Oʻrgimchaksimonlar
Oʻrgimchaksimonlar — xelitseralilar kenja tipiga mansub boʻgʻimoyoqlilar sinfi. Uzunligi 0,1 mm dan 17 sm gacha. Ogʻiz organi soʻruvchi. Koʻzlari oddiy. Boshkoʻkragi ingichka poyacha orqali qorin bilan tutashgan yoki unga qoʻshilib ketgan. Qorinoyoqlari reduksiyaga uchragan yoki shaklan oʻzgarib taroqsimon oʻsimta, varaqsimon oʻpka yoki toʻr bezlarini hosil qiladi. Oʻpka yoki traxeyalar orqali nafas oladi. Ayirish organlari — malpigi naychalari va koksal bezlar. Koʻpchilik Oʻ.da zahar bezlari bor. Ayrim jinsli, tuxum qoʻyadi, ayrim turlari (chayonlar) tirik tugʻadi. 60000 ga yaqin turi bor; kanalar, chayonlar, telifonlar, frinlar, tartaridlar, palpigradlar, fitsinuleylar, soxta chayonlar, solpugalar, pichanoʻrarlar, oʻrgimchaklar turkumlariga boʻlinadi. Oʻ. keng tarqalgan, koʻpchiligi quruqlikda yashaydi; kanalar va oʻrgimchaklar orasida ikkilamchi marta suvda yashashga oʻtgan turlari bor. Koʻpchiligi yirtqich, har xil umurtqasizlar bilan oziqlanadi. Bir qancha turlari parazit (kanalar) va oʻsimlikxoʻr (oʻrgimchakkana. Oʻzbekiston hududida kanalar, chayonlar, solpugalar va oʻrgimchaklarning bir necha yuz turi tarqalgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |