Kontent qismiga oʻtish

Oʻgʻri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻgʻri – birovning molini, buyumini ruxsatsiz bildirmasdan egallab olgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qiladi: 38. „Oʻgʻri erkak va oʻgʻri ayolning qoʻllarini kesinglar. Bu Allohdan bezdiruvchi iqob oʻlaroq, kasb qilgan narsalariga yarasha jazodir“. Alloh oʻta izzatlidir, oʻta hikmatlidir. Ushbu oyati karima va unda bayon qilingan hukm eng koʻp tortishuvlarga, bahslarga va muqoyasalarga sabab boʻlgan masalalardandir. Mazkur bahs, tortishuv va muqoyasalar hozirgi kunda – Islom dushmanlari Allohning shariatiga qarshi hujumlarni koʻpaytirgan paytda yanada avj oldi. Odamlar orasida turli notoʻgʻri fikrlar ham tarqaldi. Islom shariati parchalanmas, bir butun tuzumdir. Oyatda ana oʻsha tuzumda yashab turgan kishilardan oʻgʻrilik qilganlarining qoʻlini kesish haqida soʻz ketmoqda. Islomiy jamiyat oʻz hukmi ostida yashayotgan kishilarga, kim boʻlishidan qatʼi nazar, yaxshi hayot kechirish huquqini beradi. Ularni toʻgʻri yoʻlda tarbiyalaydi. Ijtimoiy hayotda adolatni oʻrniga qoʻyadi. Shaxsiy mulkning halol yoʻl bilan rivojlanishiga eshikni keng ochib qoʻyadi. Jamiyat aʼzolarining ijtimoiy taʼminotini ham yoʻlga qoʻyadi. Xulosa qilib aytganda, kishilarni oʻgʻrilikka boshlaydigan omillarning oldini oladi. Ana shundan keyingina oʻgʻrining qoʻlini kesishga hukm chiqaradi. Islom har bir insonga yaxshi hayot kechirish haq-huquqini berishi insonlarning yaxshi yeb-ichishi, kiyinishi, turar joyga ega boʻlishida oʻz aksini topadi. Bu narsaga erishishning asosiy yoʻli har bir insonning halol mehnatidir. Islom jamiyati oʻz aʼzolariga halol mehnat ila kasb qilishga toʻliq sharoit yaratib berishga mas’uldir. Fuqaroning hunari boʻlmasa, hunar oʻrgatadi. Hunarini roʻyobga chiqarishga imkon yoki maydon boʻlmasa, oʻsha imkon va maydonni yaratadi, ish topib beradi. Agar ushbu omillarni ishga solib ishlasa ham, topgani kun kechirishga yetmasa yoki boshqa sabablar tufayli ishlay olmasa, Islom shariati boʻyicha, boshqa tomonlardan yordam oladi. Avvalo, iqtisodiy jihatdan holati yaxshi boʻlgan yaqin qarindoshlaridan unga nafaqa joriy qilinadi. Yoki bu ish yashab turgan joyidagi boy kishilar zimmasiga yuklanadi. Bunga ham imkon boʻlmasa, musulmonlarning baytul moli – xazinasidan nafaqa oladi. Unda ham yetarli boʻlmasa, davlat boy fuqarolardan olib beradi. Shuncha gʻamxoʻrlik va yaxshiliklari bor jamiyatda odam oʻgʻrilik qiladimi? Agar shunda ham oʻgʻrilik qilinsa, qoʻlini kesishga loyiq ish hisoblanmaydimi bu?! Hazrati Umari Odil roziyallohu anhu xalifalik vaqtlarida yoʻlda ketayotib, tilanib oʻtirgan qari odamni koʻrib qolibdilar. – Bu kim? – deb soʻrabdilar. – Bu – Falonchi yahudiy, qarib, ishga yaramay, shu holga tushib qoldi, – deyishibdi. Hazrati Umar: – Yoshlik chogʻida undan jizya olsag-u, qariganida shu holda tashlab qoʻysak, adolatdan boʻlmaydi, – debdilar-da, haligi yahudiyga baytul moldan nafaqa belgilabdilar. Koʻrinib turibdiki, mazkur imtiyozdan musulmon emaslar ham foydalanadilar. Islom jamiyati oʻz aʼzolarini toʻgʻri yoʻlda tarbiya qiladi. Ularning tarbiyasi iymon asosiga, Allohdan qoʻrqish, qiyomatdan umidvor