Kontent qismiga oʻtish

Navo telekanali

Vikipediya, erkin ensiklopediya
TV LOGO by NAVO

"Navo" telekanali tarixi va faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 17-dekabrdagi „Mahalla“ maʼrifiy teleradiokanalini tashkil etish va kelgusida raqamli teleuzatishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori bilan „Yoshlar“ teleradiokanali qoshida yangi „Navo“ telekanali tashkil etildi. Ushbu telekanal, oʻzining musiqiy kontenti orqali milliy madaniyatni targʻib qilishni maqsad qilgan.

Yutuqlar va Maqsadlar

„Navo“ musiqiy telekanali yoshlarning musiqiy didini rivojlantirish, milliy merosga hurmat va eʼtiborini oshirish, shuningdek, oʻzbek mumtoz sanʼati va mashhur asarlari haqida keng maʼlumot berishni maqsad qilgan holda bir qator dasturlarni efirga uzatmoqda.

Telekanalning asosiy vazifalari:

  • Oʻzbekiston va jahon mumtoz musiqasi, zamonaviy estrada sanʼati, milliy ijrochilik sanʼati yutuqlari bilan aholini tanishtirish.
  • Oʻzbek xalq qoʻshiqchiligi, raqs sanʼati va cholgʻu musiqa maktablarining xilma-xilligi va ularning jahon madaniyatidagi oʻrni haqida teletomoshabinlarni xabardor qilish.
  • Yoshlarning musiqiy savodxonligini oshirish, maʼnaviy bilimlarini boyitish, yuqori saviyali musiqiy dasturlarni tayyorlash va efirga uzatish.
  • Oʻzbek va jahon mumtoz musiqasi, raqs sanʼati, simfonik va cholgʻu musiqa ijrochiligi yoʻnalishlarida xilma-xil telemahsulotlar yaratish va ularni efirga uzatish.
  • Telemahsulotlarning sifatini va badiiy saviyasini oshirish, ijodiy gʻoyalarni rivojlantirish.

Kelajakdagi rejalar va yangi Loyihalar

Bugungi kunda, „Navo“ telekanali ijodiy guruhlari koʻrsatuvlar soni va sifatini oshirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib bormoqda.

Videokliplar va Sifat Nazorati

„Navo“ musiqiy telekanalidagi har bir videoklip, Badiiy kengash tomonidan koʻrib chiqilib, yuqori sifat talablari asosida efirga uzatiladi. Qoʻshiq sheʼrining maʼnosi, musiqasi, xonandaning tashqi koʻrinishi va libosi, shuningdek, videoklipning syujeti – bu barcha jihatlar diqqat bilan tekshiriladi. Xonandaning tashqi koʻrinishi yoki klip syujeti yomon taʼsir koʻrsatsa, bunday materiallar efirga uzatilmaydi. Har bir dastur uchun yozilgan senariylar, adabiy til normalariga mos ravishda, mazmunli va samarali boʻlishi lozim.

Teledasturlar va muharririyatlar

„Navo“ telekanali tarkibida uchta asosiy guruh mavjud:

  1. Teledasturlarni taʼminlash xizmati – musiqiy kliplar, konsert dasturlari, reklama va tijorat materiallari tayyorlash, shartnomalar asosida ish olib boradi.
  2. Efirga tayyorlash guruhi – Oʻzbek xalq mumtoz sanʼati, anʼanaviy qoʻshiqchilik, simfoniya musiqasi va zamonaviy estrada sanʼati haqida badiiy jihatdan yuqori darajadagi dasturlar tayyorlaydi.
  3. Efirga uzatish xizmati – Musiqiy koʻrsatuvlarni tekshirib chiqish, efirda belgilangan vaqtga mos tarzda uzatishni taʼminlash, reklama va tijorat materiallarini yigʻish kabi vazifalarni bajaradi.

Efir va auditoriya

  • Efir soati: 24 soat.
  • Efir qamrovi: Raqamli televizion signallarni qabul qilish imkoniyati mavjud hududlarni qamrab olgan.
  • Auditoriya: 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan barcha yoshdagi tomoshabinlar.