Kontent qismiga oʻtish

Oy va sariq chaqa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oy va sariq chaqa
Asl nomi The Moon and Sixpence
Muallif(lar) Moem Uilyam Somerset
Muharrir(lar) Sayyora Halimova
Tarjimon(lar) Rahmatilla Inogʻomov
Mamlakat Oʻzbekiston
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i roman
Nashriyot „Yangi asr avlodi“
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 2021
Sahifalar soni 272
ISBN 978-9943-20-893-3

„Oy va sariq chaqa“ingliz yozuvchisi Moem Uilyam Somerset qalamiga mansub „The Moon and Sixpence“ romanining Rahmatulla Inogʻomov oʻgirgan oʻzbekcha tarjimasi. Roman ilk bor 1919-yil 15-aprelda chop etilgan. Asar bosh qahramoni Charlz Striklend oʻrta yoshli, inliz birja dalloli boʻlib, keyinchalik oʻzida sanʼatga boʻlgan qiziqish va isteʼdodni payqab qolib, qolgan umrini shunga bagʻishlashga qaror qiladi[1]. Buning uchun u hatto xotini va bolalarini ham tashlab ketadi. Asar qisman fransuz rassomi Paul Gauguin hayotiga asoslangan.

Syujet mazmuni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kitob asosan Londonda yashovchi yosh, isteʼdodli yozuvchi, dramaturg tilidan yozilgan. Baʼzi boblar butunlay boshqa personajlar tomonidan sodir boʻlgan voqealar haqidagi hikoyalarni oʻz ichiga oladi. Hikoyachi ularni ayrimlardan eshitgan holda tasvirlab beradi. U avvaliga adabiy kechalardan birida Striklendning rafiqasi bilan, keyinroq uning oʻzi bilan tanishadi. Striklend xotinidan farqli oʻlaroq, adabiyot va san’atga umuman aloqasi boʻlmagan va qiziqmagan oddiy birja dalloli boʻlib koʻrinadi.

Striklend Londonda oʻziga toʻq oilaning boshligʻi boʻlib, birja dalloli sifatida ishlaydi. Avvaliga xotini va bolalarini tashlab, Parijga boradi. Romanning asosiy qismi ham Striklend xonimning hikoyachi qahramonga erining ortidan borib, u bilan gaplashib koʻrishini iltimos qilishi va shundan keyin Striklendni izlab Parijga borganidan boshlanadi. Janob Striklend Parijda rassomchilik bilan jiddiy shugʻullanishni boshlab yuborgan, toʻgʻrirogʻi unga mukkasidan ketgan, ammo qashshoq yashardi[2]. Xaroba mehmonxonalarga joylashar, kezi kelsa kasallik va ochlikning qurboniga aylanardi. U atrofiga, jismoniy noqulayliklarga ham eʼtibor bermagan holda, sanʼati orqali oʻz ichki dunyosida ustunlik qiladigan narsalarni tasvirlashga urinardi. Striklendga koʻpincha moliyaviy jihatdan yaxshi hayot kechiradigan, chizgan sanʼat asarlari oʻsha paytda bozorda yaxshi baholanadigan golland rassomi Dirk Struve yordam berar, uni qoʻllab quvvatlardi. Dirk Struve romanni hikoya qilib beruvchining eski doʻsti boʻlib, Striklendni daho rassomligini birinchilardan u tan oladi. Striklend ogʻir kasallikka uchrab, yotib qolganida janob Struve uni uyiga olib borib xotini Blansh bilan birga parvarish qiladi, davolaydi. Blansh Struve esa Striklendni sevib qolgandan soʻng, Dirk uyni tark etishga majbur boʻladi. Keyinchalik Striklend Blanshdan voz kechadi. Sababi ayol unga jiddiy munosabatlar uchun emas, balki yalongʻoch ayol tasvirini chizishda model sifatida kerak edi. Ammo rassom ayolni oldindan bu bilan ogohlantirgan boʻladi. Muhabbati bir tomonlama ekanligiga bardosh bera olmagan Blansh oʻz joniga qasd qiladi. U Striklendning sanʼat va goʻzallikka intilish yoʻlidagi yana bir qurboni boʻlib, ilk qurbonlar uning oʻzi, xotini va bolalari edi[3].

Parijdan keyingi voqealar rivoji Taitida boʻlib oʻtadi. Hikoyachi u yerga borganida Striklend allaqachon vafot etgan edi, uning shu oroldagi hayotini mahalliy aholi orasida uni taniydiganlardan eshitadi. Rassom orolda mahalliy bir ayolga uylanib undan ikki farzand koʻradi (ulardan biri vafot etadi), koʻplab ijod namunalari yaratadi. U Taitiga borib moxov kasalligiga yoʻliqib vafot etishidan oldin Fransiyadagi Marsel portida ham bir necha yil yashaydi. Striklend koʻplab sanʼat asarlarini yaratib qoldiradi. Ammo oʻlimi oldi, moxov kasalligi bilan ogʻrigan paytlaridagi kulbasining devorlariga chizilgan shoh asari vasiyatiga binoan vafotidan keyin xotini tomonidan yoqib yuboriladi.

