Oʻzbekiston SSR Mustaqillik deklaratsiyasi
Mustaqillik deklaratsiyasi (1990-yil 20-iyun) — Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining 2-sessiyasida qabul qilingan. U Oʻzbekistonning mustaqillikka erishishida muhim qadam boʻldi. M.D.da "Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Kengashi oʻzbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy anʼanalari, har bir millatning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini taʼminlashdan iborat oliy maqsad haqi, Oʻzbekistonning kelajagi uchun tarixiy masʼuliyatni chu-qur his etgan holda xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslanib, Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining davlat mu-staqilligini eʼlon qiladi", deb yozib qoʻyilgandi. Ana shu hujjat asosida Oʻzbekistonning iqtisodiy va siyosiy hayotiga doir masalalar mustaqil tarzda hal qilina bordi va 1991-yil 31 avgustda "Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida" qonun qabul qilindi (yana qarang Mustaqillik).[1]
Bu hujjatning tarixiy ahamiyati eng avvalo, O'zbekistonning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, erkin tafakkur asosida yashash, fikrlash, milliy va umumbashariy qadriyatlarga tayanib ish ko‘rish kabi jihatlar bilan izohlanadi. Mustaqillik deklaratsiyasida O'zbekistonning hududida asrlar davomida shakllangan davlatchilik, fan-ta’lim va madaniy taraqqiyot borasidagi boy tajriba va an’analari o‘z aksini topgan. Mazkur hujjatning murakkab sharoitlarda qabul qilinishi O‘zbekistonning mustaqillikka erishish sari tashlangan qat'iy va muhim qadami bo‘ldi.
Mustaqillik deklaratsiyasi quyidagilarni o'z ichiga oladi:
1. O‘zbekiston SSRning demokratik davlat mustaqilligi respublikaning o‘z hududida barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlardagi tanho hokimligidir.
2. O‘zbekiston SSRning davlat hududi chegarasi daxlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qo‘yilmay turib o‘zgartirilishi mumkin emas.
3. O‘zbekiston SSRda davlat hokimiyati uning hududiga kiradigan barcha tarkibiy va bo‘linmas qismlari ustidan amalga oshiriladi va shu hududda yashaydigan aholiga taalluqlidir.
4. SSSR Oliy Soveti qabul qiladigan qarorlar O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan tasdiqlanganidan keyingina O‘zbekiston SSR hududida kuchga ega bo‘ladi.
5. O‘zbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga O‘zbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi.
6. O‘zbekiston SSR xalqaro huquqning asosiy prinsiplarini tan oladi va hurmat qiladi.
7. O‘zbekiston SSR ittifoqdosh respublikalar va boshqa davlatlar bilan o‘zining siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa munosabatlarini shartnomalar asosida belgilaydi va amalga oshiradi.
8. O‘zbekiston SSR o‘zining taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini belgilaydi va davlat belgilarini (gerb, bayroq, madhiya) o‘zi ta’sis etadi.
9. Qoraqalpog‘iston Muxtor Sovet Sotsialistik Respublikasi mustaqilligini Muxtor Respublika Konstitutsiyasi ta’min etadi.
O‘zbekiston SSR uning Asosiy Qonuni va O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi asosida Qoraqalpog‘iston MSSR manfaatlarini himoya qiladi.
10. O‘zbekiston SSRning qonun chiqaruvchi hokimiyati O‘zbekiston SSR davlat mustaqilligini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qonunlarni ishlab chiqadi. O‘zbekiston SSRning siyosiy va iqtisodiy sistemalari tarkibini va qurilishini belgilaydi.
11. O‘zbekiston SSR Oliy Soveti umumxalq muhokamasi asosida demokratik huquqiy davlat tuzishga qaror qilganini bildiradi, O‘zbekiston SSRda yashayotgan barcha millat va elatlarning qonuniy siyosiy, iqtisodiy, etnik, madaniy huquqlariga hamda ona tillari rivojlantirilishiga kafillik beradi.
12. Ushbu Deklaratsiya O‘zbekiston SSRning yangi Konstitutsiyasini hamda yangi ittifoq shartnomasini ishlab chiqish uchun asosdir.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |