Kontent qismiga oʻtish

Oʻqtoyxon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻqtoyxon, Oʻqtoy qoon, Oʻgedey, O'gedey (11861241.11.7) – Moʻgʻullar davlati ulugʻ xoni (1229–1241.11.7); Chingizxonning 1-xotini, yaʼni qoʻngʻirot urugʻining koʻzga koʻringan vakili Day noʻyon qizi Boʻrta Fujindan tugʻilgan 3-oʻgʻil. Moʻgʻullar tomonidan 1219–20 yillarda Movarounnahrning zabt etilishida faollik koʻrsatgan (qarang Urganch mudofaasi). Chingizxon hayotligida Oʻ.ni taxt vorisi deb eʼlon qilgan. Chingizxon oʻlimidan 2 yil oʻtgach, 1229-yilda Joʻjixon oʻgʻlonlari, Chigʻatoy va Tulixon farzandlari hamda Bilgaday noʻyon va Ilchidoy noʻyon singari arkoni davlat ishtirokida chaqirilgan buyuk qurultoyda Oʻ. ulugʻ qoon (bosh hukmdor) etib saylangan. Oʻ hukmronligi davrida Shimoliy Xitoy butunlay moʻgʻullar qoʻl ostiga oʻtgan va qoon Maxmud Yalavochga bu yurtni boshqarishni topshirgan. Oʻ. Xitoyni zabt etib qaytgach, 1235-yil Joʻjixonning toʻngʻich oʻgʻli Botuxon boshliq chingiziy xonzodalarni Dashti Qipchoq, Bulgʻor, Rus, Alaniya, Mojariston, Cherkes, Boshqird va boshqalar ellarni bosib olish uchun yuborgan. Ushbu harbiy yurishlar 1240-yilning iyunigacha davom etgan. Bu davrda Qoraqurumni obod qilish ishlari amalga oshirilgan. Xitoydan keltirilgan ustalar va naqqoshlar yordamida koʻrkam koʻshklar, binolar quriladi. Xitoydan Qoraqurumgacha boʻlgan masofada bir-biridan uzoqligi taxminan 30km dan iborat 37 yomxona bunyod etilgan. Moʻgʻullarning yurishi vaqtida vayronaga aylangan Hirot shahrini qayta tiklashga muvaffaq boʻlingan, aholi roʻyxatga olingan. Moʻgʻulistonning bir qismi, Jungʻoriya va Xitoyning bir qismi Oʻ. tasarrufida boʻlgan. Ayshu-ishratga berilish, haddan tashqari koʻp sharob ichish oqibatida Oʻ. 1241-yilning 11-iyulida vafot etgan. Taxt maʼlum muddatga uning bevasi Turakina xotun qoʻliga oʻtgan.

  • RashidadDin, Sbornik letopisey, t. 2 [perevod s persidskogo Yu.P.Verxovskogo], M. — L., 1960; Abulgʻoziy, Shajarayi turk, T., 1992; Mirzo Ulugʻbek, Toʻrt ulus tarixi, T., 1994.

Hamidulla Dadaboyev.