Fan komiteti
Fan komiteti, Oʻzbekiston Xalq Komissarlari Kengashi huzuridagi fan komiteti – 1930-yillarda Oʻzbekistonda fan shtabi vazifasini bajargan ilmiy tashkilot. 1932-yil oktyabrda Oʻzbekiston MIK huzurida tashkil etilgan. Uning tarkibida geologiya va mineral resurslar guruhi hamda kabineti, gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi, energstiklar, agrooʻrmonmelioratsiya guruhlari, oʻsimliklar resurslari guruhi va kabineti, xaritagrafiya boʻlimi hamda guruhlar qoshida tuproqshunoslik, gidrologiya va boshqa sektorlar boʻlgan. Fan komiteti zimmasiga zarur labaratoriya va institutlar tashkil etish hamda ularni jihozlash, ilmiy kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilgan. 1934-yil 1-iyundan Oʻzbekiston XKS ixtiyoriga oʻtkazilgan. 1935-yil Fan komiteti tizimida 12 ilmiy tadqiqot muassasasi, 2 kutubxona va jurnal tahririyati boʻlgan. Shu yili tarkibida yangi boʻlim, guruh, labaratoriya va sektorlar tashkil etildi. Ularning faoliyati xalq xoʻjaligining ayrim sohalari uchun amaliy ahamiyatga ega boʻlgan ilmiy masalalarni hal etishga qaratildi. Respublika ishlab chiqaruvchi kuchlarni oʻrganuvchi boʻlimning tashkil topishi ham Fan komiteti faoliyatida katta rol oʻynadi. 1937-yil Fan komiteti tarkibida tibbiyot va fizika matematika, ijtimoiy, texnika fanlari boʻlimlari tuzildi; boʻlim sifatida nashriyot ham tashkil etildi. Fan komiteti faoliyatida kimyo, fizika, matematika, gidroenergetika, geologiya, adabiyot va til fanlari yetakchi ilmiy yoʻnalishga aylandi. Fan komiteti muassasalari Oʻzbekiston oʻsimlik va hayvonot dunyosi, tuproq va yer geologiyasi, yer yuzasi va yer osti suvlari energetika resurslarini oʻrganish va ulardan foydalanish yoʻllari, mineral yoqilgʻi zaxiralari, neft qatlamlari va boshqa boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Ijtimoiy fan sohalari – Oʻzbekiston iqtisodiyoti, oʻzbek tili va adabiyoti, moddiy madaniyat yodgorliklarini oʻrganish va muhofaza qilish boʻyicha tadqiqotlar avj oldi. 1938-yil Fan komitetining muassasalarida 83 ilmiy xodim, jumladan, 7 nafar fan doktori va 5 nafar professor ishladi. Fan komitetiga turli davrlarda Otajon Hoshim, T. N. Qori Niyoziy, I. I. Islomov rahbarlik qilgan. Fan komiteti negizida 1940-yil yanvarda SSSR Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston filiali, 1943-yil noyabrda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tashkil topdi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |