Kontent qismiga oʻtish

Munozara:Xitoy tili

Sahifa kontenti boshqa tillarda dastaklanmaydi.
Vikipediya, ochiq ensiklopediya


Qadimgi Xitoy davlati va huquqi

[manbasini tahrirlash]

Reja:

  1. Eng qadimgi Xitoy toʻgʻrisida umumiy maʼlumot
  2. Qadimgi Xitoydagi ilk Shan (In) davlati (miloddan avvalgi XVIII -XIIasrlar)
  3. Chjou davlati (miloddan avvalgi X1-III asrlar)
  4. Sin davlati (miloddan avvalgi 221-207 yillar)
  5. Xan davlati (miloddan avvalgi 206-yildan-miloddagi 220-yiligacha)
  6. Qadimgi Xitoyda huquqning asosiy belgilari

1. Eng qadimgi Xitoy toʻgʻrisida umumiy maʼlumot

Xitoy Markaziy va Sharqiy Osiyodagi eng qadimgi mamlakatlardan biridir. Arxeologik maʼlumotlarning xabar berishicha, Xitoyda odamlar qadimgi tosh davridayoq yashaganlar. Eng qadimgi Xitoyda matriarxat hukmron boʻlgan.

Eng qadimgi Xitoy qabilalaridan miloddan avvalgi II ming yillik boshlarida Xuanxe qirgʻoqlariga shimoldan koʻchib kelgan Shan qabilasi ayniqsa kuchayib ketgan. Bu qabila boshqa qabilalarni (shu jumladan, Sya qabilasini ham) oʻziga boʻysundirib, Xuanxe daryosi havzasining koʻp qismini egallab olgan.

Miloddan avvalgi V-III ming yilliklarga kelib Xuanxe daryosining oʻrta oqimida dastlabki dehqonchilik vujudga kelib, aholi daryo boʻyidagi kichik-kichik qishloqlarda yashagan.Shunday qilib, dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanishi aholi orasida mulkiy tengsizlik va tabaqalanishga olib kelgan. Bu hol Sharqiy Xitoyda dastlabki davlatlarning vujudga kelishi uchun imkoniyat yaratgan.

Qadimgi Xitoy davlati tarixini quyidagicha toʻrt: 1) Qadimgi Xitoy davlatining tashkil topishi — Shan (In) davlati (miloddan avvalgi XVIII-XII asrlar); 2) Chjou davlati (miloddan avvalgi XI-III asrlar); 3) Sin podsholigi (miloddan avvalgi 221-207 yillar); 4) Xan podsholigi (miloddan avvalgi 206 yildan milodning 220 yiligacha) davrlariga boʻlib oʻrganiladi. Soʻnggi davr quldorlik davlatining feodal davlatga oʻsib oʻtishi bilan xarakterlanadi.

2. Qadimgi Xitoydagi ilk Shan (In) davlati (miloddan avvalgi XVIII-XII asrlar)

Qadimgi Xitoyda shahar tipidagi sivilizatsiyaning dastlabki oʻchoqlari miloddan avvalgi II ming yillikda Xuanxe daryosi havzasida tashkil topa boshlagan. Xitoy an’analarida aytilishicha, qadimgi Xitoyda davlat miloddan avvalgi XVIII asrda sya qabilasining shan qabilasi tomonidan bosib olinishi natijasida tashkil topgan. Oʻsha vaqtda shan qabilasi boshligʻi Chen Tan degan kishi davlatga asos solib, unga hukmdor qabilaning nomi bilan Shan davlati deb atagan. Unda quldorlik munosabatlari bilan bir qatorda jamoa ishlab chiqarishiga asoslangan ijtimoiy munosabatlar ham rivojlangan. Bu yerda hukmron sinf in dunyoviy aristokratiyasidan, kohinlardan va boʻysundirilgan qabilalarning aristokratlaridan tashkil topgan.

Qullarga xususiy shaxslar ham, davlat ham egalik qilishi mumkin boʻlganAholining asosiy qismini erkin jamaochilar tashkil etgan.

Podsho birinchi va eng yirik quldor, oliy harbiy boshliq, eng oliy sudya va eng katta ruhoniy hisoblangan. Mansabdor shaxslar uchta asosiy toifaga: oliy fuqarolik chinovniklari; harbiy chinovniklar; turli xil maslahatchilar, avliyolarga boʻlingan. Shuningdek davlatning muhim ajralmas qismi hisoblangan armiya va turmalar ham mavjud boʻlgan.

Miloddan avvalgi XII asrda Shan (In) davlati ichki ziddiyatlar kuchayishi natijasida tushkunlikka uchragan. Miloddan avvalgi 1076 yilda Chjou qabilasi in armiyasini tor-mor etgan, Shan davlati qulagan, uning oʻrniga Chjou podsholigi tashkil topgan.

3. Chjou davlati (miloddan avvalgi XI-III asrlar)

Chjou podsholigi Xitoy tarixida quyidagicha uchta davr: gʻarbiy Chjou (miloddan avvalgi 1122-742 yillar); Sharqiy Chjou (miloddan avvalgi 770-403 yillar); „urushqoq podsholiklar“ davri (miloddan avvalgi 403-221 yillar)ga boʻlinadi.

Gʻarbiy Chjou davlatining chegarasi Vey daryosi boshidan Sharqda Sariq dengizgacha davom etib, uning poytaxti Xao shahri boʻlgan.

Bu davrda ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojlanishining ancha yuqori darajasiga erishilgan, yirik yer egaligi rivojlangan, qulchilik ham oʻsgan, davlat ancha mustahkamlanib, uning tarkibiy tuzilishi murakkablashgan.

Jamiyatda quldorlar aristokratiyasi hukmron mavqega ega boʻlgan. Umuman dehqonlar (nunfu) arang kun kechirgan. Ularning koʻpchiligi yersiz ijarachilarga aylangan.

Jamiyatning eng quyi qismini qullar tashkil etgan. Ularning soni harbiy asirlar, tinch aholini bosib olish, davlat jinoyatchilari hisobiga koʻpaygan. Ayniqsa xususiy qullarning soni ortgan. Qul mehnatidan xoʻjalikning turli sohalarida va ogʻir, iflos ishlarda keng foydalanilgan.

Oliy hokimiyat nasldan naslga meros boʻlib oʻtadigan podsho (van) qoʻlida boʻlgan. Chjou podsholigida saroy boshqaruv tizimi mavjud boʻlgan. Davlat apparatiga oliy martabali amaldor (syan) boshchilik qilgan. Gʻarbiy Chjou podsholigida kohinlar va folbinlar ham muhim oʻrin tutgan. Oliy kohin va buyuk folbin degan mansablar mavjud edi.

Armiya asosan urushlar vaqtida yigʻiladigan xalq qoʻshinlaridan va uncha katta boʻlmagan doimiy xizmatdagi otradlardan iborat edi. Xitoy qoʻshinlarining asosini jangovar arava, otliq qoʻshin va piyodalar tashkil etgan. Jang aravasi oʻsha davrda qoʻshinda eng asosiy hujum qiluvchi kuch edi. Jang aravasida haydovchi, kamonboz va nayzabardordan iborat uch kishi boʻlgan.

Van faqat poytaxt viloyatini bevosita boshqarib turgan. Mamlakatning boshqa hududlari vorislik huquqiga ega boʻlgan knazlar — chjuxoular tomonidan idora etilgan. Bu davrda beshta toifa: gun, xou, bo, szi, inan deb nomlanadigan knazlik unvonlarining bosqichma-bosqich boʻysunishiga asoslanadigan tizimi batamom rasmiylashgan. Maʼlumotlarga qaraganda, turli knazliklarda qishloq, jamoalarining tuzilishi har xil boʻlgan. Bularning ichida eng koʻp tarqalgani quyidagicha boʻlgan: beshta oila qoʻshni jamoa — linni tashkil etgan, beshta shunday jamoalar qishloq — li, toʻrtta li szu „klani“ (urugʻ jamoasi)ni, beshta szu guruhni — danni, beshta dan okrug — chjouni tashkil etgan, beshta chjou syanni tashkil etgan. Syan tepasida uning boshqaruvchisi — sin turgan. Eng quyi maʼmuriy mansab qishloq jamoasi oqsoqoli boʻlgan.

Miloddan avvalgi VII-IV asrlarda Sharqiy Chjou podsholigida hukmronlikni qoʻlga kiritish uchun Si, Szin, U, Chu, Yuz kabi mayda podsholiklar oʻrtasida oʻzaro urushlar davom etgan. Bu davr Xitoyda besh hokim davri yoki Chjango („urushqoq podsholiklar“) davri deb yuritiladi. Miloddan avvalgi V asrda qadimgi Xitoy tarixida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy munosabatlarda keskin oʻzgarishlar yuz bergan.

4. Sin davlati (miloddan avvalgi 221-207 yillar)

Sin podsholigi Sharqiy Chjouning gʻarbiy qismida — Xuanxe irmoqlaridan biri Vey daryosi havzasida joylashgan edi. Miloddan avvalgi IV asr oʻrtalarida Sin podsholigi birmuncha kuchayadi. Podsho Sao-gun (361-338 yillar) davrida davlatning nufuzli amaldori Shan Yan tomonidan bir qancha islohotlar oʻtkazilgan. Islohotga koʻra, yerni istagancha xususiy mulk qilib olish, uni erkin sotish va sotib olishga ruxsat berilgan. Qoʻshin qayta tuzilib, qurollantirilgan, harbiy xizmatlar uchun 18 darajali zodagonlik tashkil etilgan. Podsho In Chjen davrida (241-210 yillar) Sharqiy Xitoy yerlari birlashtirilgan. In Chjen — Sinning birinchi podshosi (Sin Shi Xuandi) degan nom olgan. Davlat boshligʻi imperator (xuandi) boʻlgan; u juda katta vakolatlarni qoʻlga kiritib olgan. Qonun chiqarish, ijro etish va sud hokimiyati unga tegishli edi. Imperiya juda keng tarmoqli davlat apparati tomonidan idora etilgan. Davlat apparatida oʻn minglab chinovniklar xizmat qilgan. Boshqaruv apparati tepasida oʻng va soʻl chensyanlar (ministrlar) turgan. Chensyanlarning oʻrinbosarlari kotiblar boʻlgan. Saroy qoʻriqlash xizmatining boshligʻi, imperator avlodlarining marosimlarini oʻtkazishni yurituvchi chinovnik, tashqi munosabatlarni yurituvchi chinovniklar davlatda oliy chinovniklar hisoblangan. Davlat apparati faoliyatida imperator maslahatchilari katta rol oʻynagan. Butun imperiya hududi oʻttiz oltita viloyatga boʻlingan. Viloyatlar oʻz navbatida uyezdlarga, uyezdlar — volostlarga, volostlar esa — tin (eng quyidagi maʼmuriy birlik)larga boʻlingan.

5. Xan davlati (miloddan avvalgi 206-yildan-miloddagi 220 yiligacha)

Xan podsholigining asoschisi Lyu Ban mamlakatni markazlashgan davlatga aylantirish uchun koʻpgina chora-tadbirlar oʻtkazgan. Mamlakat xududi oʻn uchta yirik okrugga boʻlingan. Okruglarga mahalliy maʼmuriyat ustidan nazoratni amalga oshiruvchi okrug taftishchi — podshoning noiblari boshchilik qilgan. Viloyatlar, okruglar, uyezdlar soni koʻpaytirilgan. Viloyatlar va uyezdlar tepasida markazdan tayinlangan uchta chinovnik — hukmdor va uning fuqarolik va harbiy ishlar boʻyicha yordamchilari turgan. Mahalliy maʼmuriyat faoliyati markazdagi nazoratchilar tomonidan nazorat qilingan. Sinfiy ziddiyatlarni tepadan turib islohotlar yoʻli bilan yumshatishga qaratilgan ancha dadil urinish miloddan 8 yilda saroy toʻntarishi natijasida hokimiyat tepasiga kelgan Van Man tomonidan qilingan edi. Van Man milodning 9 yilida oʻzini „Yangi“ sulolaning imperatori deb tantanali suratda hammaga ayon qilgan va qatʼiy islohotlar siyosatini oʻtkazish niyatini eʼlon qilgan. Konfutsiylar islohotlarning gʻoyaviy ilhomlantiruvchilari boʻlishgan.

Lekin Van Man islohotlari oxirigacha yetkazilmagan, oʻylangan natijalarni bermagan va zodagonlar, nufuzli kishilar hamda harbiylarning qarshiligiga uchragan. 12 yilda yer islohoti bekor qilinib, qul savdosiga yana ruxsat berilgan. 18 yilda boshlangan va „qizil qoshlar“ nomi bilan mashhur boʻlgan qoʻzgʻolon ana shunday harakatlardan biri edi. 23 yilda Xan sulolasi taxtni qaytadan egallab, Van Manning farmonlari va buyruqlarini bekor qilgan. Mamlakat iqtisodi barqarorlasha boshlagan. Davlat apparatida muhim oʻzgarishlar yuz bergan. Mamlakatni idora etish boʻyicha funksiyalar beshta mahkama oʻrtasida taqsimlab olingan, imperator huzurida oliy maslahatchi organ — imperatorlik kengashi tuzilgan. II asrning ikkinchi yarmida Xitoyda yana ogʻir vaziyat vujudga keladi, siyosiy guruhlar oʻrtasidagi kurash chuqur siyosiy inqirozga olib keladi. Mamlakatning xoʻjalik tizimi tushkunlikka uchraydi. 184 yilgi kuchli „sariq roʻmolliklar“ qoʻzgʻoloni butun mamlakatni qamrab olgan. Qoʻzgʻolon hukumat qoʻshinlari tomonidan katta talofotlar evaziga zoʻrgʻa bostirilgan. Jang natijasida 80 mingdan ortiq kishi halok boʻlgan, yerlar boʻshab qolgan, baʼzi yirik shaharlar vayron etilgan. 188 — 207 yillarda ham Hitoyning koʻp joylarida kuchli qoʻzgʻolonlar boʻlib oʻtgan. Ammo ularning hammasi hukumat qoʻshinlari tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgan. Lekin shunga qaramay, qoʻzgʻolonlar Xan saltanatini zaiflashtirib yuborgan va oxir oqibatda uning qulashiga olib kelgan. 220 yilda Xan podsholigi Vey, Shu va U kabi davlatlarga boʻlinib ketgan. Bu Xitoy tarixida Uch podsholik davri deb ataladi. Shu bilan qadimgi Xitoy tarixi oʻz nihoyasiga yetgan.

6. Qadimgi Xitoyda huquqning asosiy belgilari

Qadimgi Xitoy huquqiy tizimining muhim xususiyatlaridan biri shunda ediki, bu yerda huquqning shakllanishida ikkita bir-biriga qarama-qarshi falsafiy diniy-huquqiy taʼlimot — konfutsiylik va legizm oʻrtasidagi gʻoyaviy kurash juda katta ahamiyatga ega boʻlgan. Qadimgi Xitoy huquqi rivojlanishida uchta bosqichni ajratib koʻrsatish mumkin. Birinchi bosqich Shan (In) va qadimgi Chjou davriga toʻgʻri kelib, bu davrda Xitoyda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda odob-axloq meʼyorlari (li) asosiy rol oʻynagan.

Miloddan avvalgi VI asrda xitoyliklar orasida asrlar davomida shubhasiz katta obroʻ-eʼtiborga sazovar boʻlgan Konfutsiy oʻz taʼlimotini yaratgan. Konfutsiylikning asosiy falsafiy gʻoyasi — uygʻunlik gʻoyasi boʻlib, unga koʻra, uygʻunlik umumiy kosmogonik40 tartibning, dunyodagi muvozanatning va, demak, odamlar baxtining asosiy shartidir. Bu gʻoya oʻz ichiga odamlar va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik singari, odamlarning „tabiiy tartibga“, yaʼni yaxshi fazilatlar va axloq-odobga mos kelishi lozim boʻlgan yurish-turishlarida ifodalanadigan oʻzlari orasidagi uygʻunlikni ham qamrab oladi. Qadimgi Xitoy huquqi rivojlanishining 2-bosqichida, yaʼni Chjango davridan (miloddan avvalgi V-III asr) boshlab muntazam jazo kompleksiga ega boʻlgan huquqning roli kuchaygan. Bu davrda legizmning eng yorqin vakili Shan Yan tomonidan xalq va davlatni boshqarish haqidagi legistlarning mukammal taʼlimoti yaratilgan.

Miloddan avvalgi III asrning 2-yarmida qadimgi Xitoy huquqining anʼanaviy belgilari va institutlarining qaror topishiga yangi turtki bergan ikkita mafkuraning qarama-qarshi kurashi juda keskinlashgan. Legizm birinchi Xitoy imperiyasi — Sin davlatining (miloddan avvalgi 221-207 yillar) rasmiy mafkurasi boʻlib qolgan. Sin imperatori Shixuandi- miloddan avvalgi 213 yilda konfutsiylarning kitoblarini yoqib yuborishga buyruq bergan, konfutsiylik oqimiga mansub 400 ta olimni qatl ettirgan.

Xan sulolasining oʻrnatilishi bilan qadimgi Xitoy huquqining tashkil topishidagi oxirgi 3-bosqich (miloddan avvalgi III asr — milodning III asri) — konfutsiylarning rasman gʻalabasi bosqichi boshlangan.

Konfutsiylik axloqida hukmron boʻlgan meʼyorlar bundan buyon kuch bilan, qattiq qonun („fa“) jazosi bilan oʻrnatilishi lozim boʻlgan. Bu ortodoksal konfutsiylikning quyidagicha qisqa va aniq qoidasida ham oʻz aksini topgan: "qayerda „li“ kamlik qilsa, oʻsha yerda „fa“ni qoʻllash lozim, yoki nima „fa“ boʻyicha jazolansa, u „li“ boʻyicha ruxsat etilmaydi, nimaga „li“ boʻyicha ruxsat etilgan boʻlsa, uni „fa“ boʻyicha jazolash mumkin emas". Konfutsiylik va legizmning qoʻshilishi shunga olib keldiki, „li“ meʼyorlari endi majburiylik va rasmiylik xarakterini olgan, huquqqa esa oʻsha vaqtda muqaddaslashtirilgan koʻpgina konfutsiylik asarlari — „Chjou li“, "I li ", „Li szi“ kabilar koʻchirilgan. Bu asarlarda miloddan avvalgi 1 ming yillik 2-yarmi boshlaridayoq konfutsiylarning axloq meʼyorlari sistemalashtirilgan va mustahkamlangan edi.

Miloddan avvalgi X asrda Chjou davlatida van — Mu tomonidan 3000 ta moddaga ega boʻlgan Jinoyat kodeksi — jazolar haqidagi qonunnoma ishlab chiqilgan. aybni yengillashtiradigan va ogʻirlashtiradigan holatlar haqida gapirilgan, ehtiyotsizlikdan va qasddan qilingan xatti-harakatlar bir-biridan ajratilgan. Qonunnoma alohida sud qarorlari yozuvi boʻlganligi ehtimoldan holi emas, unda avvalo odat huquqi meʼyorlari mustahkamlangan.

