Kontent qismiga oʻtish

Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimiOʻzbekiston Respublikasida uzluksiz taʼlim tizimidagi taʼlim turlaridan biri. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 29 avgustda qabul qilingan "Taʼlim toʻgʻrisida"gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq, umumiy oʻrta taʼlim negiziga asoslanadi. Majburiy taʼlim hisoblangan Oʻrta maxsus, k.h.t tabaqalashtirilgan asosda va shaxs imkoniyatlarini hisobga olgan holda quriladi hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejida amalga oshiriladi. Oʻrta maxsus, k.h.t. oʻquvchilar tomonidan umumiy oʻrta talim maktabi olingan va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari olinadigan umumiy taʼlim hamda nazariy va amaliy bilim, ixtisosligi boʻyicha professional malaka va koʻnikmalardan vujudga keladi. Oʻzbekistonda Oʻrta maxsus, k.h.t. iqtisodiyot va rejalashtirish, huquq va hujjatlashtirish, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sanʼat, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, gidrologiya va meteorologiya, foydali qazilma konlari geol.si va razvedkasi, foydali qazilma boyliklarini qazib olish, energetika, metallurgiya, mashinasozlik va metallsozlik, aviatsiya texnikasi, avtomobil va traktorlar, energetika mashinasozligi, mashina va jihozlarni ishlatish, taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatish, elektrotexnika, priborsozlik va priborlardan foydalanish, elektron texnika, avtomatika va avtomatlashtirish vositalaridan foydalanish, hisoblash texnikasi va avtomatlashtirish tizimlari, radiotexnika va aloqa, transportdan foydalanish, kimyo texnologiyasi, yogʻoch tayyorlash va uni qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi, keng isteʼmol mollari texnologiyasi, meʼmorlik va qurilish, geodeziya va xaritagrafiya, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, tovarshunoslik, savdo va umumiy ovqatlanishni tashkil etish hamda xizmat koʻrsatish, metrologiya, standartlashtirish va sifat nazorati ixtisosliklari boʻyicha amalga oshiriladi. Oʻrta maxsus, k.h.t. tizimida oʻquv yurtlarining asosiy tiplari akademik litsey va kasb-hunar kollejlaridir. Har bir ixtisoslik uchun oʻquv fanining muayyan majmuasi va hajmi belgilangan. Bu fanlarni oʻrganishda oʻquv va ishlab chiqarish amaliyoti keng qoʻllanadi. Oʻquv fanlari majmuasi va hajmi, har bir ixtisoslik uchun muayyan fanni oʻqitish muddati oʻquv rejasi bilan belgilanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Oʻrta maxsus, k.h.t.ning barcha tizimi uchun tasdiqlanadi. Oʻrta maxsus, k.h.t. tizimida oʻqish muddati 3 yil Oʻquv jarayonining asosiy tashkiliy shakli dars, leksiya, lab. mashgʻulotlari, oʻquv va ishlab chiqarish amaliyotlari, referatlar tayyorlashdir. Oʻquv rejasi boʻyicha butun oʻqish davomida nazariy va amaliy mashgʻulotlar qoʻshib olib boriladi. Oʻquv yili davomida oʻquvchilar bilimi semestr hamda oʻquv yilidan soʻng boʻladigan sinov va imtihonlarda tekshiriladi. 2004/05 oʻquv yili Oʻrta maxsus, k.h.t. tizimida 51518 oʻqituvchi, jumladan, 87 fan doktori va professor, 813 fan nomzodi va dotsent ishladi. Oʻrta maxsus, k.h.t. tizimini tashkil etish va rivojlantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 24-fevraldagi "Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish va ularning faoliyatini boshqarish toʻgʻrisida"gi, 2003-yil 29-oktabr dagi "Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimiga izchil oʻtishni taʼminlashga doir qoʻshimcha choratadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorlari katta ahamiyatga ega boʻldi. Oʻrta maxsus, k.h.t.ning sifatli taʼlim va kasb-hunar dasturlarini yaratish, ilgʻor ilmiy va uslubiy yutuqlar asosida sifatli kadrlar tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzurida Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish instituti tashkil etilgan (1998)[1].