Oʻpka emfizemasi
Oʻpka emfizemasi (yun. — puflanish) — oʻpkaning kengayishi va harakatining cheklanishi, nafas va qon aylanish funksiyalarining buzilishi bilan kechadigan kasallik. Cheklangan (oʻpkaning ayrim joylarini qamrab oladigan) va diffuz (umumiy), oʻtkir va surunkali Oʻpka emfizemasi farq qilinadi. Surunkali, diffuz Oʻpka emfizemasi keng tarqalgan oʻpka kasalligi boʻlib, u har qanday yoshda, koʻproq 40—50 yoshdan keyin kuzatiladi va unga bronxlar oʻtkazuvchanligining izdan chiqishi sabab boʻladi. Surunkali bronxit, bronxial astma va oʻpkaning boshqa kasalliklari oqibatida bronxlar yorigʻi torayadi (ularda shilliq yigʻilishi yoki bronxlar spazmi hisobiga), bunda nafas chiqarish kuchi yetarli boʻlmay, havoning bir qismi oʻpka alveolalarida qoladi (qoldiq havo) va qayta nafas olinganida alveolalar choʻziladi. Yalligʻlanish jarayonlari oqibatida oʻpka toʻqimalari elastikligining kamayishi ham Oʻpka emfizemasiga olib keladi. Bunda alveolalar devori yupqalashadi va yirtiladi, natijada ular kengayadi. Pnevmoskleroz (oʻpkada biriktiruvchi toʻqimaning oʻsib ketishi), shuningdek, tamaki chekish ham Oʻpka emfizemasining rivojlanishiga yordam beradi. Kasallik uzoq davom etadi. Bemorning nafasi qisadi, yoʻtaladi, dastlab jismoniy ish qilganida, keyinchalik tinch holatida ham qiynalib nafas chiqaradi. Bemorning yuzi shishib, koʻkrak qafasi "bochkasimon" boʻlib qoladi. Kasallik asta-sekin zoʻrayib boradi.
Oʻpka emfizemasini vrach davolaydi. Quruq va iliq havo sharoitida iklim bilan davolash yaxshi naf beradi. Oʻpka emfizemasining oldini olish uchun bronxlar va oʻpkaning surunkali kasalliklarini oʻz vaqtida davolash, chekmaslik zarur.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |