Oliy nerv faoliyati
Oliy nerv faoliyati - hayvon va odam markaziy nerv sistemasi oliy boʻlimlari (bosh miya yarim sharlari pusti va pust osti markazlari)ning faoliyati; butun organizmning tashki muhit bilan normal munosabatda bulib turishini taʼminlaydi. Oliy nerv faoliyatif. terminini fanga I. P. Pavlov kiritgan. U Oliy nerv faoliyatini "psixik faoliyat" bilan bir maʼnodagi tushuncha deb hisoblagan. Pavlov aytganidek, psixik faoliyatning hamma shakllari, jumladan, odam tafakkuri va ongi oliy nerv faoliyati elementlaridandir. Oliy nerv faoliyati. toʻgʻrisidagi taʼlimotni yaratuvchilardan biri — Pavlovning oʻtmishdoshi I. M. Sechenov boʻlgan. U "Bosh miya reflekslari" degan asarida (1863) psixik faoliyatning reflektor tabiati toʻgʻrisidagi gʻoyani rivojlantirgan. Yuqori darajada tashkil topgan hayvonlar oliy nerv faoliyati asosida markaziy nerv sistemasining yuqori qismlari (yuqori darajada tuzilgan umurtqali hayvonlarda va odamda — bosh miya katta yarim sharlarining poʻstlogʻi)da hosil boʻladigan shartli reflekslar hamda murakkab shartsiz reflekslar (instinktlar, emotsiyalar), yaʼni, asosan, poʻstloq osti nerv hosilalari tomonidan amalga oshiriladigan bosh miya faoliyatining shakllari yotadi. Shartsiz reflekslarning Oliy nerv faoliyatidagi roli shundaki, mazkur reflekslar asosida hamma shartli reflekslar hosil boʻlibgina qolmay, balki shartli va shartsiz reflekslarning Oliy nerv faoliyatidagi ahamiyati hayvonot olamining tarixiy rivojlanish jarayonida oʻzgaradi. Pavlov fikricha, hatto yuqori darajada rivojlangan hayvonlar (mas, it, maymun)ning Oliy nerv faoliyati asosan, hayvonlar bilan odamda umumiy boʻlgan birinchi signal sistemasining xilma-xil va turli-tuman shartli reflekslar yigindisidan iborat. Nutqning asta-sekin rivojlanishiga qaramasdan birinchi signal sistemaning shartli reflekslari bolalar hayotining dastlabki yillarida Oliy nerv faoliyatining asosiy fondini tashkil qiladi; keyingi oʻsish davrlarida esa odamning Oliy nerv faoliyati maʼlum oʻrinni egallaydi. Lekin odamda mehnat faoliyatining ijtimoiy shakllari rivojlanishi munosabati bilan ikkinchi signallar paydo boʻldi va rivojlandi. Pavlov Oliy nerv faoliyatining quyidagi asosiy qoidalarini ishlab chiqqan: 1) shartli reflekslar yoki nerv tutashishlarining hosil boʻlishi; 2) shartli refleks kuchining qoʻzgʻalish kuchiga bogʻliqligi; 3) shartli qoʻzgʻatgichlarning yigʻindisi; 4) shartli reflekslar mustahkam boʻlmaganligi uchun, shartli qoʻzgʻatuvchining keskin kuchayishi yoki yangi qoʻzgʻatuvchining taʼsiri tufayli tormozlanishning oʻsishi; 5) nerv jarayonlarining bosh miya poʻstlogʻida tarqalishi va konsentratsiyalanishi natijasida uning ayrim qismlari oʻrtasida aloqaning vujudga kelishi hamda shartli reflekslarning umumlashishi va ixtisoslashishi; 6) qoʻzgʻalish va tormozlanishning poʻstloq manbalari oʻrtasidagi qarama-qarshi oʻzaro munosabatni taʼminlaydigan nerv jarayonlarining bir-biri bilan bogʻliq induksiyasi.
Oliy nerv faoliyatida markaziy hodisa shartli reflekslar boʻlib, ular jahon neyrofiziologiyasi va eksperimental psixologiyadagi muqim tadqiqot obyekti hisoblanadi. Pavlov va uning xodimlari belgilagan Oliy nerv faoliyatining asosiy faktlari va izchilligining toʻgʻri ekanligi olimlarning koʻpgina ishlarida isbotlangan. Xususan, fiziolog P. K. Anoxin funksional sistema nazariyasini ishlab chiqib, bu nazariyani funksiyalar evolyusiyasiga tatbiq etdi, natijada evolyusion jarayonning umumiy qonuniyati boʻlgan sistemogenez tushunchasini yaratdi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |