Kontent qismiga oʻtish

Oʻlmas Umarbekov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻlmas Umarbekov
Tavalludi 25-yanvar 1934-yil
Vafoti 10-noyabr 1994-yil(1994-11-10)
(58 yoshda)
Fuqaroligi SSSR va Oʻzbekiston
Mukofotlari Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi

Oʻlmas Umarbekov (1934.25.1 Toshkent – 1994.10.11) – Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1992). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1984). Oʻrta Osiyo universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1956). Respublika televideniye va radioeshittirish davlat qoʻmitasida muharrir, bosh muharrir (1956 —71), Oʻzbekiston K.P MKda sektor mudiri (1971—74), „Oʻzbekfilm“ kinostudiyasi direktori (1971—81), Oʻzbekiston Madaniyat ishlari vazirining birinchi oʻrinbosari (1982—86), vaziri (1987—89), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi (1985—89), Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari (1989—91). Ilk kitobi – „Hikoyalar“ (1958). „Xatingni kutaman“, „Yurak soʻzlari“ (1960); „Boboyongʻoq“ (1961), „Yulduzlar“, „Menga ishonmaysanmi?“ (1962), „Hayot abadiy“ (1964), „Charos“ (1966), „Koʻprik“ (1968), „Bolgar qoʻshiqlari“, „Oltin yaproqlar“ (1972), „Qiyomat qarz“ kabi hikoyalarida kishilarning maʼnaviyaxloqiy goʻzalligini tasvirlashga, insonning jamiyat va tabiat oldidagi burchini, masʼuliyatini koʻrsatishga alohida eʼtibor bergan. „Bolgar qoʻshiqlari“ (1972) turkum hikoyalari ham ixchamligi, dramatizmga boyligi, sheʼriy ritmik xususiyatlari bilan ajralib turadi. U.ning „Sevgilim — sevgilim“ (1963), „Kimning tashvishi yoʻq“ (1965), „Urush farzandi“ (1972), „Yoz yomgʻiri“ (1973), „Oq qaldirgʻoch“ (1974) va boshqa qissalari janriy rangbarangligi, qahramonlar ruhiy olamining teranligi, badiiy tasvir usullarining takrorlanmasligi bilan diqqatga sazovor. „Odam boʻlish qiyin“ (1970) va „Fotima va Zuhra“ (1994) romanlarida yoshlar, kishilarning xulq-atvorida koʻringan salbiy jihatlarni tasvirlash orqali sovet davri maʼnaviyatidagi kamchiliklar haqqoniy ochib berilgan.

Umarbekov ijodida dramaturgiya muhim oʻrinni egallaydi. 70-yillarda oʻz isteʼdodini teatr sanʼati sohasida sinab, „Oqar suvlar“ (1971), „Sud“, „Yoshlik dengizi“ (1972), „Komissiya“ (1974) singari pyesalarni yozgan. Umarbekov 80 yillarda „Oʻz arizasiga koʻra“, „Kuzning birinchi kuni“, „Qiyomat qarz“, „Assalom, quyosh“ singari yetuk sahna asarlarini yaratdi. Ayniqsa, mashhur teatr artisti Sh. Burhonov ijrosidagi Sulaymon ota obrazi tufayli U. pyesasi asosida sahnalashtirilgan „Qiyomat qarz“ spektakli tomoshabinlar oʻrtasida katta shuhrat qozondi. Umarbekov Hamza nomidagi teatr (x.03. Oʻzbek Milliy akademik drama teatri)da sahnalashtirilgan bu va boshqa pyesalari bilan shu davr oʻzbek dramaturgiyasi taraqqiyotiga muhim hissa qoʻshdi. Umarbekov „Qizimga maktublar“ („Mangu hayot boʻsagʻasida“) deb nomlangan soʻnggi publitsistik asarida hayotga, oʻtkinchi umrga chuqur falsafiy nazar tashlovchi, oʻzining va oʻzgalarning hayotiy tajribasidan yuksak xulosalar chiqaruvchi yozuvchi darajasiga koʻtarilganini namoyish etgan."Yoz yomgʻiri" qissasi esa detektiv janrga oid hisoblanadi. Umrining soʻnggi yillarida yozgan „Tuhmat“ (1987), „Oqsoqol“ (1991), „Oʻzing uchun oʻl yetim“ (1992, tugallanmagan) dramalari ham eʼtiborga loyiq.

Umarbekov „Yigit va qiz“ (1967), „Asosiy koʻn“ (1971), „Ikki soldat qissasi“ (1973), „Changalzordagi ov“, „Sevgi afsonasi“ (1985) va boshqa kinossenariylarning mualliflaridan biri.

Hayotning botiniy qatlamlarini chuqur oʻrganish va taxlil etish, inson taqdirida roʻy bergan ziddiyat va holatlarni, belgilarni umumlashtirish, badiiy tafakkur tarozisiga qoʻyish, lirizmga moyillik, inson xarakterini uning ruhiy holati, his-tuygʻulari orqali ochib berish U.ning ijodiy uslubiga xos xususiyatlardir. Asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1980).

Unvon va mukofotlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]