Ochilbek
Ochilbek, Ochil dev (taxminan 1883, Samarqand yaqinidagi Qoʻshtamgʻali qishlogʻi — 1923.10.5, Kitob atrofidagi Varganza qishlogʻi) — Samarqand viloyatida sovet rejimiga qarshi harakat rahbarlaridan biri. Oʻzbeklarning nayman urugʻidan boʻlgan. Samarqand va Toshkentdagi jadid maktablarida tahsil olgan. Gʻuzor beki Sayd Akram toʻra (Buxoro amiri Olimxonnnng amakisi) xizmatida boʻlib, harbiy ishni oʻrgangan.
1918-yil oxirida u boshchilik qilgan guruh Samarqand viloyatida qizil askarlarga qarshi hujum boshlagan. 1921-yildan Turkiston milliy birligi siyosiy tashkiloti koʻrsatmalari asosida ish olib borgan. Validiy uning qarorgohida boʻlib, bolsheviklarga qarshi kurashga gʻoyaviy rahbarlik qilgan (1922). Ochilbek boshchiligida 10 ta qoʻrboshi (Kattaqoʻrgʻonda Qoraqulbek, Urgutda Hoji Abdulqodir, Jizzax atrofida Maʼmur Niyozbek va Toʻrabek, Matcho bekligida Asrorxon, Nusratshoh, Hamidbek, Oʻratepada Xolboʻtabek va boshqalar) va 4000—5000 yigit faoliyat koʻrsatgan. U Samarqand viloyatidagi boshqa yirik qoʻrboshi — Bahrombek (vafoti 1922) bilan hamkorlikda harbiy hara-katlarda qatnashgan. Ochilbekning hujumlari oqibatida Samarqand—Zarafshon hududidan Matcho togʻlari etaklariga qadar boʻlgan joylarda sovet xokimiyati agʻdarilgan. 1923-yil may oyining boshlarida Ochilbek oʻz guruhi bilan Shaxrisabzdagi vatanparvarlarga yordamga borgan. Kitob atrofida qizil askarlar bilan boʻlgan jangda halok boʻlgan, uning omon qolgan (130 yigit) dastasiga Ziyovuddin boshchilik qilgan.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Validiy, Boʻlinganni boʻri yer [Xotiralar], T., 1997; Rajabov Q., Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash, T., 2002.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |