksi, Shaharsozlik kodeksi, „Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida“gi qonun[5], „Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisida“gi qonunlar[6] qabul qilingan. Vazirlar Mahkamasining 18.08.2004-yilgi 400-sonli „Oʻzbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari uyushmasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida“gi qarori[7]ga asosan 41 ta qurilish, montaj va maxsus qurilish ishlari korxonalari, MCHJ lar, Sanoat korxonalari va tashkilotlari Loyihalash tashkilotlari, Ishlab chiqarish-texnik butlash korxonalari ixtiyoriy ravishda kirganlar.
Shartnoma predmeti koʻchmas mulk obyektlari — turar joy, bino, inshoot, korxona va uning bir qismi kabi obyektlarni qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya qilish hisoblanadi[8]. Qurilish pudrati shartnomasi odatda yozma shaklda tuziladi. Taraflar oʻzaro kelishib olishgach, uni imzolaydilar va shu vaqtdan eʼtiboran ularda huquq va majburiyatlar vujudga keladi. Ushbu shartnoma tanlov savdosi asosida yoki oddiy pudrat usulida tuzilishi mumkin.
Qurilish pudratida taraflarining huquq va majburiyatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Buyurtmachi bajarilayotgan ishlarning hajmi, qiymati va sifati loyiha va smetalarga muvofiq boʻlishi ustidan tekshirish va texnikaviy nazoratni amalga oshirish, istagan vaqtda qurilish va montaj ishlarining bajarilishi va sifatini, shuningdek, foydalanilayotgan materiallarning sifatini, ishlarning grafikka mos ravishda olib borilayotganligini tekshirishi va qurilish obyektida yoʻl qoʻyilgan har qanday kamchiliklar toʻgʻrisida pudratchiga eʼtiroz bildirishi va ularni bartaraf etishni talab qilishga haqli boʻladi. Agar qurilish pudrati shartnomasini tegishli tarzda bajarishda toʻsiqlar borligi maʼlum boʻlsa, ularni bartaraf etishda buyurtmachi oʻziga bogʻliq choralarni koʻrishi, pudratchi bilan hamkorlik qilishi shart. Ushbu majburiyat bajarilmagan taqdirda buyurtmachi oʻzi koʻrgan zararni pudratchidan talab qilolmaydi.
Pudratchi shartnomada koʻrsatilgan barcha qurilish va maxsus ishlarni, shuningdek, mashina va uskunalarni montaj qilish ishlarini qurilishning tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga, ish chizmasi hamda uning smetasiga muvofiq ravishda bajarib, buyurtmachiga topshirishga majbur va oʻz navbatida bajarilgan ishlarining buyurtmachi tomonidan qabul qilinishini talab etishi mumkin. Pudratchi qurilish va u bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirayotgan vaqtda atrof-muhitni muhofaza qilishi va qurilish ishlarini xavfsiz olib borishga doir qonun hujjatlarining talablariga rioya etishi shart.
Qurilish pudratining turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekistonda asosan qurilish pudratining 2 xil turi mavjud:
- yakka tartibda uy-joy qurish uchun tuziladigan qurilish pudrati shartnomasi;
- davlat ehtiyojlari uchun qurilish pudrati shartnomasi va boshqalar kiradi.
Davlat ehtiyojlari uchun qurilish pudrati doim tanlov savdosi asosida, yakka tartibdagi uy-joy qurish esa koʻp hollarda oddiy pudrat usulida shartnoma tuziladi. Tanlov usulida shartnoma tuzilganda tegishli hujjatlar (kredit shartnomasi, bank maʼlumotnomasi, qurilishlarning aniq roʻyxati, boshqaruv organi qarori va boshqalar) bilan tasdiqlangan moliyaviy resurslar bilan taʼminlangan maʼlumotlar koʻrib chiqilib, ilova qilingandan soʻngina shartnoma tuzish haqida qaror qabul qilinadi. Kazusda davlat ishtiroki aks etmagani uchun oddiy pudrat usulida shartnoma tuzilgan deb hisoblashimiz mumkin.
Pudrat shartnomasi tuzilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Pudrat shartnomasida quyidagilar koʻrib chiqilishi lozim:
- kirish qismida shartnomaning qachon va qayerda, qaysi pudratchi va buyurtmachi oʻrtasida tuzilganligi;
- shartnomaga ilova qilingan roʻyxatga muvofiq belgilangan muddatda qurib bitkazishni pudratchi oʻz zimmasiga olganligi koʻrsatiladi;
- ishlarning qiymati qancha summani tashkil qilganligi;
- taraflar „Qurilishga oid pudrat shartnomalari haqidagi qoidalar“ga rioya qilishlari lozimligi koʻrsatiladi;
- shartnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qoidalar koʻrsatiladi;
- shartnoma shartlarini bajarmagan yoki oʻz vaqtida lozim darajada bajarmagan tomon uchun qoʻllaniladigan jarima miqdori koʻrsatiladi;
- shartnoma taraflarning bank hisob raqamlari, adreslari, vakillarining imzolari va muhrlari bilan tasdiqlanadi.
Qurilishga oid pudrat shartnomasi 3 nusxada tuzilib, ikki nusxasi taraflarda qoladi, bir nusxasi esa qurilishni mablagʻ bilan taʼminlovchi bankka yuboriladi[9]. Pudratchi obyektning loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan koʻrsatkichlarga, shu jumladan, korxonaning ishlab chiqarish quvvatiga erishmaganligi aybi yoʻqligini isbotlab bergan holatlarda javobgarlikdan ozod boʻladi. Lozim darajada bajarmaslik yoki umuman bajarolmaslik buyurtmachi tomonidan tayyorlangan loyiha materiallari, buyurtmachi ajratgan va qurilish obyekti joylashgan yer, atrof-muhit, korxona quvvatini hisoblashdagi buyurtmachi tomonidan yoʻl qoʻyilgan jiddiy xatolar va boshqa holatlar asos boʻlishi mumkin[10]. Shuningdek Fuqarolik kodeksining 679-moddasiga muvofiq agar taraflarga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha ishlar to‘xtatilgan bo‘lsa va qurilish obyekti konservatsiya qilingan bo‘lsa, buyurtmachi pudratchiga konservatsiya qilingan paytga qadar bajarilgan ishlar haqining hammasini to‘lashi, shuningdek ishlarni to‘xtatish va qurilishni konservatsiya qilish zaruriyati tufayli qilingan xarajatlarni to‘lashi shart. Koʻpincha buyurtmachi muayyan sohaning mutaxasisi boʻlmaganligi sababli pudratchiga ishonch bildiradi va oʻrtada shartnoma tuzilishi bilan taraflarda huquq hamda majburiyatlar yuzga keladi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ A.P.Sergeeva, YU.K.Tolstogo. fuqarolik huquqi (pdf) (rus), Moskva: "Издательство Проспект", 2005 — 884-bet. ISBN 5-98032-379-1.
- ↑ Y.A. Suxanov. Fuqarolik huquqi (pdf) (rus), Moskva — 330-bet. ISBN 5-466-00043-4. (Wayback Machine saytida 2022-05-20 sanasida arxivlangan)
- ↑ M.I. Braginskiy. Qurilish shartnomasi va uning turlari (pdf) (rus), Moskva, 1999 — 254-bet.
- ↑ „Fuqarolik kodeksi“ (o'zbek) (doc) (1997-yil 1-mart). Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ „“Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi qonun“ (o'zbek) (1998-yil 1-noyabr). Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ „“Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisida”gi qonun“ (o'zbek) (doc).
- ↑ „Vazirlar Mahkamasining 18.08.2004-yilgi 400-sonli “Oʻzbekiston montaj va maxsus qurilish ishlari uyushmasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori“ (o'zbek) (doc) (2004-yil 18-avgust).
- ↑ Fuqarolik kodeksiga sharx (o'zbek). Toshkent: "Baktiria press", 2013 — 800-bet. ISBN 978-9943-4062-4-7.
- ↑ S.B. Boboqulov, D.M. Karaxo’jayeva. Fuqarolik huquqi. Maxsus qism (o'zbek), Toshkent — 143-bet.
- ↑ Fuqarolik huquqi.(2-qism). –T.:TDYU nashriyoti,. Fuqarolik huquqi 2-qism (o'zbek). Toshkent: "Adolat" nashriyoti, 2007 — 882-bet.