Kontent qismiga oʻtish

Nasriddinbek masjid va madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Nasriddinbek masjid va madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Fargʻona viloyati
Shahar Andijon
Maktab yoʻnalishi sunniy
Madrasa turi Yirik
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Nasriddinbek
Binokorlik 1871—1871-yil ramazon oyida
Maqomi saqlanib qolmagan
Hujralar soni 23
Qurilish materiali Pishgan g'isht

Nasriddinbek masjid va madrasasi — Qoʻqon xoni Nasriddinbek tomonidan Andijon shahrida barpo etilgan qadamjolar[1]. Yonma-yon joylashgan.

Qoʻqon xonlari va ularning farzandlari madrasa barpo etish va uni vaqf mulki bilan taʼminlashga alohida e'tibor bergan. Shu odatni davom ettirgan Xudoyorxonning oʻgʻli Nasriddinbek 1871-yilning ramazon oyida Andijonda jome masjidi va madrasasini qurdirgan. Bir qancha mulklarini vaqf qilib bergan. Majmua bir darsxona, 23 hujra, xonaqoh, masjid va ayvondan iborat boʻlgan. Ushbu kompleks inshootlar pishiq gʻishtdan, Andijon shahrining Yangi Oʻrdasi* yonida barpo etilgan.

Kompleksning sharq va qisman janub tomoni yoʻl bilan, gʻarb, shimol, qisman janub tomoni Oʻrda bilan chegaralangan. Nasriddinbek oʻzi qurdirgan masjid va madrasaning moliyaviy ehtiyojlarini qoplash, kamchiliksiz faoliyat yuritishi uchun Andijon viloyati Baliqchi tumanining Nasriddinobod qishlogʻidagi oʻziga tegishli yirik miqdordagi yer-mulklarni vaqf sifatida taqdim etgan. Bu hududlar katta Chinobod arigʻidan sugʻorilgan. 1896-yilning yanvar oyida Fargʻona viloyati yer-soliq komissari podpolkovnik Yansin tomonidan vaqfnoma va unda koʻrsatilgan vaqf yerlar tekshirib qiymatlari aniqlangan. Nasriddinbek masjid va madrasaga 868 desyatina (desyatina 1,09 gektarga teng oʻlchov birligi), 2183 sarjin (2400 sarjin 1 desyatinaga teng) sugʻoriladigan, ekin ekiladigan yerni va 668 desyatina 1876 sarjin lalmi yerni, jami 1537 desyatina 1659 sarjin yerni vaqf sifatida taqdim etgan. Bu yerlarda aholi yashagan, mehnat qilgan va vaqf yerlaridan foydalanganligi uchun yetishtirilgan hosilni beshdan bir qismi miqdorida xiroj soligʻi va tanobona toʻlagan. Tanob soligʻi poliz ekinlaridan, sabzavot va mevalardan pul hisobida olingan[2].

Mutavalli vaqf yerlaridan tushgan daromaddan har yili masjid va madrasani taʼmirlash ishlariga ishlatgan. Bundan tashqari, mudarris, muazzin, imom va boshqa xizmatchilarga, moyana, talabalarga nafaqa bergan.

Nasriddinbek madrasa va masjidi faoliyati xonlik davrida ancha yaxshi boʻlgan. Vaqf daromadi ham boshqa masjid, madrasalarnikidan oshiqroq boʻlgan. Madrasa xodimlari, talabalari moddiy jihatdan qiynalmasdan yashagan. Shuning uchun madrasada oʻquv-tarbiya ishlari ham yaxshi boʻlgan. 1875-yilda Rossiya imperiyasining Andijonga hujumi natijasida fevral oyida shahar toʻliq egallab olinadi. Urush jarayonida toʻplardan shaharga otilgan oʻqlar Nasriddinbek qurdirgan masjidga tegib, buzib tashlagan. Madrasa ham xarobaga aylangan. Chor maʼmurlari shikastlangan masjidni buzib, joyini tekislab yuborgan. Madrasa esa rus harbiylari otxonasi sifatida foydalanilgan.

  • Yangi Oʻrda Nasriddinbek Andijon viloyati hokimi qilib tayinlanganda Xudoyorxon tomonidan barpo etilgan.
  1. „NASRIDDINBEK“. Qaraldi: 22-iyun 2023-yil.
  2. Ibrohimjon Alimov. Qo'qon xonligi madrasa va maktablari tarixi. Toshkent "Fan" nashriyoti, 2017-yil — 157-158-bet. ISBN 978-9943-19-405-2.