boʻlish asosiga quriladi. Rizqni halol yoʻl bilan topib yeyish har bir musulmon uchun vojib ekanini chuqur tushuntirib tarbiya qilinadi. Oʻgʻrilik qilish, birovning molini botil yoʻl bilan yeyish gunoh ekani, oʻgʻrilik qilgan odam gunohkor boʻlishi, shariat hukmi boʻyicha uning qoʻli kesilishi tushuntirilib, tarbiya qilinadi. Ana shundan keyin ham oʻgʻrilik qilganning qoʻli kesilmasinmi? Islomiy jamiyat ijtimoiy adolatni oʻrniga qoʻyadi. Bu jamiyatda birovning haqini boshqasi yemaydi, zulm yoʻli bilan tortib olmaydi. Har kim halol mehnatiga yarasha haq oladi. Uning mehnati kapitalist yoki davlat tomonidan tahqirlanmaydi. Jamiyat mulki hisoblangan narsalarda har bir insonning tegishli haqqi bor, ulardan faqat davlatboshilar yoki baʼzi shaxslar va oilalargina foydalanmaydi. Islom jamiyati shaxsiy mulkni rivojlantirishga keng yoʻl ochib qoʻyadi. Odamlar halol yoʻl bilan qancha koʻp mol-u mulk topsa, shuncha yaxshi. Davlat ulardan mol-mulklarini tortib olmaydi. Boshqa kishilar ularga hasad qilmaydi. Mana shunday sharoitda yashab turib ham, halol mehnatga harakat qilmay, birovlarning haqini harom yoʻl bilan olishga choʻzilgan qoʻl kesilsa, arzimaydimi?! Islom jamiyati oʻz aʼzolarining ijtimoiy taʼminotlarini yaxshilab, yoʻlga qoʻyadi. Avvalo, nochor kishilarning nafaqasini yaqin qarindoshlariga Allohning oldidagi diniy burch sifatida vojib qiladi. Ota farzandlariga, er xotiniga, aka ukalariga, farzand ota-onasiga va hokazo nafaqa berishi shart. Yaʼni boy qarindoshlar nochorlariga nafaqa berishlari vojib. Oʻz ixtiyorlari bilan berishmasa, qozi hukm chiqarib, majbur qiladi. Fiqh kitoblarimizning nafaqa bobida bu masalalar keng yoritilgan. Nochor insonning yaqin qarindoshi boʻlmasa, unga davlat yordam beradi, boy musulmonlar nafaqa beradilar. Ish beruvchi ishchiga nafaqa beradi va hokazo. Agar bu choralar qoʻllanmagan boʻlsa, oʻgʻrilik sodir etgan odamning qoʻlini kesishga hukm chiqarishga davlat haqli boʻla olmaydi. Hazrati Umar roziyallohu anhuning huzurlariga Muzayna qabilasidan bir necha yigitni birovning tuyasini oʻgʻirlaganlari uchun ushlab, olib keldilar. Hazrati Umar ularning qoʻllarini kesishga amr qildilar. Shunda baʼzilari bu yigitlar Ibn Hotib ibn Baltaʼa ismli kishining yigitlari ekanini, xoʻjayinlari ularga ovqat bermagani uchun tuya oʻgʻirlab, soʻyib yeyishga majbur boʻlganlarini aytdilar. Hazrati Umar hukmni darhol bekor qildilar. Xoʻjayinni chaqirib kelib, koyidilar, yigitlarni esa oʻgʻirlangan tuyaning bahosini ikki barobar toʻlashga amr qildilar. Ayni chogʻda, shariat hukmiga koʻra, birovni ushlab kelib, manavi oʻgʻri ekan, deyilsa, darhol qoʻli kesilavermaydi. Bu tadbirning oʻziga yarasha tartib va qoidalari bor. Bularni bir chekkadan yaxshilab tushunib olish kerak. Avvalo, oʻgʻrilik nima – shuni bilib olaylik. Shar’iy istilohda oʻgʻrilik birovning berkitilgan molini maxfiy suratda olishdir. „Berkitilgan“ deganimiz, „qarovsiz qolmagan“ degan maʼnoni anglatadi. Omborga qoʻyib, qulflangan yoki qorovul qoʻyilgan boʻlsa, mol berkitilgan boʻladi. Qarovsiz qolgan molni oʻgʻirlagan odamning qoʻli kesilmaydi, balki boshqa chora koʻriladi. Berkitilgan joydan chiqib qolgan, omborning eshigi ochiq qolib, undan koʻrinib turgan moldan olgan odamga yoki mol bor joyga kirib-chiqib yurishiga ruxsat berilgan odamlarga nisbatan ham, agar moldan olsalar, boshqa chora koʻriladi. Oʻgʻrining qoʻli kesilishidagi eng muhim shartlardan biri – berkitilgan joydan oʻgʻirlangan mol Nabiy sollallohu alayhi vasallam davrlaridagi chorak dinor qimmatga ega boʻlishi kerak. Undan oz boʻlsa, oʻgʻrining qoʻli kesilmaydi. Unga boshqa chora koʻriladi. Endi qoʻli kesilishi lozim boʻlgan oʻgʻriga bu jinoyat qanday tarzda sobit boʻladi? Yaʼni qozixona „Bu odamning aybdor – jinoyatchiligi sobit boʻldi, qoʻli kesilsin“, deb qachon hukm chiqara oladi? Oʻgʻrilik sobit boʻlishi avvalo oʻgʻrining shaxsiy eʼtirofi ila boʻladi. U eʼtirof qilganidan soʻng, yuqoridagi shartlar tekshirib chiqiladi. Toʻgʻri kelsa, yana bir bor oʻgʻridan bu ishni tushunib qilgan-qilmagani soʻraladi. Ana shundan soʻng hukm chiqariladi. Yana oʻgʻrilik ikki adolatli kishining guvohligi bilan ham sobit boʻladi. Guvoh adolatli boʻlishi juda muhim. Yaʼni umrida hech qachon shariatga xilof qilmagan, yolgʻon gapirmagan, avval guvohligi notoʻgʻri chiqmagan boʻlishi kerak. Shuning uchun ham qozilar guvohlarning guvohligini qabul qilishdan oldin ularning kimligini oʻrganib chiqadilar. Jamiyatdagi eʼtiborli kishilardan ularning pokligi, adolati haqida maʼlumot oladi. Soʻngra guvohligini qabul qiladi. Mazkur shartlarda ozgina shubha tugʻilsa, qoʻl kesish bekor qilinadi. Agar oʻgʻrilik shubhasiz sobit boʻlsa, oʻgʻrining oʻng qoʻli bilagi bilan kaftini birlashtirib turuvchi boʻgʻindan kesiladi. Islomning bu hukmiga qarshi chiquvchilar, „Bu jazo insonparvarlik ruhiga toʻgʻri kelmaydi, oʻgʻri qanchalik miqdorda oʻgʻrilik qilgan boʻlsa ham, qoʻlini kesmasdan, qamash kerak“, – deyishadi. Necha yuz yillardan buyon bu tadbirlarini joriy ham qilmoqdalar. Ammo yildan-yilga, oydan-oyga, kundan-kunga oʻgʻrilik koʻpayib bormoqda. Mayda oʻgʻrilar uchun qamoqxona jazo emas, balki malaka oshirish kursi, oʻgʻrilik ishini yanada chuqurroq egallash maktabi boʻlib qoldi. Qamoqdan oʻzidan koʻra tajribali shaxslardan tajriba oʻrganib chiqib, avvalgisidan kattaroq oʻgʻrilik qilmoqdalar. Bu mantiqsiz holat yetti yoshdan yetmish yoshgacha – hammaning istehzosiga sabab boʻlmoqda. Islomiy jazo boʻlmish qoʻl kesish esa eng samarali omil hisoblanadi. Islomda jinoyatning oldini olishga, tag-tomiri bilan yoʻqotishga harakat qilinadi. Shuning uchun ham tayin qilingan jazolar nafaqat tan jazosi, balki ruhiy, maʼnaviy va tarbiyaviy jazo ham hisoblanadi. Bu maʼnoda Islomda koʻzda tutilgan jazolar jinoyatchi nimani koʻzlab jinoyat qilsa, uni avvalo oʻshandan mahrum qilishga oʻtiladi. Misol uchun, merosga tezroq etish uchun meros qoldiruvchining oʻlimiga sabab boʻlgan merosxoʻr avval merosdan mahrum qilinadi, keyin boshqa choralar koʻriladi. Oʻgʻrilik qilgan odam bu ishga osonlik bilan mol-u mulkka ega boʻlish maqsadida qoʻl uradi. Unga molu mulk topishni qiyinlashtirish uchun qoʻli kesiladi. Qolaversa, boshqa jazo choralari kabi, bu jazo ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Jazo hukmi koʻpchilik xalqni toʻplab turib ijro etiladi. Koʻpchilikning ichida sharmanda boʻlgan va tanasida jinoyatining belgisi qolgan shaxs ikkinchi bor bu ishga qoʻl urmaydi. Eng muhimi – hukmni ijro etish paytida hozir boʻlganlar ham oʻrnak olib, shu kabi sharmanda boʻlmaslik uchun oʻgʻrilikdan tiyiladilar. Bu hukmning ijro etilishidan koʻra, uning haybati koʻpchilikni jinoyatdan ushlab turishi eʼtiborga sazovordir. „Oʻgʻrining qoʻli kesiladi“, degan hukm chiqishi bilanoq koʻpchilik oʻzidan-oʻzi quyilib qoladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vaqtlarida ushbu oyati karima nozil boʻlganidan soʻng uch-toʻrt kishining qoʻli kesilishi bilan hech kim oʻgʻrilik qilmay qoʻygan. 39. „Kim zulmidan keyin tavba etsa va isloh qilsa, Alloh albatta tavbasini qabul qiladir. Albatta, Alloh oʻta magʻfiratlidir, oʻta rahmlidir“. Gunoh qilgan banda tavbaga shoshilmogʻi lozim. Ammo bu oyati karimaga chuqurroq nazar soladigan boʻlsak, unda: „…tavba etsa va isloh qilsa…“ – deyilmoqda. Musulmon odam uchun yomonlikdan qaytishning oʻzi kifoya qilmas ekan. Yomonlikdan qaytish bilan birga, yaxshilik amallarni qilishi ham zarur ekan. Chunki yomonlikni qilmay qoʻyib, yuraversa, orada boʻshliq paydo boʻladi va bu boʻshliq uni yana yomonlikka qaytarishi mumkin. Shuning uchun ham yaxshilik qilish tavbani qabul etish shartlariga qoʻshilmoqda. Oʻgʻrilikka qoʻl urgan odam afsus ila tavba qilib, tavbaning shartlariga rioya etsa, Alloh taolo huzurida albatta, uning tavbasi qabuldir. Ammo u qoʻlga tushib, ishi qozixonaga yetsa, unga nisbatan chora qoʻllanishi shart. Bu yerda uni kechirib boʻlmaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bir odam qimmatbaho ridosini boshiga qoʻyib, uxlab yotganda, boshqa bir shaxs astagina ridoni oʻgʻirlaydi. Ammo bir oz oʻtib, qoʻlga tushadi. Ridoning egasi uni ushlab, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib boradi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam oʻgʻrining qoʻlini kesishga amr qiladilar. Shunda ridoning egasi rahm qilib: – Mayli, men roziman, bitta rido uchun qoʻli kesilib ketmasin, – deydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga: – Shu gapingni uni mening oldimga olib kelmay turib aytganingda, boʻlar edi. Ammo endi mumkin emas, – deydilar. Oʻgʻirlangan mol egasi oʻgʻrining aybini kechib yubora olmaganidek, hokim ham, kim boʻlishidan qatʼi nazar, kechib yubora olmaydi. Madinai Munavvarada bir ayol oʻgʻrilik qilib, qoʻlga tushadi. Uning qarindosh-urugʻlari bundan qattiq tashvishlanadilar. Agar qoʻli kesilsa, butun urugʻimizga or boʻladi, deb qaygʻuradilar. Maslahatlashib, „Usoma ibn Zayd Paygʻambarimizning erkasi, uni ishga solaylik, kechirib yuborsalar ajab emas“, – deyishadi. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu vositachilik qiladilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq gʻazablanadilar va masjidda jamoat namozidan soʻng xutba qilib: „Sizga nima boʻldiki, Allohning haddidan boʻlmish bir hadda menga vositachi qoʻyasizlar! Allohga qasamki, agar Muhammadning qizi Fotima oʻgʻrilik qilsa ham qoʻlini kesaman! Sizdan oldin oʻtganlarning halok boʻlishiga sabab ham oddiy odamga haddni joriy etib, obroʻliga joriy etmaslik edi“, – dedilar („Hadd“ deganda shar’iy jazo tushuniladi).