Asar gʻoyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oy va sariq chaqa albatta Paul Gauguinning shunchaki uydirmalarga asoslangan hayoti emas. Bularni men eshitganlarimga asoslangan holda yozdim. U haqida eshitganlarimni ham albatta faktlarga tayangan holda yozdim. Qolganlarini esa oʻzim erishish baxtiga muyassar boʻlgan tafakkurning egalariga topshirdim[4]

Asar yuqorida aytilganidek, fransuz rassomi Paul Gauguin hayotidan ilhomlangan holda yozilgan. Ammo Striklendning yolgʻiz, sotsiopatik, buzgʻunchi daho sifatidagi xarakteri haqiqiy hayotdan koʻra, rassomning oʻzi tasavvuriga keltirgan va targʻib qilgan Gogin hayotining mifologik versiyasi bilan bogʻliq. Gauguin 1880-yillarda Fransiyadagi badiiy taraqqiyotga oʻz hissasini qoʻshgan ijodkorlardan biri boʻlib, muntazam ravishda impressionizm yoʻnalishida ijod qilgan va koʻplab rassomlar bilan doʻstlashib, hamkorlik qilgan. Gauguin birja dalloli boʻlib ishlagan. Keyinchalik umrini sanʼatga bagʻishlash uchun oilasi va xotinini tashlab ketgan. Shundan soʻng Yevropada bir necha yil yashab, Taitiga koʻchadi. Maugham oʻsha paytda nashrdan chiqqan Gauguin haqidagi mavjud manbalardan, 1904-yilda Parijdagi badiiy uyushma orasida yashab orttirgan tajribasidan hamda 1914-yildagi Taitiga qilgan tashrifidan ilhomlanadi[4]. Striklend obrazi atrofidagi odamlarga befarq va ular bilan murosa qilishi qiyin boʻlgan „zamonaviy daho rassom“ning ekstremal koʻrinishi sifatida yaratilgan.

1953-yilgi yoziqlarida, Maugham 1904-yilda Parijda kechgan bir yili davomida kitob yozish gʻoyasini shunday taʼriflaydi: „...Men Pont-Avenda uni tanigan va u bilan birga ishlagan odamlarni uchratdim. Men u haqida koʻp eshittim va bu eshitganlarim bir roman yozish uchun yaxshigina asos boʻlishi xayolimga keldi“. Bu gʻoya tahminan oʻn yilcha uning xayolini band qiladi. 1914-yilda Taitiga qilgan safari, u yerda Gauguinni tanigan odamlar bilan uchrashishi Maughamni ancha yildan beri oʻylab yurgan asarini yozishni boshlashga undaydi[4].

Tanqidchi Amy Dickson Gauguin va Striklend oʻrtasidagi bogʻliqliklarni koʻrib chiqadi. U romanda keltirilgan Striklend haqidagi taʼrifni, yaʼni: „uning kamchiliklari sanʼat oldidagi xizmatlariga zaruriy toʻldiruvchi sifatida qabul qilinadi ... lekin shunisi shubhasiz ayonki, u haqiyqatda dahodir“, Gauguinning oʻzi haqidagi taʼrifiga qarama-qarshi qoʻyadi: „Men rassomman va siz haqsiz, siz jinni emassiz, men buyuk rassomman va bunday azoblarni boshdan kechirganim uchun buni bilaman. Aks holda, men oʻzimni qaroqchi deb hisoblagan boʻlardim — shungogʻam koʻpchilik men haqimda shunday fikrda.“ Dicksonning roman haqidagi xulosalari quyidagicha: „Maughamni hayratga solgan narsa shu ediki, Yevropadan modernizm kirib kelishining ingliz ongiga taʼsiri va modernist daho rassomlarga sigʻinishning paydo boʻlishi. Oy va sariq chaqa bir vaqtning oʻzida ham Edvard davri odatlarining satirasi, ham Gauguinning tarjimai holi hamdir[5].“

  1. Moem Uilyam Somerset. Oy va sariq chaqa. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2021 — 272-bet. ISBN 978-9943-20-893-3. 
  2. „Somerset Moem inson tuyg’usi haqida (“Oy va sariq chaqa” romanidan tagiga chizib o’qiladigan satrlar)“. kh-davron.uz. Qaraldi: 4-fevral 2024-yil.
  3. „“Orzudan kechmang” - qalbga quloq solishga undovchi “Oy va sariq chaqa” asari haqida“. kh-davron.uz. Qaraldi: 6-fevral 2024-yil.
  4. 4,0 4,1 4,2 Author’s preface to The Selected Novels of W. Somerset Maugham, (Volume 2), William Heinemann, 1953 (ebook at archive.org).
  5. Amy Dickson, Gauguin: A very British reception in B. Thompson (ed.), Gauguin: Maker of Myth, Tate Publishing, 2010, pp. 68–69.