Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi O. S. Sodiqov nomidagi bioorganik kimyo instituti — ilmiy tadqiqotlar muassasasi. 1977-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tarkibidagi bioorganik kimyo boʻlimi (1973) negizida tashkil etilgan. Institutga asoschisi akademik O.S. Sodiqov nomi qoʻyilgan. Institutning asosiy fundamental ilmiy yoʻnalishi hayvon va oʻsimliklar organizmidagi bioorganik kimyo jarayonlarini, yaʼni yuqori va quyi molekulyar tabiatga ega boʻlgan biologik faol moddalarning strukturafunksional bogʻliqligini oʻrganish, hayvon va oʻsimliklardan ajratib olingan ikkilamchi mahsulotlarni qayta ishlashning jahon standartlariga moye keladigan yangi texnologiyalarini hamda oʻsimliklarni himoya qiluvchi ekologik toza vositalarni olish ustida tadqiqotlar olib borishdan iborat. Institutda olib borilgan yuqori va quyi molekulyar bioregulyatorlarni kompleks tadqiq etish natijasida zaharli jonivorlar zaharidan 50 dan ortiq biologik faol oqsil va peptidlar ajratib olindi, ulardan 15 dan ortigʻining kimyoviy tuzilishi va taʼsir mexanizmi oʻrganildi. Gʻoʻzadan fitogormonlarning reseptorlari ajratib olindi va fizikkimyoviy xossalari oʻrganildi, ularning paxta bargini toʻkishdagi regulyatorlik roli isbotlandi. Natijada gʻoʻza defoliatsiyasida roʻy beradigan jarayonning molekulyar mexanizmi koʻrsatildi va defoliatsiyalovchi hamda oʻsishni tezlashtiruvchi faollikka ega boʻlgan birikmalarni tanlash koʻrsatkichlari ishlab chiqildi. Gʻoʻza oʻsishi jarayonida organizm ferment sistemalarining paxta tolasi hosil boʻlishidagi roli oʻrganildi va sellyuloza biosintezi jarayonining molekulyar mexanizmi isbotlandi. Oʻsimliklar zararkunanda hasharotlari feromonlarining tuzilishi, funksiyasi oʻrganilib, ularni sintetik usulda olish yoʻllari ishlab chiqildi. Tabiiy biologik faol modda — gossipolning polimorf modifikatsiyali komplekslar hosil qilishi birinchi boʻlib isbotlandi va uning asosida 20 dan ortiq yangi dorilar, biologik faol moddalar asosida esa 30 dan ortik, dori preparatlari olindi. Bulardan viruslarga qarshi ishlatiladigan "3% gossipol linimenti", immunomodulyator "Timoptin", qon toʻxtatuvchi "Lagoden", xlamidiyga qarshi qoʻllaniladigan "Gozalidon", ultratovush yordamida tashhis qoʻyishda ishlatiladigan dorivor vosita "Polijel" va boshqa institutning tajriba sinov bazasida ishlab chiqarilmoqda va amaliyotda qoʻllanilmoqda. 10 ga yaqin dori preparatlari (nitrotsel, ragosin, mebavin, safinol, bakagin va boshqalar) tibbiyotda qoʻllash uchun sinovdan oʻtmoqda. Jahon andozalariga moye keladigan paxta moyini va kam gossipolli paxta kunjarasini olish texnologiyasi ishlab chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasining koʻpchilik yogʻmoy ekstraksiya zavodlarida litsenziya asosida qoʻllanilmoqda. Institutda 10 laboratoriya. va ularda 200 ortiq xodim ishlaydi, shulardan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi 3 akademik (A.A. Abduvahobov, T.F. Oripov, Sh.I. Solihov), 19 fan doktori, 35 fan nomzodi faoliyat koʻrsatadi (2000). Institut xodimlarining 3 ilmiy ishi Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga (O.S. Sodiqov, X.A. Aslonov, A.I. Ismoilov, O.E. Eshboyev, S.X. Nosirov, A.K. Karimjonov, Z.B. Rahimjonov) sazovor boʻlgan.[1]
Yana q.
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimi
- Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti
- Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti
- Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |