Kontent qismiga oʻtish

Ozonosfera

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ozonosfera — Yer sirtidan 10–50 km balandlikda joylashgan ozonli atmosfera qatlami. Ozon 20–25 km balandlikdagi Ozonosferada eng koʻp toʻplanadi. Ozonosferada ozonning hosil boʻlishi va uning balandlik boʻyicha tarqalishini fotokimyoviy nazariya tadqiq qiladi. Ozon Quyosh radiatsiyasini kuchli yutadi, shuning uchun Quyosh radiatsiyasining biologik jihatdan ancha faol qismi Yer sirtiga yetib kelmaydi. Radiatsiyani yutishi natijasida Ozonosfera qatlamida temperatura ancha koʻtariladi. Ozonosferadagi ozonni tekshirish uchun har xil balandlikda olingan havo namunasi tahlil qilinadi: Yer sirtidagi yoki zond va raketalar yordamida atmosferaga olib chiqilgan optik asboblar (spektrofotometr)dan foydalaniladi. Ozonosfera maʼlumotlari Quyosh radiatsiyasining Yer atmosferasida yutilish tabiatni oʻrganishda juda muhim oʻrin kasb etadi[1].

Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni toʻxtatish boʻyicha milliy dastur

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-martdagi qaroriga muvofiq Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni toʻxtatish boʻyicha milliy dastur tasdiqlandi. Milliy dastur bilan ozon qatlamini buzuvchi moddalar (OBM)dan foydalanishni toʻxtatish harakatlarining maqsadlari va strategik yoʻnalishlari belgilab berildi. Dasturga koʻra, Vazirlar Mahkamasi ozon qatlamini buzuvchi moddalar iste’molini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Milliy dastur doirasida OBMni va ularning tarkibidagi mahsulotlarni Oʻzbekistonga olib kirish va olib chiqishni toʻxtatish hamda bunda qat’iy nazoratni oʻrnatish, OBM va tarkibida ular mavjud boʻlgan mahsulotlarning importi va eksporti boʻyicha ma’lumotlar bazasini shakllantirish, OBMni qayta ishlash boʻyicha 6 ta yangi markaz tashkil qilish nazarda tutilgan[2].