Oliy taʼlim
Oliy taʼlim — turli oliy oʻquv yurtlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimi. Oliy taʼlim oliy oʻquv yurtlari tomonidan xalq xoʻjaligi, fan va madaniyatning turli sohalari boʻyicha oliy malakali mutaxassis boʻlishni istagan va tegishli talablarni bajargan oʻrta maxsus yoki kasb-hunar taʼlimini olgan kishilarga ilmiy-nazariy bilim berish hamda muayyan koʻnikmalar shakllantirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Oliy taʼlim jarayonida talabaga oliy maʼlumot beriladi. Oliy maʼlumot tushunchasi muayyan ixtisoslik boʻyicha mutaxassis oldida turgan nazariy va amaliy muammolarni mustaqil hal qilish imkonini beradigan darajadagi bilim va malakalar yigʻindisini anglatadi.
Oliy taʼlim uzoq tarixga ega boʻlib, u dastlab Qadimgi Sharq mamlakatlarida paydo boʻlgan. Misr, Bobil, Xitoy singari mamlakatlarda miloddan bir necha ming yillar burun Oliy taʼlim tizimi dunyoga kelgan. Oliy bosqichdagi maktablarda talabalar olimlarning tabiat va jamiyatning rivojlanish qonuniyatlari, davlatni boshqarish yoʻllari haqidagi asarlarini oʻrganar edilar. Platon (miloddan avvalgi 428—348 yil), Aristotel (miloddan avvalgi 384—322 yil) singari mutafakkirlar har bir shaxsning jismoniy va aqliy imkoniyatlari 3 bosqichli taʼlimda toʻla namoyon boʻlishini asosla-ganlar. Shuning uchun ham Yunoniston va Qadimgu Rimda ozod kishilar hamda aslzodalarning farzandlari uchun taʼlimning uchinchi — oliy bosqichi zarurligi tan olingan. Antik Oliy taʼlimda falsafa, filologiya, musiqa, notiqlik, tibbiyot, matematika fanlarini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Musulmon Sharqining koʻp mamlakatlaridagi kabi Turkistonda ham dastlabki Oliy taʼlim madrasalarda mavjud berilgan. Insoniyat tarixida musulmon Renessansi degan bosqichning yuzaga kelishida madrasalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan.
Gʻarb mamlakatlarida 11—12-asrlarga kelib zamonaviy maʼnodagi Oliy taʼlim tizimining dastlabki koʻrinishlari vujudga kela boshladi. Uygʻonish davrida matematika, mexanika, astronomiya, navigatsiya, tibbiyot kabi sohalardagi ulkan ilmiy kashfiyotlar Oliy taʼlimning mazmuni chuqurlashuvi hamda qamrovi kengayishiga sabab boʻldi. Fan, texnika, madaniyat va sanʼatning rivojlanishiga mutanosib ravishda Oliy taʼlim ham taraqqiy etib bordi.
Oʻzbekistonning mahalliy aholisiga hozirgi tushunchadagi Oliy taʼlim Oʻrta Osiyo jadidchilik harakati asoschisi Munavvarqori rahbarligida 1918-yil 12-mayda Toshkentda tashkil etilgan Xalq dorilfununida berila boshlangan. Shoʻrolar davrida Oliy taʼlim tarmogʻi bir qadar kengaygan boʻlsada, mahalliy aholidan oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash ustuvor mavqeda boʻlmagan.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan keyin Oliy taʼlim tez surʼatlar bilan rivojlana boshladi. Oʻzbekiston Respublikasining „Taʼlim toʻgʻrisida“gi qonuni (1997)ga muvofiq, Oliy taʼlim oʻrta maxsus yoki kasb-hunar taʼlimi negiziga asoslanadi hamda ikki — bakalavriat va magistratura bosqichiga ega. Kadrlar tayyorlash milliy dasturini roʻyobga chiqarishning maʼlum davriga qadar Oliy taʼlim oʻn bir yillik umumiy oʻrta taʼlim negizida ham amalga oshiriladi. Eʼtiqod erkinligiga amal qili-nadigan Oʻzbekiston Respublikasida dunyoviy oliy oʻquv yurtlari bilan birgalikda oliy diniy oʻquv yurtlari ham bor. Oʻzbekistonda Oliy taʼlim davlat qaramogʻidadir. Mamlakatda universitet Oliy taʼlimi ustuvor maqomga ega. Bu tayyorlanayotgan mutaxassislarning jahon darajasida nazariy bilim va amaliy tayyorgarlikka ega boʻlish imkonini beradi.
Oliy taʼlim rasmiy davlat hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Bunda taʼlimning davlat standartlari, oʻquv rejalari hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ularda oʻrganilishi majburiy va ixtiyoriy boʻlgan fanlar, ixtisoslik kurelari, ularning oʻqitilish tartibi, miqdori, vaqti, nazariy va amaliy taʼlim oʻrtasidagi nisbat, nazariy mashgʻulotlar, oʻquv va ishlab chiqarish amaliyotlari, reyting davri, taʼtil, bakalavrlarning malakaviy bitiruv ishlari, magistrlarning dissertatsiyalarni yoqlash muddati asosiy pedagogik hujjat — oʻquv rejasida belgilab beriladi. Oʻquv rejasida oʻrganiladigan fanlar gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy, matematik va tabiiy-ilmiy, umumkasbiy, ixtisoslik fanlari va taʼlimning qoʻshimcha turlari singari qismlarga boʻlinadi. Oʻquv rejasidagi fanlar majburiy, maxsus, tanlov va fakultativ koʻrinishlarida olib borilishi koʻzda tutilgan.
Talabalarga ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy maʼlumot berish taʼlimning sirtqi shakli orqali amalga oshiriladi (qarang Sirtqi taʼlim). Oʻzbekiston Respublikasida Oliy taʼlim tizimida bir qancha ixtisoslik boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi. Kunduzgi Oliy taʼlimda oʻqish kurs tizimida olib boriladi: talaba barcha oʻquv mashgʻulotlariga qatnashishi majburiy. Sirtqi Oliy taʼlimda taʼlimning fan-kurs tizimi joriy etilgan. Bunga koʻra, talaba imtihon sessiyasidagina mashgʻulotlarga kelishga majbur. Sirtqi Oliy taʼlimning imtihon sessiyalari har bir oʻquv yurtining imkoniyatiga qarab, bir yilda ikki martadan ortiq boʻlmagan yoʻsinda tashkil etiladi. Sirtqi Oliy taʼlim muddati kunduzgi oʻqishdagi tegishli mutaxassislikka qarab yarim yoki bir yil ortiq davom etadi (yana qarang Oliy oʻquv yurtlari).
Krzoqboy Yoʻldoshev.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |