Kontent qismiga oʻtish

Ogʻir atletika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
2012-yilda Londonda boʻlib oʻtgan yozgi Olimpiada oʻyinlarida ispaniyalik ogʻir atletikachi Lidiya Valentin.

Ogʻir atletikasport turi, har xil vazn toifalarida ogʻir narsalar (shtanga, tosh) koʻtarishda musobaqalashish. Ogʻirliklarni koʻtarish mashqlari qad. zamonlardan maʼlum. Rasmiy musobaqalar esa 1860-yillardan (birinchi marta AQShda) oʻtkazib kelinadi. hozirgi vaqtda shtangani ikki qoʻllab dast va siltab koʻtarish (1972-yildan) Ogʻir atletikaning asosiy mashqlari hisoblanadi. Dast koʻtarishda sportchi shtangani toʻxtatmay bir harakat bilan, siltab koʻtarishda — ketma-ket ikkita harakatda — avval koʻkrakka olish, keyin esa yuqoriga choʻzilgan qoʻllarga koʻtarishni amalga oshiradi. Ogʻir atletikachilarni (1977-yildan) 10 vazn toifasiga (52 kg gacha — 110 kg dan yuqori) ajratadilar. Ogʻir atletika 1896-yildan Olimpiada oʻyinlari (1900, 1908, 1912-yildan tashqari) dasturiga kiradi. 1896-yil 1-Yevropa chempionata, 1898-yil 1-jahon chempionata boʻlib oʻtgan. Oʻzbekistonda birinchi Ogʻir atletika toʻgaragi 1917-yilda Toshkent shahrida ochilgan, u "Toshkent ogʻir atletika jamiyati" deb atalgan. Oʻzbekistonda Ogʻir atletikaning asoschisi Feoktist Gorizdro qisoblanadi. Oʻzbekistonda O.a federatsiyasi 1992-yildan faoliyat koʻrsatadi. U Xalqaro Ogʻir atletika federatsiyasi — IWf ga (1993), Osiyo Ogʻir atletika federatsiyasiga (1994) aʼzo. Oʻzbekiston Ogʻir atletika federatsiyasi har yili kattalar va yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston birinchiligi musobaqalarini oʻtkazadi. Andijon, Toshkent viloyatlari, Toshkent va Samarqand shaharlarida Ogʻir atletika keng ommalashgan. Ogʻir atletika seksiyalarida 7000 ga yaqin kishi muntazam shugʻullanadi. Xalqaro toifadagi sport ustalari Erkin Karimov (jahon rekordchisi, 1968), Isroil Isoqov, Noil Muhamadyorov (olimpiada oʻyinlarining kumush medali sovrindorlari, 1988), Sergey Sirsov (jaxrn chempioni, 1991, Olimpiada oʻyinlarining kumush medali sovrindori, 1992), Igor Sodiqov (jahon chempioni, 1991) va Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi Igor Xalilov (yoshlar oʻrtasida Yevropa, jahon chempioni, 1992, Osiyoning 2 karra chempioni 1997, 2000) Oʻzbekistonning eng kuchli Ogʻir atletikachilaridir.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil