Oʻzgaruvchan yulduzlar
Oʻzgaruvchan yulduzlar — vaqt oʻtgan sari ravshanligini oʻzgartiradigan yulduzlar. Ravshanliklari oʻzgarishiga koʻra, tutiluvchi va fizik turlarga boʻlinadi. Tutiluvchi oʻzgaruvchan yulduzlar umumiy ogʻirlik markazi atrofida aylanuvchi ikki yulduzdan iborat tizim boʻlib, ularning orbita tekisliklari kuzatish chizigʻiga juda yaqin yotadi. Bunday yulduzlar bir-biridan juda kichik burchak masofada yotganidan ularni alohida-alohida koʻrib boʻlmaydi va ularning nurlanishi qoʻshilib, bitta yulduzdek koʻrinadi. Bir yulduz ikkinchisini toʻsishi natijasida bunday tizimning ravshanligi kamayadi. Tutiluvchi oʻzgaruvchan yulduzlarning ayrimlarida (masalan, Persey yulduz turkumining R yulduzi) tutilishdan boshqa paytda umumiy ravshanliklari oʻzgarmay saqlanadi. Boshqa tur tutiluvchi oʻzgaruvchan yulduzlarda (masalan, Liraning β yulduzi va Katta Ayiqning W tipida) esa sistemaning umumiy ravshanligi faqat tutilish paytidagina emas, balki tutilish kuzatilmagan paytda ham oʻzgaradi. Galaktikamizda 3000 ga yaqin tutiluvchi oʻzgaruvchan yulduzlar aniqlangan.
Fizik oʻzgaruvchan yulduzlar ravshanliklarining oʻzgarishi shu yulduzlar qaʼrida yuz beradigan fizik jarayonlar hisobiga boʻladi. Ular oʻz navbatida pulsatsiyalanuvchi va eruptiv yulduzlarga boʻlinadi. Pulsatsiyalanuvchi oʻzgaruvchan yulduzlar ravshanliklarining bir meʼyorda oʻzgarishi bilan ifodalanadi. Bu turdagi oʻzgaruvchan yulduzlarga davrlari uzunligi va ravshanliklari oʻzgarish darajasi turlicha boʻlgan sefeidalar, RR Lira turi, Savrning RV turi, Kitning omikron yulduzi (Mira) tipidagi oʻzgaruvchi yulduzlar misoldir. Eruptiv oʻzgaruvchan yulduzlar oʻzgaruvchanligi vaqti-vaqti bilan qaytalanuvchi chaqnash koʻrinishida boʻladi. Bunday chaqnashlar ushbu yulduzlardan plazmaning uloqtirilishi bilan tushuntiriladi. Oʻzgaruvchan yulduzlarni kuzatishdan turli yulduz tizimlarining yoshi va boshqa tafsilotlari ham aniqlanadi. Faqat sefeidalargagina mansub "davr-yorqinlik" bogʻliqlik ulargacha boʻlgan masofalarni juda aniq belgilash imkonini berdi. Galaktikaning uzoq joylarigacha boʻlgan masofalar ana shu usulda aniqlanadi. Hozirgi zamon kuzatishlari qoʻshaloq oʻzgaruvchan yulduzlardan baʼzilari rentgen nurlari manbalari ham ekanini koʻrsatdi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |