Navoiy elektrkimyo zavodi aksiyadorlik jamiyati
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Navoiy elektrkimyo zavodi aksiyadorlik jamiyati - Oʻzbekistondagi eng yirik kimyo kombinatlaridan biri. "Oʻzkimyosanoat" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida. Oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy vositalari (gerbitsidlar, insektoakaritsidlar, zootsidlar, oʻsishni boshqaruvchi moddalar), atsetilen qurumi, aktivlashtirilgan koʻmir, oddiy superfosfat, sirka kislotasi, A. V markali etilatsetat, metil-atsetat, suyuq shisha, xalq isteʼmol mollari — osh tuzi, yodlangan osh tuzi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi.
Korxona 1971-yil Navoiy kimyo kombinati tarkibidan Navoiy elektrkimyo kombinati direksiyasi sifatida ajralib chiqdi. 1972-yil korxonani kengaytirish uchun Navoiy tumanida 935 ga yer ajratildi va uning 1- navbatini loyihalashtirish ishlari boshlandi. Dastlab xlororganik moddalar ishlab chiqarishga moʻljalangan. 1976-yildan korxona oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashdi. 1976—80 yilda uning birinchi navbati qurildi. 1980-yilda birinchi mahsulot — kotoroy gerbitsidi ishlab chiqarildi. Kombinat 1981-yildan Navoiy "Elektrokimyo zavodi" deb nomlandi, 1994-yildan yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati, 1996-yildan Navoiy "Elektrkimyozavodi" aksiyadorlik jamiyati — Oʻzbekiston-Panama qoʻshma korxonasi. Taʼsischisi: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi.
Korxona respublikadagi oʻsimliklarni himoya qiluvchi kimyoviy vositalarni tayyorlovchi yagona korxonadir. Korxona faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi ning kimyoviy vositalarga boʻlgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan. 1996-yil dekabr oyida Fransiyaning "Speyshim" firmasi bilan hamkorlikda yillik quvvati 10 ming t boʻlgan fozalon ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi, mevali ekinlardagi oʻsimlik biti, kana, Kolorado koʻngʻizi va boshqa zararkunandalarni yoʻqotishda qoʻllaniladigan fozalon insek-toakaridsidini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiddi.
2000—2002-yil davomida chetdan olib kelingan xom ashyolardan 30 turdagi oʻsimliklarni himoya qiluvchi kimyo vositalari ishlab chiqarildi.
Korxona koʻp yillardan buyon Shveysariyaning "Singenta", "Dalston", Germaniyaning "Lurgi", Yaponiyaning "Sumitomo", Xitoyning Xunan eksport-import korporatsiyasi, "Delyan", Buyuk Britaniyaning "Dau Agrosains" firma va kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi.
Rixsivoy Yoqubov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |