Pravoslavlik
Ushbu sahifani Provoslavlik bilan birlashtirish taklif etiladi. (munozara) |
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Pravoslavlik (rus. chin eʼtiqod) – xristianlikning 1054-yilda boʻlinib ketishi natijasida shakllangan xristianlikning uch asosiy yoʻnalishidan biridir. Asosan Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq, Bolqon mamlakatlarida keng tarqalgan pravoslavlikka dunyoda taxminan 215 million kishi eʼtiqod qiladi. Pravoslavlikda katoliklikda boʻlganidek yagona markaz hozir ham yoʻq. Bugungi kunda dunyoda 15 ta avtokefal (mustaqil) va 2 ta avtonom maqomga ega pravoslav cherkovlari mavjud. Ular umumcherkov ahamiyatiga molik masalalarni hal etishda bir-birlari bilan aloqada boʻlib turadilar. Pravoslavlik diniy taʼlimoti „Muqaddas yozuv“ („Injil“) va „Muqaddas rivoyatlar“ga asoslangan. Bu aqidalarni pravoslav cherkovlari ilohiy xarakterga ega, abadiy va oʻzgarmas deb biladi."Muqaddas uchlik"- xudoning bir vaqtning oʻzida ham yagona, ham uch xil koʻrinish (Ota-xudo, Oʻgʻil-xudo-Iso va Muqaddas Ruh)da namoyon boʻladi, deb ishonish, insonni tugʻma gunohkor deb bilish, Isoning inson qiyofasiga kirib, oʻz ummatlarini gunohdan xalos etish uchun oʻzini qurbon qilganini tan olish, oxiratga va unda qayta tirilishga eʼtiqod qilish, cherkovning xudo va odamlar oʻrtasidagi vositachi ekaniga ishonish pravoslavlik diniy taʼlimotining asosini tashkil etadi. Pravoslavlikda diakon, yepiskop, mitropolit, patriarx kabi diniy rutbalar mavjud. Xristianlikning 7 sirli marosimi pravoslavlikning ham asosini tashkil etadi. Faqat ularning bajarilishida katoliklar bilan pravoslavlar orasida baʼzi farqlar bor. Pravoslavlikda: – yangi tugʻilgan bola choʻqintirilayotganda suvga botirib olinadi; – muqaddas moy surtish choʻqintirishdan soʻng ketma-ket mahalliy ruhoniy tomonidan bajariladi; – oddiy insonlar va ruhoniylar bir xil – kvasli non va vino bilan totinadilar; – nikoh marosimi cherkovda, ruhoniy tomonidan amalga oshiriladi. Er-xotin faqatgina xiyonat sababli ajrashishlari mumkin. Nikohni faqat cherkov bekor qila oladi; – xristianlikning boshqa konfessiyalaridan farqli ravishda „qora“ va „oq“ ruhoniylar farqlanadi. Jumladan, „qora“ ruhoniylarda „tselibat“, yaʼni uylanmaslik amaliyoti mavjud; – tavba marosimida katoliklikdan farqli ravishda tavba qiluvchi va ruhoniy yuzma-yuz oʻtirishadi.
Qolgan marosimlarda sezilarli farq kuzatilmaydi.
Pravoslavlikda ibodat asosan mahalliy tilda olib boriladi. Rojdestvo, Pasxa kabi umumxristian bayramlari pravoslavlikning ham asosiy marosimlari hisoblanadi.
Cherkovlar boʻlinganidan soʻng katoliklar tomonidan qabul qilingan aqidalarni pravoslavlar xato, „Muqaddas yozuv“ va „Muqaddas rivoyatlar“ga zid, deb hisoblaydilar. Shuningdek, cherkovlar boʻlinishidan soʻng katoliklar tomonidan qabul qilingan bayramlarni ham pravoslavlar nishonlamaydilar.
Rus pravoslav cherkovi – Moskva patriarxiyasi dunyodagi eng katta mustaqil (avtokefal) pravoslav cherkovidir. Toshkentda Rus pravoslav cherkovining Toshkent va Oʻrta Osiyo yeparxiyasi mavjud boʻlib, u Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston pravoslavlarining markazi hisoblanadi.
Pravoslavlar asosan quyidagi bayramlarni nishonlaydilar:
1. Iso tugʻilgan kun (Rojdestvo Xristovo – dunyo pravoslavlarida 25-dekabr, Rus pravoslav cherkovida 7-yanvar);
2. Isoning xatna qilinishi (Obrezaniye Gospodne – 14-yanvar);
3. Isoning choʻqintirilishi (Kresheniye Gospodne. Bogoyavleniye – 19-yanvar);
4. „Qadimgi Axd“ va „Yangi Axd“lar birlashgan kun (Sreteniye Gospodne – 15-fevral);
5. Ilohiy xushxabar (7-aprel);
6. Isoning Quddusga kirishi (Vxod Gospoden v Iyerusalim – 24-aprel);
7. Pasxa (Pasxa Gospodnya. Svetloye Xristovo Voskresenye- 1-may);
8. Isoning osmonga koʻtarilib ketishi (Vozneseniye Gospodne – 9-iyun);
9. Muqaddas uchlik yoki Pyatidesyatnisa bayrami (Den Svyatoy Troisn ili Pyatidesyatnisa – 19-iyun);
10. Yahyo paygʻambarning tugʻilgan kuni (Rojdestvo Ioanna Predtechi – 7-iyul);
11. Havoriylar Petr va Pavellar kuni (Svyatmx pervoverxovnix apostolov Petra i Pavla – 12-iyul);
12. Iso Masihning Yermon togʻida nurlanishi bayrami (Preobrajeniye Gospodne – 19-avgusta);
13. Bibi Maryamning vafoti (Uspeniye Presvyatoy Bogorodism – 28-avgust);
14. Yahyo paygambar qatl etilgan kun (Useknoveniye glavn Ioanna Predtechi – 11-sentyabr);
15. Bibi Maryamning tugʻilgan kuni (Rojdestvo Presvyatoy Bogorodism – 21-sentyabr);
16. Iso mixlangan xochni tiklash bayrami (Vozdvijeniye Kresta Gospodnya – 27-sentyabr);
17. Bibi Maryamning 910 yilda Konstantinopol shahri qamali paytida moʻjizaviy paydo boʻlishi bayrami (Pokrov Presvyatoy Bogorodism – 14-oktyabr)[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 319.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.