Oʻzbekiston milliy universitetining ilmiy kutubxonasi
Oʻzbekiston milliy universitetining ilmiy kutubxonasi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universitetining ilmiy kutubxonasi — Oʻzbekiston Respublikasidagi qadimiy va yirik kutubxonalardan biri. Tarkibi va miqdori jihatdan Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston davlatlari oliy oʻquv yurtlari kutubxonalari ichida eng yirigi. 1918-yil Toshkent shahrida Turkiston xalq universitetining Asosiy kutubxonasi sifatida tashkil etilgan; 1968-yildan Toshkent davlat universiteti kutubxonasi deb ataladi; 1969-yilda "ilmiy kutubxona" maqomi berildi; 1976-yildan Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy oʻquv yurtlari kutubxonalarining ilmiymetodik markazi. 1995-yildan hozirgi nomda. Kutubxona fondida 3 mln. dan ortiq turli fan sohalariga doir adabiyotlar mavjud (2005); har yili bir necha 10 ming dona kitob oladi. Kutubxonaning darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy va maʼlumotnoma adabiyotlar fondi, xorijiy tildagi adabiyotlar va davriy nashrlar fondi muhim ahamiyatga ega. 1926-yildan Oʻrta Osiyoda, 1938-yildan ittifoqda chop etilgan kitob va jurnallarning majburiy nusxasini ola boshlagan.
Kutubxona fondida nodir qoʻlyozmalar, litografiyada bosilgan asarlar, fan sohalariga oid sharq va gʻarb tillarida noyob yodgorliklar, olimlarning shaxsiy kitoblari bor.
Ilmiy kutubxonada kitob fondini toʻldirish, kitoblarga ilmiy ishlov berish va kataloglashtirish, kitob fondini sakdash, ilmiy bibliografiya, gʻoyaviytarbiyaviy ishlar, ilmiy metodik ishlar, kitobxonlarga xizmat koʻrsatish, kutubxonachilik, bibliografik va axborot jarayonlarini mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish boʻlimlari faoliyat koʻrsatadi, kompyuter xonasi bor. Bundan tashqari ilmiy kutubxonaning universitet asosiy binosi va shiftlarida joylashgan shoxobchalari mavjud. Ilmiy kutubxona ilmiy kitoblar, shiftlardagi 14 sohadagi oʻquv kutubxonalari boʻlimlari, 16 oʻquv zallari (700 oʻrinli) orqali kitobxonlarga xizmat koʻrsatadi (2005). Maxsus zallarda yangi adabiyotlar bilan tanishtirish uchun "Axborot haftaliklari", "Kafedralar kuni", "Mutaxassislar kuni", "Diplomantlar kuni" kabi koʻrgazmalar uyushtiradi.
Ilmiy kutubxona Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlari boʻyicha Kutubxonalararo abonementning muvofiqlashtiruvchi markazi, oliy va maxsus oʻquv yurtlari kutubxonalarining metodik markazi sifatida respublikadagi 65 ta oliy oʻquv yurtlari kutubxonalariga maʼlumotnomalar, maslahatlar, metodik yordam ishlarini amalga oshiradi. Xorijiy mamlakatlar (AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya va boshqalar) bilan hamkorlik qiladi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |