Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri — respublikada yetakchi simfonik orkestr. 1938-yil Oʻzbek davlat filarmoniyasi tarkibida Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri nomi bilan tashkil topgan (birinchi bosh dirijyori — G.Shpitalniy). 1982-yildan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jamoa. 1986-yildan hozirgi nomda. Oʻz faoliyati davomida orkestr chet el mumtoz (Gaydn, Motsart, Betxoven, Brams, Maler, List, Glinka, Chaykovskiy, Ravel, Debyussi va boshqalar) va 20-asr kompozitorlari (R.Shtraus, Britten, Prokofyev, Stravinskiy, Onegger, Shchedrin, Shostakovich, Shyonberg, Shnitke va boshqalar)ning deyarli barcha simfonik asarlarini ijro etgan. Jamoa Oʻzbekiston kompozitorlari (M.Ashrafiy, Ik. Akbarov, M.Burhonov, B.Zeydman, M.Tojiyev, M.Mahmudov, R.Vildanov, T.Qurbonov, S.Jalil, M.Bafoyev va boshqalar) asarlarining birinchi ijrochisi va targʻibotchisidir. Orkestrga A Kozlovsksh, N.Olimov, Z.Haqnazarovlar rahbarlik qilgan. 1998-yildan badiiy rahbari — K.Jalilov, bosh dirijyori — A.Ergashev. Orkestr bilan mashhur dirijyorlardan K.Kondrashin, Yu.Silantyev, AMelikPashayev, A.Kats, F.Mansurov (Rossiya), K.Mazur (Germaniya), J.Boudri (Kanada), S.Akchil (Turkiya), G.Kalayyani (Italiya) va boshqalar, sozandalardan I.Stern, J.Fergyusson (AQSH), M.Az (Fransiya), J.Lill (Angliya), Turini (Italiya), D.Oystrax, L.Kogan, M.Rostropovich, E. Gilels, R.Kerer, G.Kremer, V.Spivakov, T.Nikolayeva va boshqalar, xonandalardan I.Sumak (Peru), B.Minjilkiyev (Qirgʻiziston), M.Reyzen (Rossiya) va boshqalar chiqishlar qilganlar. Orkestr respublikada oʻtkaziladigan simfonik musiqa ("Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston", "Oʻrta Osiyo va Kavkazorti mamlakatlari"), zamonaviy musiqa ("Davr sadolari", "Ilhom — XX") festivallari, xalqaro musiqa anjumanlarida (Toshkent, 1975; Olmaota, 1975; Samarqand, 1978, 1983 va boshqalar) faol qatnashgan; Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon, Turkiya, Boltiqboʻyi va Oʻrta Osiyo mamlakatlari, Tailand, Singapurda gastrolda boʻlgan. Ijrolari oʻnlab gramplastinka va oʻzbek radiosi fonotekasiga yozilgan.