Muhiddin Ermatov
Muhiddin Ermatov | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1898-yil Qoʻqon shahri |
Vafoti | 1938-yil |
Muhiddin Ermatov (1898—1938) — davlat va jamoat arbobi. Muhiddin Ermatov 1898-yil Qoʻqon shahrida masjid imom oilasida dunyoga kelgan. U dastlab jadid maktabida, soʻng rus-tuzem maktabida tahsil oladi. Madrasaga qatnab zamonasining ilgʻor yoshlaridan biriga aylanadi. Muhiddin Ermatov 1919—1920-yillar davomida Qoʻqon jome masjidi yonida joylashgan doʻkonda kitoblar va oʻquv ashyolari savdosini yoʻlga qoʻyadi. 1923-yilda u Qoʻqondagi „Nashri maorif“ jamiyatining rahbarlaridan biriga aylanadi. Keyinchalik u kompartiyaga kirib, mahalliy sovet idoralarida maʼsul lavozimlarda ishlay boshlaydi. U Fargʻona muzofotida qarshilik harakati davomida xonavayron boʻlgan xalq xoʻjaligini tiklash, madaniyat va maorifni oyoqqa qoʻyishda katta yutuqlarni qoʻlga kiritgan. Bu toʻgʻrisida „Fargʻona“ gazetasi sahifalaridagi qator maqolalari guvohlik beradi[1]. 1930-yilda Moskvada Svedlov nomidagi komuniversitetda tahsil oladi. 1932—1937-yillarda Namangan shahar partiya qoʻmitasi kotibi boʻlib ishlaydi. Namangan xalq xoʻjaligini ishga solish, qishloq xoʻjaligi va sanoatni rivojlantirishni yoʻlga qoʻyadi. U faoliyati davomida „Qizil bayroq ordeni“ bilan taqdirlanadi. 1937-yil 9-sentyabr kuni OʻzSSR JKning 60 va 67 moddalari bilan aksinqilobiy „Milliy ittihod“ tashkiloti aʼzosi deb ayblanib qamoqqa olishga qaror qabul qilinadi. 1937-yil 10-sentyabr kuni order berilib, uni uyida tintuv oʻtkaziladi va qamoqqa olinadi. 1937-yil 15-17-sentyabr kunlari soʻroq davomida Muhiddin Ermatov oʻz aybini tan olishga majbur boʻladi. 1938-yil 4-oktabr kuni Oliy sud qaroriri bilan unga oliy jazo tayinlanadi va shu kunning oʻzidayoq otib tashlanadi. 1957-yil 1-avgust SSSR Oliy sudi Harbiy kollegyasi qarori bilan Muhiddin Ermatov oqlanadi[2].