Peritonit
Peritonit (yun. peritonaeum — qorin pardasi) — qorin pardasining yalligʻlanishi. Hamma yoshdagi kishilarda uchraydi. Odatda, qorin boʻshligʻidagi aʼzolarning shikastlanishi yoki ularga mikroblar (ichak tayoqchasi, streptokokk, stafilokokk) tushishi oqibatida yuzaga keladi. Meʼda, oʻn ikki barmoq ichak yarasi, oʻt pufagi, koʻrichakning yorilib ketishi va churraning qisilib qolishi, qorin boʻshli-gʻining jarohatlanishi va boshqa P.ga sabab boʻladi.
Oʻtkir va surunkali P. farq, qilinadi. Oʻtkir P.da dastlab bemorning koʻngli aynib, qusadi, qorni qattiq ogʻriydi, hiqichoq tutadi, ichi qotadi. Kasallik tezda zoʻrayib, qorin boʻshligʻida yiringli ekssudat toʻplanadi. Bunda bemorning rangi oqarib, koʻzlari xiralashadi, nafasi tezlashib, qorni shishib ketadi, tez-tez qusadi. Oʻtkir P. hayot uchun juda xavfli boʻlib, bemor zudlik bilan kasalxonaga yotqiziladi. Surunkali P. koʻpincha biror aʼzoning zararlanishi yoki surunkali kasallik (mas, sil) oqibatida paydo boʻladi, odatda, asta-sekin rivojla-nadi. Bunda qorin boʻshligʻida suyuklik toʻplanib, bemor ozib ketadi, qorni ogʻriydi, qabziyat kuzatiladi.
Davos i: oʻtkir P. operatsiya qilib davolanadi. Surunkali P.da davo kasallikning asosiy sababiga qarshi qaratiladi. Antibiotiklar buyuriladi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |