Kontent qismiga oʻtish

Partisipativ iqtisodiyot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Partisipativ iqtisodiyot — hozirgi zamon bozor iqtisodiyoti. Hozirgi davrda real hayotda bozor iqtisodiyoti sof bozor mexanizmi va rejali iqtisodiyot unsurlarini mujassamlashtiradi. Mulkchilikning har xil shakllari, tadbirkorlikning turli yoʻnalishlari mavjud boʻladi, unda rejalashtirish, prognozlash, aholini sotsial himoyalash kuchayadi.

Masalan, AQSh iqtisodiyoti hozirgi davrda oldingi erkin bozor iqtisodiyotidan sezilarli farq qiladi. Bu farqlar quyidagilarda koʻrinadi:

  • mulkning bir qismi davlat qoʻlida boʻlib, u iqtisodiyotda faol rol oʻynaydi. Bu iqtisodiyotning barqarorligi va oʻsishi uchun sharoit yaratishda, bozor tizimi etarli darajada ishlab chiqarmaydigan yoki umuman yetkazib bermaydigan ayrim tovarlar va xizmatlar bilan taʼminlashda, daromadlar taqsimlanishini oʻzgartirishda va shu kabilarda namoyon boʻladi.
  • sof kapitalizmdan farq qilib amerika iqtisodiyotiga yirik korporatsiyalar va kuchli kasaba uyushmalari shaklidagi qudratli iqtisodiy tashkilotlar mavjud.

Bu yerda, shuni alohida taʼkidlash lozimki, xususiy mulkchilik va bozor tizimiga suyanish, ijtimoiy mulkchilik va markazdan rejalashtirish har doim ham bir vaqtda mavjud boʻlmasligi mumkin. Masalan, sobiq millatchi Germaniya iqtisodiyoti avtoritar kapitalizm deb atalgan, chunki mulkchilik xususiy boʻlib qolsada, mamlakat iqtisodiyoti qattiq nazorat ostiga olingan va markazdan boshqarilgan. Buning teskarisi, bozor sotsializmi deb atalgan sobiq sotsialistik Yugoslaviya iqtisodiyotida resurslarga ijtimoiy mulkchilik xos boʻlgan va bir vaqtda iqtisodiy faoliyatni tashkil qilish va boshqarishda erkin bozor asosida olib borilgan.

Shvetsiya iqtisodiyotida ham 90 %dan ortiq xoʻjalik faoliyati xususiy firmalarda toʻplangan boʻlsada, davlat iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va daromadlarni qayta taqsimlashda faol qatnashadi. Hozirgi vaqtda Xitoy Xalq Respublikasida davlatning markazlashgan holda iqtisodiyotga aralashuvi va rejalashtirish tizimi saqlanib qolgan holda bozor mexanizmlari muvaffaqiyat bilan qoʻllanilib, barqaror va tez surʼatlar bilan iqtisodiy oʻsishga erishmoqda.