Xitoyda yozma qonunlarning bir muncha keng tarqalishi miloddan avvalgi VI-V asrlarga toʻgʻri keladi. Bu qadimgi xitoy jamiyatining tabaqalashuvi kuchayishi bilan bogʻliq. Miloddan avvalgi VI asrda Lu podsholigida qabul qilingan yer soligʻi haqidagi jamoa yer egaligining tugatilganligi va xususiy yer egaligining oʻrnatilganligi ham bejiz emas.

Xitoyda ayniqsa Chjango davrida qonunchilik faoliyatining juda tez. rivojlanishi eslatib oʻtiladi. Bu miloddan avvalgi V-III asrlarda alohida xitoy podsholiklari oʻrtasidagi ogʻir va tinimsiz kurashlar sharoitida siyosiy ahvolni barqarorlashtirish maqsadlarida qonunlardan foydalanish zaruriyati bilan bogʻliq.

Qadimgi Xitoyda miloddan avvalgi 536 yilga taalluqli „Qonunlar obzori“ ilk yozma qonunlarga yorqin misol boʻla oladi. Unda jinoyatlar uchun jazolarning quyidagi beshta turi: tamgʻa bosish, burnini kesish, bitta yoki ikkala oyogʻini kesish, kastratsiya (axtalash, bichish) va oʻlim jazosi berish nazarda tutilgan edi. Bu jazolar keyinchalik eng koʻp tarqalgan jazo turlari boʻlib qolgan. Miloddan avvalgi V-IV asrlarda legistlarning ilgʻor vakillaridan biri Li Kuy tomonidan tuzilgan „Vey podsholigi qonunlari kitobi“ qadimgi Xitoydagi ilk qonunlar toʻplamlaridan muhimi hisoblanadi.

Shuni aytib oʻtish kerakki, yozma qonunlarning paydo boʻlishi odat huquqi meʼyorlarining tugatilishiga olib kelmagan. Xitoy an’anaviy huquqida xususiy huquq me’yorlari mustaqil rivojlanmagan. Lekin shunga qaramay Chjou davrining oxirlaridan boshlab (miloddan avvalgi IV-III asrlarda) "yu" fe’li "mulkka ega boʻlish" degan ma’noni bildirgan.

Miloddan avvalgi I asr oʻrtalaridan qator podsholiklar yer olish-sotish haqida bitimlar tuza boshlaganlar. Qadimgi Xitoyda yerlar bilan birga mulk huquqining muhim ob’yekti qullar boʻlgan. Shan (In) davrida qullar chorvaga tenglashtirilgan. Ular davlat mulki hisoblangan, qullar garchi xususiy shaxslar egaligida boʻlsa-da, hali ularni olish-sotish boʻlmagan. Chjou davrida esa qul ayirboshlash, olish-sotish mumkin edi. Miloddan avvalgi V-III asrlarda ikki toifadagi qullar: davlat qullari va xususiy qullar mavjud edi. Shunday qilib, qadimgi Xitoyda yerga nisbatan davlat, jamoa va xususiy mulkchilik shakllari mavjud boʻlib, vaqt oʻtishi bilan mulkka egalikning oxirgi shakli tobora rivojlanib borgan.

Qadimgi Xitoyda majburiyatlarning shartnomalardan kelib chiqadigan turi keng tarqalgan. Huquqiy manbalarda shartnomalarning xilma-xil turlari eslab oʻtilgan. Dastlabki shartnomalardan biri ayirboshlash boʻlib, u asta-sekin oʻz oʻrnini oldi-sotdi shartnomasiga boʻshatib borgan. Yerni olish-sotish bilan bogʻliq shartnomalar keng tarqalgan. Manbalarning xabar berishicha, milodning I asrida ayollar va davlat qullari ham yerlarni olish-sotish shartnomasini tuzishlari mumkin boʻlgan. Hadya shartnomasi ham juda koʻp uchraydigan shartnomalardan edi. Yerlarni, qullarni, aravalarni, qurol-yarogʻ va boshqa mulklarni hadya qilish tez-tez boʻlib turadigan hodisa edi. Chjango davrida qarz shartnomasi boʻlganligi maʼlum, sudxoʻrlik rivojlangan. Qarz shartnomasi qarzdorlik tilxati bilan rasmiylashtirilgan. Toʻlov muddatini kechiktirish, garovga qoʻyish, yozma majburiyatlar berish hollari ham maʼlum. Qarz shartnomasining rivojlanishi qarzdorlik qulchiligining paydo boʻlishiga olib kelgan. Miloddan avvalgi V-III asrlarda yerni ijaraga berish shartnomasi ayniqsa tez-tez tugʻilib turgan. Bundan keyingi vaqtlarda shuningdek shaxsiy ijara shartnomasi keng tarqalgan edi. Ularning shartlari asosan odat huquqi bilan tartibga solingan.

Qadimgi Xitoyda oila patriarxal xarakterga ega boʻlgan. Miloddan avvalgi 356-350 yillarda Shan Yan kuchli markazlashgan hokimiyat tashkil etish yoʻlida toʻsiq hisoblangan nufuzli katta oilalarning, oilaviy urugʻ-aymoqlarning ajralib chiqishlariga qarshi kurashib, ularni majburiy suratda boʻlib yuborishga karatilgan siyosat yurgizgan.

Li szining V kitobida nikoh yoshining oʻziga xos quyi va yuqori chegarasi: erkaklar uchun 16 yoshdan 30 yoshgacha, ayollar uchun 14 yoshdan 20 yoshgacha qilib belgilangan.

Xotinning nikohni bekor qilish huquqi juda cheklangan.

Meros huquqida avvalo bolalar, nabiralar va ular boʻlmasa boshqa qarindoshlar qonuniy merosxoʻrlar sifatida chiqqanlar. Oilada katta oʻgʻil meros olishda katta imtiyozga ega boʻlgan. Ota oʻlganidan soʻng oila mulki unga oʻtgan va u oila boshligʻiga aylanib, boshqa oila aʼzolari ustidan hukmronlik qila boshlagan.

Qadimgi Xitoyda huquqning rivojlanishi koʻproq jinoyat huquqi rivojlanishi bilan bogʻliq edi.

Qadimgi Xitoy jinoyat huquqida tugallangan jinoyat va suiqasd oʻrtasidagi farq ham ajratilgan.

Jinoyat huquqida aybni yengillashtiradigan va ogʻirlashtiradigan holatlar haqidagi huquqiy qoidalar konfutsiylarning quyidagi pand-nasihatlarida ham belgilangan: „Ota-onalarni va qarindosh-urugʻlarni boshqalar oldida koʻproq sevish, keksalarga har jihatdan hurmat koʻrsatish, nogironlarga hamdard va bolalarga rahmdil boʻlish lozim“. Shu muqaddas burchlar nuqtai nazaridan 8 yoshdan kichik bolalar va 70 yoshdan katta keksalar tan jazolaridan ozod etilganlar.

Manbalarda keltirilgan maʼlumotlarga karaganda, Chjou davrida Mu kodeksida koʻrsatilganidek, 3000 turdagi jinoyat mavjud boʻlgan. Bularning orasida davlatga qarshi (isyon, fitna), dinga qarshi (sehrgarlik bilan shugʻullanish, kulni koʻchaga tashlash), shaxsga qarshi (odam oʻldirish, tan jarohati yetkazish), mulkka qarshi (oʻgʻrilik, talonchilik, birovning chorvasini soʻyish), harbiy (qoʻshin yigʻiladigan joyga belgilangan muddatda yetib kelmaslik, jangda qoʻrqoqlik qilish) jinoyatlar muhim oʻrin tutgan.

Qadimgi Xitoyda „bao“ degan iboradan sodir etilgan jinoyat uchun oʻch (qasos) olish degan maʼnoda foydalanilgan.

Jazo turlari turli davrlarda bir-biridan juda kam farq qilgan. Podsho Mu Qonunnomasida jazolarning quyidagi besh turi ajratib koʻrsatilgan: 1) „mosin“ (tatuirovka yoʻli bilan yuzga tamgʻa bosish) — bu 1000 xil turli ayblar uchun qoʻllangan; 2) „isin“ (burunni kesish) — bu ham 1000 xil turli ayblarga nisbatan berilgan; 3) „feysin“ (oyogʻini kesish) — 500 xil turli ayblar uchun; 4) „chujin“ (erkaklar uchun kastratsiya va ayollar uchun qulga aylantirish) — 300 turli ayblar uchun; 5) „danisin“ (boshini kesish) — 200 turli ayblar uchun.

Jazolarning surgun, mansabidan boʻshatish va jarima kabi turlari ham mavjud edi. Tan jazolari jarima toʻlashga almashtirilishi mumkin boʻlgan. Bunda albatta mulkdorlarning manfaatlari nazarda tutilgan edi.

Oʻlim jazosi hukmi darhol yoki maʼlum muddat oʻtgach ijro etilgan.

Qadimgi Xitoyda sud hokimiyati ma’muriy hokimiyatdan ajratilmagan. Asosiy sud ishlari viloyatlarning ma’muriy boshliqlari -"prefektlar" tomonidan koʻrib hal etilgan.

Prefektlarning sud faoliyatini hukumatning tanikli chinovniklaridan biri — „Buyuk maʼmur“ kuzatib turgan. Unga har yilning oxirida viloyatlarning hukmdorlari hisobot berganlar.

Eng oliy sud hokimiyati imperatorga tegishli boʻlgan. Imperator oliy sud instansiyasi hisoblangan.

Manbalarning xabar berishicha, ota oʻz oʻgʻlini sodir etgan jinoyati uchun oʻldirishi yoki oʻzini-oʻzi oʻldirishga buyruq berishi mumkin edi. Davlatga va podshoga qarshi jinoyatlar haqida barcha kishilar xabar berish huquqiga ega boʻlganlar.

Tergov natijalari haqida xulosa, ayblov dalolatnomasi tuzilgan. Qadimdan „dalillarni taqdim etish“, „ayblash“ va boshqa yuridik iboralar koʻp ishlatilgan.

Sudda ish yuzasidan analogiya (qiyoslash) boʻyicha qarorlar chiqarish keng qoʻllanilgan.

Tavsiya etiladigan adabiyotlar.

  1. Karimov. I.A Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq. T., „Sharq“ NMK, 1998.
  2. П.Н.Гaлaнзa. История государство и право зарубежных стран. M.1998.
  3. Z.Muqimov.Chet mamlakatlar davlati va huquqi tarihi. Samarqand.1992.
  4. K.Н.Батыр и E.В.Поликарпова. Всеобщая хрестоматия истории государство и право. M. 1996.
  5. Черниловский З.M. Всеобщая история государство и право . M.1996.
  6. O.A.Жидкова. Н.A.Карашениникова. История государство и право зарубежных стран. Нoрмa.M.2004. 1-часть.
  7. O.A.Жидкова. Н.A.Карашениникова. История государство и право зарубежных стран. Нoрмa.M.2004. 2-часть.
  8. H.Muhamedov Horijiy mamlakatlar davlat va huquqi tarihi.T., Adolat.1999.1- qism
  9. H.Muhamedov Horijiy mamlakatlar davlat va huquqi tarihi.T.,TDYuI..2005.1- qism

Хитойча номлар

[manbasini tahrirlash]

Савол туғилади: мақолада ўзбек лотин алифбосида келтирилган хитойча номлар, исмлар қайси қоида (ёки тизим)га асосан ўзбекчага транслитерация қилинган? --Basmatch (munozara) 20:34, 27-Noyabr 2015 (UTC)

Qadimgi Xitoy sivilizatsiyasi

[manbasini tahrirlash]

Hindiston imperatori Ashoka miloddan avvalgi 3-asrda Buddist missionerlarni Xitoyga yuboradi 185.163.27.158 17:42, 11-Dekabr 2021 (UTC)