Naflilik
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Naflilik — moddiy va maʼnaviy neʼmatlar, tovarlarning oʻz xususiyatlariga koʻra, ehtiyojlarni qondirish xossasi; tovarlar va xizmatlarni isteʼmol qilishdan har bir shaxs oladigan muayyan qoniqish. Iqtisodiy nazariyaning asosiy tushunchalaridan biri. Naflilik darajasi — subyektiv tushuncha, u shaxsning manfaati, u yoki bu neʼmatga intilishiga bogʻliq. Neʼmatlarning inson uchun muhimligi va ahamiyati ularning inson uchun nafliligiga — ular qondiradigan ehtiyojlarning ehtiyojlar tartibidagi oʻrniga, darajasi va ahamiyatiga bogʻliq. Har qanday neʼmatlarning naftlilik darajasi uning tabiiy xossalariga, sifatiga bogʻliq. Mahsulot nafliligi oʻsishi uchun uning tabiiy va sunʼiy yaratilgan xossalari sifatini yaxshilash lozim. Masalan, buyumning sifati yaxshilanib xizmat qilish muddati 2-marta ortsa, uning nafliligi 2-marta ortib, oldingisiga nisbatan 2-marta koʻproq ehtiyojni qondiradi. Shuning uchun ham iqtisodiy oʻsishning muhim omili mahsulot sifati va uning naflilik darajasini oshirishdir. Ayrim tovarlardan qoniqish yakka qoniqishdir, ammo tovarlarni isteʼmol etishda umumiy qoniqish ham paydo boʻladi. Umumiy naflilik — isteʼmol qilinadigan boyliklarning barcha tarkibiy qismlari boʻyicha nafliligidir. Umumiy nafililik tovarlar guruhiga daxldor va kishilar talabini tez oʻzgartiradi. Umuman, tovarlar xilma-xil boʻlganda naflilik pasayishga moyil boʻladi. Tovarlarning naf keltirish xususiyati — isteʼmol etish jarayonida isteʼmolchida qoniqish hosil eta olishi, yaʼni xaridorning individual didiga qarab ehtiyojni qondira olishidir. Tovarning naf keltirishi qanchalik yuqori boʻlsa, shunchalik narxning qiymatdan uzilishi ham yuz beradi. Ammo bunday hol kam uchraydi, chunki tovarlar gʻoyat koʻp boʻlganidan ayrim tovarlar nafliligi oʻta yuqori boʻlmaydi, oʻrinbosar tovarlardagi naflilik uni tutib turadi.
Narxning tovar nafliligiga monand oshib borishi cheksiz emas. Chunki naf keltirish meʼyorining ham eng oxirgi chegarasi boʻladi. Shu chegaradan oʻtgach, tovarning nafligi pasaya boradi. Shundan soʻng, xarid etilgan va isteʼmol qilingan tovar nafligi pasayadi. Chunki, xarid narxining cheklanganligi tufayli xaridor oʻz qoʻlidagi puliga yuksak qoniqish hosil qiladigan tovarlarni oladi. Bu naflilikning yuqori nuqtasi (maksimizatsiyasi) deyiladi.
Bozor sharoitida isteʼmol tanlovining asosiy chegaralari tovarning narxi va isteʼmolchining daromadi hisoblanadi. Shu sababli, nafaqat tovarning nafliligi, balki naflilikning mazkur tovar narxi bilan nisbati ham ahamiyatga ega. Bunday nisbat chamalangan (hisobga olingan) meʼyoriy naflilik deyiladi. Jamiyat rivojlanishida moddiy va maʼnaviy neʼmatlarning naflilik juda muhim masala boʻlganidan iqtisodiy tafakkur tarixida obyektiv va subyektiv nuqtai nazarlarda turadigan bir qancha naflilik nazariyalari paydo boʻldi. naflilik muammosiga siyosiy iqtisoddagi avstriya maktabi vakillari E. Byom-Baverk, F. Vizer, K. Menger, shuningdek, G.Gossen va boshqa katta eʼtibor berganlar. Ularning fikricha, kishilar neʼmatlarni N.ga ega boʻlgani uchungina qadrlaydilar, isteʼmolchi nazarida qadrli boʻlgan narsagina qadr-qimmatga egadir. Kishilar muayyan tovarlarni qadrlaganlarida uning faqat obyektiv N.ni yoki subyektiv naflilikni (uni isteʼmol etishdan olinadigan qoniqishni, nafni) hisobga olish bilan cheklanmasdan, uning mehnat natijasi ekanligi, ijtimoiy mehnatning mujassam ekanligini, yaʼni muayyan ijtimoiy qiymatga ega ekanligini ham hisobga oladilar, tovarni obyektiv naflilik va ijtimoiy qiymat birligidan iborat mahsulot sifatida kadrlaydilar. Neʼmatning subyektiv qadr-qimmati uning obyektiv qadr-qimmatining, obyektiv nafliliki va ijtimoiy qiymati birligining insoniy ehtiyoj, farovonlik nuqtai nazaridan qadrlanadigan subyektiv ahamiyatidir.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Samuelson P.A., Nordxauss V.D., Ekonomika, M., 2000.
Erlis Aliqulov[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |