Kontent qismiga oʻtish

Nursoya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Nursoya — plastik sanʼat (tasviriy va amaliy bezak sanʼati, meʼmorlik, dizayn)ning ifoda vositalaridan biri. Turli yorqinlikdagi ranglar yoki bir rang tuslarining ajralishidagi izchillikka asoslanadi. Nursoyadagi izchillik nur va qorongʻi (soya)ning tarqalishi, tasvirlanayotgan muhit, narsalarni hajmli nur-havo ogʻushida idrok qilish imkonini beradi. Narsalarga yorugʻlik tushishi natijasida uning sathi yorugʻ va qorongʻi (soya) yuzalarga ajraladi (Masalan, toʻrtburchak shakldagi buyumlarda bu ajralish keskin boʻlsa, dumaloq va silindrsimon buyumlarda bu ajralish asta-sekinlik bilan boradi). Natijada bunday buyumlarda nursoya orasida yarim soya va soya tomonida qaytgan nurlar qisobiga yoritilgan yuza — refleks mavjud boʻladi. Nursoya yoʻnalishi, narsalarning hajmli shakl xususiyatlari, sifati va havo holatiga bogʻliq; u orqali ijodkor (rassom, haykaltarosh va boshqalar) oʻz gʻoyaviy estetik qarashlarini ifodalaydi, undan lirik yoki dramatik kayfiyat hosil qilishda foydalanadi.

Nursoya imkoniyatlari qadimdan qoʻllangan. Yunon rassomlari (Polignot, Parrasi va boshqalar) nursoya vositasida katta ijodiy yutuqlarga erishgan. Musulmon Sharqida qadimdan meʼmorlik, amaliy bezak sanʼatida nursoya imkoniyatlaridan keng foydalanilgan; oʻymakorlik (ganch va yogʻoch), haykaltaroshlik (relyef va boshqalar)da bezakni jozibali boʻlishi, taʼsirchanligini oshirishda nursoya oʻyiniga asoslanilgan. Nursoya va uning nazariy asoslari Uygʻonish davri ustalari (Leonardo da Vinchi) tomonidan ishlana boshlandi. Shu davrda nursoya rassomlar tomonidan badiiy asarning ifodaliligini belgilovchi vosita sifatida keng foydalaniladi, imkoniyatlari yanada boyitiladi. Bugungi kunda ham nursoya realistik tasvirning asosini tashkil etadi, psixologik asarlar yaratishning muhim manbai hisoblanadi.