Oʻratepa zilzilasi
Oʻratepa zilzilasi — Turkiston tizmasining shim. etagida 1897-yil 17-sentabr soat 15 yarimlarda sodir boʻlgan. Uning kuchi Oʻrta Osiyoning katta qismida sezilgan. Yer qimirlash markazida (Oʻratepa yaqinida) magnitudasi 6,6, kuchi 8 ballga yetgan. Oradan 2 soat oʻtgach, zilzila deyarli shunday kuch bilan yana takrorlangan. Zilzila zarbidan koʻplab qishloqlar, ayniqsa, Oʻratepaning shim.gʻarbidagi Uvoq, Irganakli, Turkoman kabi qishloqlar vayronaga aylandi. Togʻ yon bagʻridagi jinslar uvalanib, katta oʻpirilishlar va koʻchkilarni keltirib chiqargan. Yer yuzasida 20—30 sm li yoriqlar paydo boʻlgan. 7—8 balli epitsentr zonasi 600 km² hududni qamrab olgan. Zilzila kuchi Xoʻjand, Qoʻqon, Jizzax, Samarqand va Toshkentda 6—7 ball, Buxoro, Turkiston, Avliyoota (Taroz), Qoʻqon, Andijon va Margʻilonda 5 ball bilan sezilgan. Oldingi zilziladan shikast koʻrgan bir qancha imoratlar takroriy zilzilada butunlay buzilgan. Ayniqsa, Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan Ulugʻbek madrasasiga katta zarar yetgan. Keyingi yillarda TurkistonNurota togʻlarida bir qancha zilzilalar qayd qilingan. Shulardan eng kuchlisi 1898-yilda Zominda 8 balli, 1923-yilda Oʻratepada 7 balli va 1955-yilda Jizzaxda 6—7 balli yer qimirlashlar sodir boʻlgan. Bu zilzilalarning seysmotektonik sharoitlarini oʻrganish natijasida TurkistonNurota zonasi ajratildi. Bu zona kuchli yer qimirlashlar boʻlib turadigan jan. Fargʻona seysmogen zonasining davomiga joylashgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |