Muhammadjon Karimov
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Muhammadjon Karimov (1919.20.6 — Toshkent — 1998.26.7) — xonanda, Oʻzbekiston xalq hofizi (1992). Dutor, tanbur chalishni, mumtoz ashula yoʻllarini dastlab otasi Karimbobo, Noʻʼmonqori hofizlardan, maqom yoʻllarini Toʻychi hofiz, Domla Halim kabi ustozlardan oʻrgangan. Oʻzbekiston sanoat kengashi qoshidagi ashula va raqs ansamblida yakkaxon xonanda (1935— 39), Xorazm viloyati teatri, Chorjoʻy oʻzbek teatri, Mirzachoʻl teatrlarida ashulachi va aktyor (1939—1942). 2- jahon urushi qatnashchisi (1942—44). Oʻzbekiston radioqoʻmitasining milliy musiqa ansambli (1944—45), "Maqom" ansamblida xonanda (1960-y.lari), Toshkent shahri turli musiqa maktablari va sanʼat muassasalarida yoshlarga anʼanaviy ashulachilik sirlarini oʻrgatgan. Repertuaridan maqom yoʻllari ("Dugoh", "Segoh", "Bayot 1 — U","Chorgoh" va b.), oʻzbek ashula va katta ashulalar ("Samarqand Ushshogʻi", "Toshkent Irogi", "Girya", "Naylarman", "Qalandar I, II", "Layli va Majnun", "Ulkim jonon", "Ayrilmasun" va b.), oʻzbek bastakorlari asarlari ("Sayyora", Hamza; "Raʼnolanmasun", Yu. Rajabiy; "Munojot", I. Ikromov; "Figʻonkim", A. Ubaydullayev va b.), shuningdek, oʻzi musiqa bastalagan qoʻshiqlar: "Kel, ey dilbar" (Mashrab), "Kaʼbam onam" (Ibrohim Adham), "Derlar" (Huvaydo) va b. oʻrin olgan. K. tiniq, kuchli va nihoyatda jozibali ovoz sohibi. Uning ijro uslubi oʻziga xos dardmandlik, yurakdan joʻshib aytish, chuqur falsafiy mazmun, har bir soʻzini aniq, dona-dona qilib aytish bilan ajralib turadi. K. ijro etgan ashulalari Toshkent gram-yozuv studiyasi tomonidan bir necha plastinkada chiqarilgan ("M. Karimov kuylaydi", 1969, 1980, 1983 va b.), Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi tomonidan uning ijodiga bagʻishlangan 2 videofilm suratga olingan ("Muhammadjon Karimov kuylaydi", 1991; "Munojot", 1997).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |