Kontent qismiga oʻtish

Nuh ibn Nasr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Nuh Ibn Nasr, amiri Hamid, Abu Muhammad (? — Buxoro — 954) — Somoniylar davlatining amiri (943— 954), amir Nasr II ibn Ahmadning oʻgʻli. Otasi 30 yil hukmronlik qilgach, tiriklik paytida taxtni unga topshirgan (943 yil 10-aprel). Buxoro qozisi, fiqh ilmining bilimdoni Abulfazl Marvaziy (946 yilda vafot etgan) uning vaziri boʻlgan. Nuh ibn Nasr mamlakatda keng yoyilgan qarmatiylar harakatini bartaraf etish choralarini koʻrgan. Movarounnaxrdagi bu harakat rahbari Muhammad ibn Ahmad Naxshabiyni Buxoroda dorga ostirdi. Biroq Somoniylar davlatining moliyaviy ahvoli ogʻirlashganligi uchun u soliq va turli tushumlarni koʻpaytirishga majbur boʻlgan. Mamlakatda isyon va gʻalayonlar kuchaygan. Narshaxiyning yozishicha, hatto uning amakisi Abu Ishoq Ibrohim ibn Ahmad Iroqdan kelib, Nishopur amiri Abu Ali Sagʻoniy yordamida Buxoro taxtini egallab olgan (947 yil). Oradan koʻp oʻtmay Nuh ibn Nasr Samarqanddan qaytib, taxtni qaytarib olgach, markaziy hokimiyatga qarshi isyon koʻtargan qarindosh-urugʻlarini jazolagan, Marvdagi isyonlarni ham bostirgan. Ammo u Abu Alini avval Chagʻoniyon, soʻngra Xurosonga hokim qilib (652) tayinlashga majbur boʻlgan. Somoniylar davlati inqirozini toʻxtatishga harakat qilgan. Narshaxiy oʻzining "Buxoro tarixi" asari (943—944)ni unga bagʻishlagan. Ogʻir kasallikdan soʻng Buxoroda vafot etgan.

  • Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1993[1].
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil