Muhandis
Muhandis yoki injener, texnikaning muayyan bir sohasiga ixtisoslashgan mutaxassis hamda muhandislik sohalaridan biri boʻyicha oliy maʼlumotli kasb egasi. Ilgari Sharqda binokor, yer oʻlchovchi, bino va inshootlarni loyihalovchi, geometriya bilan shugʻullanuvchi kishilar „muhandis“ deb atalgan. Bagʻdod, Damashq, Buxoro, Xiva, Samarqand, Toshkent, Qoʻqon va boshqa shaharlarda hozirgacha saqlanib qolgan qadimiy bino va inshootlar qurilishida foydalanilgan murakkab geometrik shakllar, arklar, gumbazlar, qubbalar, jumladan sugʻorish va suv chiqarish inshootlari (koriz, sardoba), charxpalak (chigʻir) muhandislik qadimdan taraqqiy etganligini bildiradi. Xususan, Ashad al-Fargʻoniyning Nil daryosiga qurilgan suv miqdorini oʻlchash inshooti ham muhandislik namunasi hisoblanadi.
Yevropada, dastlab, harbiy mashinalarni boshqargan kishilar injener (Lotincha: ingenium — qobiliyat) deb nomlangan. Bu tushuncha 16-asrda Gollandiyada koʻprik va yoʻl quruvchilarga nisbatan ishlatilgan, soʻngra Angliya va boshqa Yevropa mamlakatlariga tarkalgan.
Turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muhandislikning mexanik-muhandis, gidrotexnik-muhandis, kon muhandissi, harbiy muhandis, loyihalovchi muhandis, fizik-muhandis, texnolog-muhandis, quruvchi-muhandis, irrigator-muhandis va boshqa turlari bor. Muhandislar sanoat, transport, qurilish va xalq xoʻjaligining turli tarmoqlarida, ilmiy tadqiqot muassasalarida ishlaydi, muhandislik akademiyalarida, oliy texnika bilim yurtlari va boshqa muassasalarda tayyorlanadi. Oʻzbekistonda muhandislar Toshkent texnika universiteti, Toshkent informatsiyalar texnologiyasi universiteti, respublika viloyatlaridagi oliy texnika oʻquv yurtlari, Toshkent arxitektura-qurilish instituti, Toshkent kimyotexnologiya instituti, Toshkent davlat aviatsiya instituti, Toshkent avtomobil-yoʻllar instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligi instituti, Toshkent temir yoʻl transport muhandislari instituti, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti va boshqa muassasalarda tayyorlanadi.[1]
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |