Normat qiziq sulolasi
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Normat qiziq sulolasi - qoʻqonlik qiziqchilar. 1) Normat qiziq (laqabi Mulla, Ogʻzi katta, 1849 — Qoʻqon — 1919) — Zokirjon qiziqchinint toʻdasida katta qiziqchilardan taʼlim olib, ish boshlagan. Tuda bilan birga Fargʻona vodiysi boʻylab va Sharqiy Turkistonda tomosha koʻrsatgan. Zokirjon qiziq vafotidan keyin Qoʻqonga qaytib oʻz toʻdasini tuzgan. Toʻdada uning rahbarligida Roʻzi gov, Ismoil xoʻroz, Loʻm-loʻm Mamajon (Muhammad Kunduzov), Azim bola, Boymat qiziq, Shomat qiziq kabi kulgu ustalari ijod qilishgan. Normat qiziq ularga ham ustozlik, ham kor-farmonlik qilgan. Katta qiziklarning "Hoji kampir", "Qalandarlar", "Attorlik", "Bola oʻqitish", "Mudarris", "Mamayusuf", "Ketmon tilash", "Yogʻoch polvon" kabi anʼanaviy komediyalarini yangi sharoitlarga moslab tiklagan, ijro etgan. U 360 ta qiziqchilik to-moshasini bilgan va bir yil davomida har kuni yangi tomosha koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlgan ekan.
2) Poʻlatjon qiziq (1907 — Qoʻqon — 1960) — Normat qiziqning oʻgʻli. Otasining va u rahbarlik qilgan qiziqchilar toʻdasining tomoshalarini kuzatgan, oʻzlashtirgan, otasi uning qiziqchi boʻlishiga monelik qilishiga qaramay nihoyatda iqtidorli qiziqchi boʻlib yetishadi. Hamid ogʻiz, Komilqori qiziq Qulijonov bilan qamkorlikda qiziqchilik qilgan. 30-yillarda Aʼzam qiziq toʻdasida, urush yillari va keyin Aka Buxor toʻdasida faoliyat koʻrsatgan. "Afgʻon tabib", "Oʻlik sotdi", "Hammol", "Bedana oʻyini" kabi komediyalarda oʻynagan, hamtoʻdalari bilan lapar, askiya aytishgan. Toshkentda (1932, 1937), Moskvada (1937) oʻtgan dekada va koʻriklarda qatnashgan. "Saodatxon" nomli yangi ogʻzaki komediyaning yaratilishi va ijrosida Poʻlatjon qiziqning xizmati katta. 3) Joʻraxon askiya Poʻlatov (1934.10.6, Qoʻqon)— qiziqchi, askiyachi. Poʻlatjon qiziqning oʻgʻli. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1999). Bolaligida otasi va boshqa qiziqchilar ijodini kuzatgan, cholgʻular (dutor, tanbur, rubob, doira) chalishni, ashula aytishni oʻrgangan. "Mamayusuf", "Toʻn oʻgʻrisi", "Saodatxon" kabi komediyalarni ijro etishda qatnashgan. Kulgi sanʼatida oʻz yoʻli, oʻz uslubini topishga intilib, musiqiy qiziqchilik bilan shugʻullangan; mashhur ashulachilarga muqallidlar yaratgan. Hayotdan olingan kulgili voqealar, antiqa voqeahodisalar asosida kulki-hikoya va latifalar toʻqib tomoshabinni kuldi-rib kelgan. Qiziqchilikda Muhiddin qiziq Darveshov bilan tortishgan. Ayniqsa, mustaqillikdan soʻng askiya sanʼatida katta yutuklarga erishdi. U andijonlik Hasanboy Sultonov, margʻilonlik Mamasiddiq Shirayev, Hoshimjon Hakimov, qoʻqonlik Yoʻldoshxon Nosirov, Neʼmatjon Toshmatov bilan birga Navroʻz va Mustaqillik bayramlari tomoshalarida faol qatnashib kelmoqda. Qiziqchi va askiyachi sifatida soʻzning mazmunli, tagdor, oʻynoqi, jozibador boʻlishiga, ravon va dona-dona jaranglashiga intiladi. U shuningdek, Hamza nomidagi Qoʻqon musiqali drama teatrining aktyori hamdir.
Muhsin Qodirov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |