Kontent qismiga oʻtish

Muhammadjon Mirzayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mirzayev Muhammadjon (1913.13.8 — Toshkent — 1999.17.5) — bastakor, sozanda (qashqar rubobi). Oʻzbekiston xalq artisti (1967). Dastlab T. Jalilov, J. Sultanov kabi ustozlardan musiqa sirlarini o’rgangan. 1953 yili Toshkent Davlat konservatoriyasini tamomlagan. Oʻzbek davlat filarmoniyasining xalq cholgʻulari orkestrida sozanda (1936—40), oʻzbek ashula va raqs ansamblida (1940-yildan), keyinchalik "Shodlik" va "Lazgi" ansambllarida (1968—73) musiqa rahbari bo’lib faoliyat yuritgan. Qashqar rubobining mohir ijrochisi sifatida, uning ommaviylashuvi va repertuarining boyishiga katta hissa qoʻshgan. Bastakorlik faoliyatida yangicha talqin yo’llarini kashf etib, o’z maktabini yaratgan sanʼatkorlardan. Oʻzbek milliy (ayniqsa, Farg’ona—Toshkent) musiqa uslublariga tayanib, lirik va raqs kuylari ("Dildor I—II", "Bahor valsi", "Yangi tanavor", "Tong malikasi", "Dildor oʻynasin" va boshqalar), ashula, qoʻshiq va yallalar ("Mehnat ahli", "Koʻzlaring", "Surating", "Yor istab", "Qachon boʻlgʻay", "Yakka bu Fargʻonada", "Parvona boʻldim", "Shirmonoy", "Oltin sandiq" va boshqalar) yaratgan. M. bastalagan musiqalar oʻzining nafisligi, ohangdorligi, mazmuni va yorqin milliy ruhi bilan ajralib turadi. Konsert dasturlarida xalq ("Yallama yorim"), oʻzbek bastakor va kompozitorlari asarlari ("Koʻrmadim", D. Zokirov, "Lirik kuy", T. Jalilov va boshqalar)ni mahorat bilan, kuylarga ustalik bilan sayqal berib ijro etgan. Ugʻli - Shavkat M. (Muhammedov) — sozanda (qashqar rubobi) va bastakor. Oʻzbekistonda xizmat kursatgan artist, "Doʻstlik" ordeni bilan mukofotlangan (2000). "Oʻzbeknavo" davlat birlashmasida sozanda.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil